Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:25

Qoraqo‘tanda o‘nlab g‘ayriqonuniy oltin qazuvchi kon ostida qoldi, kamida 1 kishi o‘ldi


Paxtachi tumanidagi g‘ayriqonuniy oltin yuvish qo‘lbola sexlaridan biri
Paxtachi tumanidagi g‘ayriqonuniy oltin yuvish qo‘lbola sexlaridan biri

16 yanvar kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Qoraqo‘tan oltin konining Paxtachi tumanidagi tashlandiq shaxtasida g‘ayriqonuniy oltin qidirish bilan mashg‘ul bo‘lgan bir necha o‘n odamni tosh bosib qoldi, kamida 1 kishi halok bo‘ldi.

Voqeadan xabardor paxtachiliklardan biri Ozodlikka yuborgan bu xabarni Paxtachi tuman hokimligi mulozimi tasdiqladi.

Xabarlarga ko‘ra, ayni paytda kon ostida qolgan boshqa odamlarni qidirish ishlari davom etyapti.

Қорақўтанда ўнлаб ғайриқонуний олтин қидирувчини тош босиб қолди, бир киши ўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:51 0:00
Бевосита линк

Paxtachi tumanining Toma mahallasida yashagan 24 yashar yigitning oltin qidirish chog‘ida tosh bosib halok bo‘lganini, ismi sir qolishini so‘ragan huquq-tartibot idoralaridan birida ishlaydigan mulozim tasdiqladi:

“Bu yigitning ismini bilmayman. Toma qishlog‘idagi Farhod aka degan odamning 1984 yilda tug‘ilgan o‘g‘li ekan. Bugun janozasi bo‘ldi. Hozircha tasdiqlanmagan ma’lumotga ko‘ra, boshqa tumandan bo‘lgan yana bir odamning o‘ligini ham olib chiqishgan. Men suhbatlashgan odamlarning aytishlaricha, tashlandiq konda qariyb ellik nafar g‘ayriqonuniy oltin qazuvchilar bo‘lgan. Shulardan qariyb o‘ttiz nafari qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Hozir odamlarning o‘zlari qolganlarni qutqarish bilan mashg‘ul ekan. Bu haqda militsiyaga xabar berilmagan. Rasmiy murojaat bo‘lmagani uchun militsiya eshitsa ham, bu ishga aralashmayapti”, dedi mulozim.

Paxtachi tuman ichki ishlar bo‘limining navbatchisi Ozodlik bilan suhbatda bu voqeadan xabari yo‘qligini aytdi:

“Bizga bu haqda xabar kelmagan, murojaat ham qilishmagan”, dedi navbatchi inspektor.

Paxtachi tuman hokimligining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi esa bu xabarni tasdiqladi:

“Biz ham eshitdik bu voqeani. Bunday voqealar bo‘lib turadi. Odamlar g‘ayriqonuniy ish qilgani uchun o‘lim holati bo‘lsa ham indamay olib ketishadi, militsiyaga yoki qutqaruvchilarga xabar berishmaydi. "Mahalla" jamg‘armasi faollaridan birining menga aytishicha, haqiqatan ham bugun Toma mahallasida tosh bosib o‘lgan yigitning janozasi bo‘lgan ekan. Men olgan ma’lumotga ko‘ra, yana to‘rt kishi kasalxonaga olib ketilgan, ularning ikki nafarining ahvoli og‘ir, deyishyapti”, dedi hokimlik mulozimi.

Uning aytishicha, bu tashlandiq konga oltin qidirgani O‘zbekistonning hamma mintaqasidan odam keladi:

“Paxtachining yarmi o‘sha yerda hozir. Qo‘shni tumanlardan, Navoiydan, hatto vodiydan ham keladi odamlar. Hech kim eplay olmayapti. Militsiya ham tashlashdi bo‘lmadi, qora maska ham bosdi bo‘lmadi, tovar bor, xaridor bor. Ishsiz odamlarning hammasi o‘sha yerda”, dedi mulozim.

G‘ayriqonuniy oltin qazuvchilar bilan tanish bo‘lgan paxtachiliklardan birining aytishicha, bundan to‘rt yil avval Qoraqo‘tanga tutash qishloqlardagi g‘ayriqonuniy oltin yuvadigan tsexlarni “qora niqobli”lar bosganidan so‘ng, bir muddat bu ish to‘xtagan edi:

“O‘shanda avtomatlar bilan qurollangan qora maskalilar ellikdan ortiq odamni ushlab ketgan, uylaridagi oltin yuvish qo‘lbola uskunalarini musodara qilishgan edi. Keyin taxminan 3-4 oy odamlar qo‘rqib, oltin qazishga chiqmay qo‘ygan edi. Lekin yana avvalgi holat qaytdi. Odamlar qo‘rqmay 80-100 metr chuqurlikdagi shaxtaga tushib ketishadi. U erdan ruda qazib olishadi va bu rudani maxsus qo‘lbola sexlarda yuvib, ichidan oltinni ajratib olishadi. Bu oltinning maxsus xaridorlari bor. Aytishlaricha, asosiy xaridorlar Toshkentdan kelar ekan”, dedi manba.

Qoraqo‘tan oltin koni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli bo‘lib,ilgari u yerdagi shaxtalardan tarkibida oltini bor ruda qazib olingan.

Ayni paytda bu shaxtalarning eksplutatsiyasi to‘xtatilgan bo‘lib, shaxtalarning kirish yo‘llari yopib tashlangan.

Lekin, g‘ayriqonuniy oltin qidiruvchilar bu shaxtalarni o‘zlari ochib, qo‘lbola usulda ruda qazib olib chiqadilar.

Bu ruda konga yaqin bo‘lgan, Ziyovuddin shaharchasi, Cheryomushka posyolkasi va Qarnoq ota degan qishloqlarda qo‘lbola tsexlarda yuviladi va noma’lum shaxslarga sotiladi.

Ozodlik radiosi Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi Qoraqo‘tan konida g‘ayriqonuniy guruhlar oltin qaziyotgani haqida avval xabar qilgan edi.

2014 yilning sentabr oyida Paxtachi tumanidagi Qoraqo‘tan oltin konida g‘ayriqonuniy ravishda oltin qazib oluvchilarni qora niqoblilar bosgan edi.

XS
SM
MD
LG