Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:17

Erining "Gvardeyskiy"da qiynoqqa solinganidan shikoyat qilgan ayol Prezidentdan javob kutayapti


Xizmat lavozimini suiiste’mol qilganlik va narkotik moddalar g‘ayriqonuniy savdosi bilan shug‘ullanganlikda ayblanib 14 yilga qamalgan o‘zbekistonlik sobiq militsiya zobitining turmush o‘rtog‘i erining tergov davomida milliy xavfsizlik xodimlari tarafidan tinimsiz qiynoqqa solinganini iddao qilmoqda.

Dilnoza Zokirbekova Ozodlik bilan suhbatda Toshkent viloyat Ichki ishlar boshqarmasida Narkotik moddalarning g‘ayriqonuniy savdosiga qarshi kurash bo‘limida mas’ul lavozimda ishlagan turmush o‘rtog‘i Sanjarbek Zokirbekov MXX xodimlari tarafidan qiynoqqa solingani yuzasidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoevning virtual qabulxonasiga ham shikoyat qilgani, lekin bir oy o‘tib ham javob olmaganini aytdi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining sobiq mulozimi, 37 yoshli mayor Sanjarbek Zokirbekov o‘tgan yilning mart oyida giyohvandlik moddalari savdosi hamda pora berish va olishda gumonlanib hibsga olingan edi.

Uning turmush o‘rtog‘i Dilnoza Zokirbekova Ozodlik bilan suhbatda hibsga olinganidan so‘ng erini Toshkentdagi "Gvardeyskiy", deb nom chiqargan Milliy Xavfszlik Xizmatining yerto‘lasida tergovchilar aybni bo‘yniga qo‘ydirish uchun yetti oy davomida qiynoqqa solishganini iddao qildi.

- Tergov davomida jismioniy va ruhiy tazyiqlar bo‘lganini u menga ham, o‘tgan oy sudda ham aytib berdi. MXX xodimlari uni qo‘lida naruchnik bo‘lgan xolda xushidan ketib qolgunicha do‘pposlashgan, urishgan. Shunday xolat bo‘lganki, uni yechintirib, tizzasida emaklatib yuritishgan. Tanasida haligacha qiynoq izlari, shramlar qolgan. Ayblarni bo‘yniga qo‘yish uchun qiynashgan, - deydi Dilnoza Zokirbekova.

Qamalgan sobiq militsiya zobitining advokati Muxtabar Hasanova ham o‘z mijoziga nisbatan tergov davomida qiynoq qo‘llanilgani, sud raisi esa qiynoqlar qo‘llanilgani haqidagi shikoyat va guvohlarning ko‘rsatmalarini inobatga olmaganini aytdi.

- Tergov davomida qiynoq va ruhiy bosimlar qo‘llanilganini aytgan. Bu haqda sudga ham shikoyat qilindi, sudga tanasidagi qiynoq belgilari, shramlari va ko‘kargan joylari ko‘rsatildi, lekin sudyyalar bu shikoyatlarni e’tiborsiz qoldirdi, - deydi Hasanova.

Sobiq ichki ishlar mulozimi Sanjarbek Zokirbekov O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 273-moddasi, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish, 210,211-moddalari pora berish va pora olish kabi moddalari bilan ayblanib, o‘tgan oy 14 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

- Biz prezidentdan sud hukmi qayta ko‘rib chiqilishiga yordam so‘raymiz, - deydi 14 yilga qamalgan militsiya sobiq zobitining rafiqasi Dilnoza Zokirbekova.

Uning va advokat Muxtabar Hasanovaning aytganlari yuzasidan Sanjarbek Zokirbekov ustidan ochilgan jinoyat va sud ishiga aloqador tomonlardan izoh olishning imkoni bo‘lmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab, o‘tgan oy o‘tkazilgan marosimdagi ma’ruzasida sud-tergov davomida qiynoq qo‘llash holatlariga alohida e’tibor qaratgan edi.

O‘shanda Mirziyoev militsiya va xavfsizlik tizimlaridagi qiynoqlarni nazarda tutib: "Qiynoq qo‘llashga o‘rgangan ko‘ngil o‘lganda qoladi", degan edi.

- Sud kim? Sud xalq tayinlagan, kafolatni menga xalq berdi. Men o‘z kafolatimdan foydalanib ularga ishonch qilyapman. Men ularga qonunni buz deganim yo‘q. Poraxo‘rlik qil, deganim yo‘q. Odamga besh yilning o‘rniga 25 yil ber, deb hech kim aytgani yo‘q unga. Lekin jamiyatimizda bunday illatlar bor. Hali davom etyapti. Bu adolatni joyiga qo‘yish uchun hammamiz birgalikda kurashishi vaqti soati keldi", - degandi Mirziyoev.

Мирзиëев терговда қийноқ ва руҳий тазйиқни тақиқлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:10 0:00

Prezident Mirziyoev o‘tgan oy "Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquqlari va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni ham imzolagan edi.

Farmonda qiynoq va ruhiy bosimlar ostida olingan dalillardan jinoyat ishlari bo‘yicha dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi ta’kidlangan.

- Prezidentimizni o‘zi aytayapti, qiynoq ostida olingan iqrorlardan dalil sifatida foydalanmaslik kerak, deb. Biz prezidentga ham bu haqda shikoyat qildik, javob bo‘lmadi. MXXdagilar erim ularni rayiga qaramasdan ish tutgani uchun jazolab, bo‘yniga qilmagan jinoyatni qiynoq yo‘li bilan qo‘ydirib, qamattirib yuboryapti, - deydi Zokirbekova.

Ammo huquq faollariga ko‘ra, prezidentning dekabrь oyidagi qiynoqlarga qarshi chiqishidan keyin ham amalda vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda.

Toshkentdagi Inson huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovga ko‘ra, tergov hibsxonalarida qiynoqlar qo‘llanayotgani haqidagi xabarlar shu kecha-kunduzda ham kelishda davom etmoqda.

- Bu yerda tizimli islohotlar zarur. Qiynoq qo‘llaganlarni qattiq jazolash ko‘zda tutilgan kuchli islohotlar zarur. Qog‘ozdagi farmonlar va quruq gaplar bilan vaziyatni o‘zgartirib bo‘lmaydi, - dedi Sur’at Ikromov.

O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar muntazam ekanini so‘nggi oylarda ozodlikka chiqarilgan mahbuslar ham ta’kidlaganlar.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston qamoqxonalarida qiynoqlar sistematik ekanini aytib, Toshkent hukumatini bunday holatlarga qarshi chora ko‘rishga chaqirib keladi.

XS
SM
MD
LG