Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:10

Avtobus halokatida 52 o‘zbekistonlik yonib ketdi. Mirziyoev maxsus komissiya tuzdi


Voqea joyidan olingan surat. Aqto‘be viloyati, 2018, 18 yanvar
Voqea joyidan olingan surat. Aqto‘be viloyati, 2018, 18 yanvar

18 yanvar kuni Samara-Chimkent avtoyo‘lining Qozog‘istondan o‘tadigan qismida avtobusda ketayotgan 52 nafar odam yonib ketdi. O‘zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, halok bo‘lganlarning barchasi O‘zbekiston vatandoshidir. Ushbu LIVE BLOG orqali voqea tafsilotlari kun davomida yangilab boriladi.

ШОШИЛИНЧ!!! Қозоғистонда автобусда 52 нафар ўзбекистонлик ёниб кетди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:50 0:00

Prezident Mirziyoev halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida ro‘y bergan, ko‘plab o‘zbekistonliklarning o‘limiga olib kelgan fojia munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev marhumlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Bu haqda «O‘zbekiston» telekanali «Axborot» dasturi xabar qildi.

Prezident Mirziyoev maxsus komissiya tuzdi

"O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoev topshirig‘i bilan bosh vazir rahbarligida maxsus hukumat komissiyasi tuzilgan. Uning tarkibidan Tashqi ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa muassasalar vakillari o‘rin olishgan", deb xabar qildi hukumatdagi manbasiga tayanib kun.uz.

Avtobus 2 yildan buyon texnik ko‘rikdan o‘tmagani aytildi

Qozog‘iston investitsiyalar va taraqqiyot vazirligiga tayanib, Ozodlik radiosi qozoq xizmatining xabar qilishicha, yonib ketgan avtobusning majburiy texnik ko‘rikdan o‘tish muddati 2016 yilning fevralida tugagan. Avtobusning noregulyar yo‘lovchi tashish litsenziyasi bo‘lmagan.

Yong‘inga qisqa tutashuv sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda

Bu haqda Ozodlikka Aqto‘be viloyat favqulodda vaziyatlar departamenti rasmiy vakili aytdi, dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, avtobusda yong‘in kelib chiqishiga qisqa tutashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi ehtimoli bor.

Avtobusda katta miqdorda yoqilg‘i tashilgan bo‘lishi ham mumkinligi inkor etilmayapti va avtobusning qisqa fursat ichida alanga qurshovida qolgani shu bilan izohlanishi mumkin.

Turkiya hamdardlik bildirdi

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlud Chovusho‘g‘li O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlariga avtobus halokati munosabati bilan hamdardlik bildirdi. O‘z hamdardligini vazir Tvitterdagi sahifasida e’lon qildi.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi halokat yuzasidan bayonot berdi

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yil 18 yanvar kuni Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida “Ikarus” rusumli yo‘lovchi avtobusi yongan mahal unda 55 yo‘lovchi va 2 haydovchi (Qozog‘iston fuqarolari) bo‘lgan, deb xabar qildi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi.

Besh kishi yonayotgan avtobusdan chiqib keta olgan. Bular 2 haydovchi va 3 yo‘lovchi bo‘lib, ulardan ikki nafari O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (Isakov Ahror, 1988 yil 14 aprelda tug‘ilgan va Mirzaaxmedov Isroiljon, 1980 yil 10 yanvarda tug‘ilgan). Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, falokat joyida vafot etganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari ham bor.

Aqto‘be viloyati hokimi o‘rinbosari rahbarligida viloyat Favqulodda vaziyatlar departamentida operativ shtab tashkil etilgan. Tezkor telefon raqamlari: +7 7132 56-29-62, +7 7132 56-68-85.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasida tezkor telefon raqamlari tashkil etilgan. Tel. + 7 777 218 20 10, elektron manzil: emb-uzbekistan1@mail.ru

Qozog‘iston idoralararo komissiya tuzdi

Halokat sabablarini o‘rganish va jabrlanganlar va ularning oilalariga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatish uchun Qozog‘istonda hukumat idoralararo komissiyasi tuzildi. Bu haqda Qozog‘iston IIV davlat tili va axborot departamenti direktori Almas Sadubaev ma’lum qilgan, deb xabar beradi Tengrinews.kz.

«Komissiya tarkibiga ichki ishlar vaziri o‘rinbosari E.Turgumbaev, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari A.Tsoy, investitsiyalar va rivojlantirish vazirligi rahbari o‘rinbosari R.Sklyar, Tashqi ishlar vazirligi departamenti direktori A.Madiev, huquq-tartibot organlari va boshqa soha vakillari kiritilgan», degan Sadubaev.

O‘zbekiston hukumati voqea joyiga samolyot jo‘natmoqda

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligidagi manbaga tayanib, kun.uzning xabar qilishicha, ayni paytda reys Toshkentdan uchishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

«Ayni shu daqiqalarda Toshkentdan reys amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligi avtobusda bo‘lgan fuqarolarning shaxsini aniqlash ustida ish olib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi tayyor turibdi, jamoa shakllantirilgan. Umumiy guruh tayyor bo‘lganida samolyot uchadi», - degan manba.

Aytilishicha, O‘zbekistondan jo‘natiladigan samolyot jasadlarni vatanga olib keladi.

Tirik qolganlarning shaxsi ma’lum qilindi

Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘indan omon qolgan 3 qozog‘istonlik va 2 o‘zbekistonlikning shaxsini ma’lum qildi. Janubiy Qozog‘iston viloyatida istiqomat qiluvchi 1985 yilda tug‘ilgan Maqsat Pernebekov, 1988 yilda tug‘ilgan Aror Iskakov, 1978 yilda tug‘ilgan Barat Tangatarov hamda O‘zbekiston fuqarolari - 1980 yilda tug‘ilgan Isroiljon Mirzahmedov va 1968 yilda tug‘ilgan Nurjon Qirg‘izboevlar tirik qolgan.

Yonib ketgan avtobusdagilarga qutqaruvchilar yordam ko‘rsatmoqda. 2018, 18 yanvar
Yonib ketgan avtobusdagilarga qutqaruvchilar yordam ko‘rsatmoqda. 2018, 18 yanvar

Yonib ketgan avtobus muntazam reyslarda qatnamagan

Aqto‘be viloyatida yonib ketgan avtobus Janubiy Qozog‘iston viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan, biroq u tumanlararo yoki viloyatlararo yo‘nalishlarda doimiy qatnovda bo‘lgan emas. Bu haqda Ozodlik radiosi qozoq xizmatiga Janubiy Qozog‘iston viloyat transport boshqarmasi bo‘lim mudiri Asan Jumabaev ma’lum qildi.

Halokatdan omon qolgan 2 kishi tanasi kuygani uchun kasalxonaga yotqizildi

Aqto‘be viloyat Irgiz tuman markaziy kasalxonasi bosh vrachi Jaskayrat Suleymanovga tayanib, Ozodlik radiosi qozoq xizmatining xabar qilishicha, avtobus yong‘inida 52 halok bo‘lgan. Tirik qolgan 5 kishidan 2 nafari tanasi kuygani uchun kasalxonaga yotqizilgan, qolgan 3 kishi tibbiy yordamga muhtoj bo‘lmagan.​

Voqea joyida olingan surat. 2018, 18 yanvar
Voqea joyida olingan surat. 2018, 18 yanvar

Halokatda tirik qolgan 5 kishiga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, avtobus salonida 55 yo‘lovchi va 2 haydovchi (dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra O‘zbekiston fuqarolari) bo‘lgan. Ulardan besh nafariga Qozog‘iston IIV favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi Halokatlarga tibbiy yordam ko‘rsatish markazi tomonidan tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Qolgan 52 kishi voqea joyida halok bo‘lgan.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi xodimlari voqea joyida yordam ko‘rsatish uchun Irg‘iz tumaniga yuborildi

Bu haqda O‘zA axborot agentligi xabar qildi.

Aqto‘be viloyati Favqulodda vaziyatlar departamentida operativ shtab ish boshladi

Bu haqda Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib, Tengrinyus xabar qildi.

Operativ shtab qoshida vrachlar telefon orqali psixologik yordam ko‘rsatajagi xabar qilindi.

Tezkor telefon nomerlari:+7 7132 56-29-62, +7 7132 56-68-85.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi "Tezkor raqam" e’lon qildi

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) qozog‘istonlik hamkasblariga tayanib xabar qilishicha, voqea 18 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan ertalabki soat 9:30da Akto‘bo‘ viloyati Irgiz tumani hududidan o‘tuvchi "Samara-Toshkent" avtomobil yo‘lining 1068 kilometrida Kaliboy aholi yashash punktidan 10 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan.

Yong‘in kelib chiqqan “Ikarus” rusumli avtobusi salonida jami 57 nafar fuqaro bo‘lgan, ulardan 55 nafari O‘zbekiston va 2 nafari Qozog‘iston vatandoshlari bo‘lgan. Yong‘in natijasida 52 nafar kishi halok bo‘lgan, 5 kishi jabrlangan.

O‘zbekiston rasmiy saytida voqea bo‘yicha "tezkor raqam"lar e’lon qilindi:

O‘zbekiston FVVdagi "Tezkor raqam"lar: +998 71 147-10-50
va +998 71 212-67-00.

Qozog‘iston IIV FVQdagi “Tezkor raqam”lar: + 7 7132 56 29 62
va + 7 7132 56 68 85.

Shoshilinch xabar

Samara-Chimkent avtoyo‘lining Qozog‘istondan o‘tadigan qismida avtobusda ketayotgan 52 nafar odam yonib ketdi. Ularning barchasi O‘zbekiston vatandoshi bo‘lgani xabar qilinmoqda.

Bu haqda “Kazinform” axborot agentligi 18 yanvar kuni huquq-tartibot tuzilmalariga tayangan holda xabar berdi.

Ammo qator agentliklar hozircha yonib ketganlarning vatandoshligi bo‘yicha ma’lumot berishdan tiyilmoqda.

Xabarda aytilishicha, Akto‘bo‘ viloyatida yuz bergan mazkur fojeada jami 57 odam jabrlangan. Ularning 52 nafari halok bo‘ldi, 5 nafari esa yonayotgan avtobusdan qochib chiqishga ulgurgan.

Avtobus Samara-Shimkent yo‘lining Kalibay posyolkasidan 10 kilometr, Akto‘bo‘dan 320 kilometr uzoqlidan o‘tuvchi qismida yonib ketgan.

Voqea joyiga Irgiz tuman halokatlar meditsinasi va yong‘in o‘chirish xizmati xodimlari jo‘natildi.

Akto‘bo‘ viloyat Favqulodda holatlar departamentida viloyat hokimi o‘rinbosari rahbarligida operativ shtab va psixologik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Novosti agentligining bildirishicha, avtobus ertalabki soat 10:30da yonib ketgan.

XS
SM
MD
LG