Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:59

Kon ostida qolgan 30 oltin izlovchi qutqarildi, FVV shaxtani yopib tashladi


Tarkibida oltin bo‘lgan ruda tegirmonda un qilinib ana shu tarzda yuviladi
Tarkibida oltin bo‘lgan ruda tegirmonda un qilinib ana shu tarzda yuviladi

Samarqand viloyat, Paxtachi tumanidagi Qoraqo‘tan oltin konida tosh bosib halok bo‘lgan g‘ayriqonuniy oltin izlovchi yigitning o‘limi haqidagi Ozodlik xabaridan so‘ng, Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyat boshqarmasi xodimlari voqea joyiga borib vaziyatni o‘rgandi.

Ozodlik 17 yanvar kungi materialida kon ostida 30 dan ortiq oltin qazuvchi qolib ketgani, ularni yaqinlari qutqarishga urinayotgani haqida xabar qilgan edi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining viloyat boshqarmasi rasmiysiga ko‘ra, vazirlik qutqaruvchilari voqea joyiga yetib borgach, konda hech kim qolmaganini aniqlagan.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Samarqand viloyat boshqarmasining o‘zini tanishirmagan mulozimiga ko‘ra, g‘ayriqonuniy oltin qazuvchilarning o‘limi sodir bo‘lgan Qoraqo‘tan oltin konining davlat tomonidan foydalanib bo‘lingan shaxtasi og‘zi yopib tashlangan:

“Noqonuniy oltin izlovchilarning shaxta bosib qolgani haqidagi xabarni biz keyin eshitdik va xodimlarimizni o‘sha yerga yubordik. Chunki, ular javobgarlikdan qo‘rqib, noqonuniy ish qilishgani uchun bizga xabar bermagan. Bizning xodimlar yetib borganda, 17 yanvar kuni bir kishining o‘ligi kavlab olinib, darhol ko‘milganini, 3 kishi turli jarohatlar olganini, lekin ular shifokorga murojaat qilmaganini aniqlagan. Xodimlarimiz shaxtada boshqa odam qolmaganini aniqlagandan so‘ng, kiradigan joyni buldozer bilan yopib tashlagan”, dedi mulozim.

Paxtachi tumanining Toma qishlog‘idagi mahalla faollaridan biri militsiya va FVV xodimlari voqea sodir bo‘lganidan so‘ng bir kun o‘tib voqea joyiga borganini aytdi:

“Militsiya xodimlari va MChS bir kundan so‘ng u yerga borishgan. Aytishlaricha, tosh bosib shaxta yo‘lini yopib qo‘yganlarning yaqinlari o‘zlari yo‘l ochib qolganlarni chiqarib olishgan. Qariyb o‘ttiz kishi qutqarilgan”, dedi mahalla faoli.

Qutqarilgan yigitlardan biri do‘stining Ozodlikka aytishicha, oltin qidiruvchilarning halokatiga to‘sinlardan birining qulashi sabab bo‘lgan:

“O‘rtog‘imning aytishicha, ular 200-300 metr uzunlikdagi, labirintday bo‘lib yotgan shaxtaning ichiga kirib, ruda qazishga kirishishgan. Bu foydalanib, ishlab chiqarish to‘xtatilgan va tashlab ketilgan shaxta. Uning ichiga ko‘zni achishtiradigan qandaydir narsa sepib ketishadi ekan. Bular esa, himoya vositalarini taqib kirishgan. Davlat ishchilari, shaxtani tomi tushib ketmasligi uchun har joyda tog‘ jinslaridan tabiiy ustun qoldirishadi ekan. Bulardan qaysi biri ana shu ustunlardan bittasini sindirib ruda olmoqchi bo‘lgan ekan, tepa tushib ketibdi. Toshu tuproq yo‘lni yopib qo‘yibdi. Kimnidir bosib qopti, kimdir qochishga uluguribdi, qolganlarni keyin chiqarib olishibdi. Uning aytishicha, ikki kishi o‘lgan. Ulardan biri Toma qishlog‘idan, ikkinchisi Sultonobod qishlog‘idan”, deydi paxtachiliklardan biri.

Uning aytishicha, o‘sha paytda ichkarida o‘ttizdan ortiq odam bo‘lgan.

Paxtachi tumanida yashaydigan Ozodlikning boshqa manbasi ham qurbon bo‘lganlar ikki nafar bo‘lganini aytdi:

“Bugun mahalladoshlarim bilan gaplashdim. Ular kecha kondan yana bir yigitning jasadini olib kelishganini va 18 yanvar kuni janozasi bo‘lganini aytishdi”, deydi manba.

Ammo, Toma qishlog‘idan bo‘lgan 24 yashar yigit o‘lganini tasdiqlagan rasmiy manbalar, yana bir kishi bu voqeada o‘lganini tasdiqlamadi.

Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, g‘ayriqonuniy oltin izlovchilardan ikki nafari qo‘lga olinib, ushbu voqea yuzasidan so‘roq qilinayotganini aytdi.

Qoraqo‘tan oltin koni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli bo‘lib, ilgari u yerdagi shaxtalardan tarkibida oltini bor ruda qazib olingan.

Ayni paytda bu shaxtalarning eksplutatsiyasi to‘xtatilgan va shaxtalarning kirish yo‘llari yopib tashlangan.

Lekin, g‘ayriqonuniy oltin qidiruvchilar bu shaxtalarni o‘zlari ochib, qo‘lbola usulda ruda qazib olib chiqadilar.

Bu ruda konga yaqin bo‘lgan, Ziyovuddin shaharchasi, Cheryomushka posyolkasi va Qarnoq ota degan qishloqlarda qo‘lbola tsexlarda yuviladi va noma’lum shaxslarga sotiladi.

Ozodlik radiosi Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi Qoraqo‘tan konida g‘ayriqonuniy guruhlar oltin qaziyotgani haqida avval xabar qilgan edi.

2014 yilning sentabr oyida Paxtachi tumanidagi Qoraqo‘tan oltin konida g‘ayriqonuniy ravishda oltin qazib oluvchilarni qora niqoblilar bosgan edi.

XS
SM
MD
LG