Линклар

Шошилинч хабар
16 август 2018, Тошкент вақти: 09:04

Asr oxirigacha global harorat shu paytgacha aytilganchalik ko‘tarilmasligi mumkin


Olimlar global harorat ko‘tarilsa, Antarktida muzliklari erib ketishidan xavotirda.

Chorshanba kuni Nature jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada yozilishicha, global o‘rtacha harorat 2100 yilgacha 4-5 darajaga ko‘tarilishi ehtimoldan xolidir.

Agar bu hisob-kitob to‘g‘ri bo‘lsa, BMTning global harorat o‘sishi bo‘yicha eng yomon bashoratlari xato bo‘lishi mumkin.

Hisobot mualliflarining yozishicha, issiqxona gazlarining asr yakunigacha sayyoradagi o‘rtacha haroratga ta’siri yangidan hisoblab ko‘rilganda, natija avvalgidan ikki barobarga oz chiqqan.

Olimlar atmosferadagi karbonat angidrid miqdori ikki barobarga oshsa, o‘rtacha harorat necha darajaga ko‘tarilishini aniqlashga urinib keladi. BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi so‘nggi 25 yil ichida bu ko‘rsatkich 1,5-4,5 darajani tashkil qilishi mumkinligini taxmin qilib keladi.

Ammo yuqorida tilga olingan izlanish mualliflaridan biri, Ekseter universiteti professori Piter Koks yangi metodologiya yordamida harorat 2,2-3,4 darajagagina ko‘tarilishi mumkinligi aniqlanganini bildirdi. Koks yetakchiligidagi olimlarning hisoblariga ko‘ra, o‘rtacha temperatura 2,8 darajaga ko‘tarilishi mumkin.

Agar bu yangi hisoblar to‘g‘ri bo‘lsa, bundan oldin qilingan dahshatli bashoratlar ehtimoldan xolidir.

Izlanishda ishtirok etmagan bir necha mutaxassis uning metodologiyasi ustuvor, natijalari esa ishonarli ekanligini bildirishdi.

Ammo yangi izlanish natijalari iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdan voz kechish kerakligini anglatmaydi.

Dunyoning 174 davlati tarafidan 2016 yilda imzolangan iqlim bo‘yicha Parij bitimi unga qo‘shilgan barcha davlatlar zimmasiga atmosferaga zaharli gazlarni kamroq chiqarish mas’uliyatini yuklaydi. Bitim kelajakda global o‘rtacha haroratni 2 darajadan oshirmaslikka, iloji bo‘lsa uni 1,5 daraja isishigagina yo‘l qo‘yishga chorlaydi. Ammo 1,5 daraja o‘zgarish ham salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

XS
SM
MD
LG