Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:39

Toliblar Kobuldagi mehmonxonaga hujum qildi, kamida 30 kishi o‘ldi (VIDEO)


Hotel International mehmonxonasiga hujum, 21 yanvar tongi, 2018 yil
Hotel International mehmonxonasiga hujum, 21 yanvar tongi, 2018 yil

Qurollangan bir guruh jangari 20 yanvar oqshom Kobuldagi muhtasham mehmonxonalardan biriga hujum qildi. Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi bergan xabarga ko‘ra, 12 soat davom etgan otishmadan kamida uch hujumchi o‘ldirilgan, mehmonxonada qolib ketgan 150 kishi qutqarilgan.

22 yanvar kuni ertalab berilgan rasmiy xabarga ko‘ra, Hotel Intersontinental mehmonxonasiga hujum qilgan Tolib jangarilari bilan otishmada tinch aholidan 30 kishi qurbon bo‘lgan.

Qurbonlar orasida 14 chet ellik, mehmonxona va xavfsizlik kuchlari xodimlari bor.

Halok bo‘lgan xorijliklardan 6 nafari Ukraina vatandoshidir. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ham halok bo‘lganlar orasida qozog‘istonliklar borligini bildirdi. Biroq ularning soni qancha ekani xabar qilinmadi.

Xabarda aytilishicha, halok bo‘lgan xorijliklarning 11 nafari KamAir aviashirkatining xodimi bo‘lgan.

Bu hujum uchun mas’uliyatni Toliblar o‘z zimmasiga oldi.

20 yanvar mahalliy vaqt bilan oqshom soat 9lar atrofida qilingan hujum chog‘ida mehmonxonada 150 nafardan ortiq odam bo‘lgan, bular sirasida 40 nafar xorijlik ham bor edi.

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Najib Donishga ko‘ra, avvaliga qurollangan hujumchilarning soni 4 nafar ekani haqidagi xabarlar kelgani uchun, xavfsizlik kuchlari mehmonxonani birma-bir tekshirib chiqqan.

Ichki ishlar vaziri Vais Barmoqning Ozod Yevropa/Ozodlik radiosiga bildirishicha, ushbu mehmonxona xavfsizligini ta’minlash 2 hafta muqaddam xususiy shirkatlardan biriga berilgan edi.

Jarohatlangan holda qochishga muvaffaq bo‘lgan mehmonxona menejeri Ahmad Naris Noyobning Reuters agentligiga aytishicha, qurollangan shaxslar, avvaliga, mehmonxonaning oshxonasiga bostirib kirgan va mehmonlarni o‘qqa tutgan.

AFP agentligiga telefon orqali ma’lumot bergan mehmonlardan biri, otishma ovozi birinchi qavatdan kelayotgani, ularning o‘zi esa xonaga berkinib, maxsus kuchlarning qutqarishiga umid qilayotganini aytdi.

Ichki ishlar vaziriligi rasmiysi Nusrat Rahimiyga ko‘ra, o‘sha kezda mehmonxonada to‘y o‘tkazilayotgan bo‘lgan va otishma paytida to‘yga kelganlarning hammasi sog‘-omon jon saqlagan.

Rahimiyga ko‘ra, jangarilar mehmonxonaning oshxonasi va 3 qavatiga o‘t qo‘ygan. Afg‘on telekanallarida berilgan videoda 21 yanvar tongida Hotel International mehmonxonasidan ko‘kka o‘rlayotgan olov aralash tutun aks etdi.

Bu mehmonxona 2011 yilning iyun oyida ham jangarilar hujumiga uchragan va o‘shanda 21 kishi o‘lgan, ularning kamida 10 nafari tinch aholi vakili edi.

XS
SM
MD
LG