Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:52

BMT Xavfsizlik Kengashi Turkiyaning Suriyadagi amaliyoti bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi


Turkiya qo‘shinlari Suriyaning Afrin viloyatida harbiy mashqlar boshladi.
Turkiya qo‘shinlari Suriyaning Afrin viloyatida harbiy mashqlar boshladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Suriyaning Afrin viloyatidagi gumanitar vaziyatni muhokama qilish uchun yig‘ilish o‘tkazmoqchi. Bunga Turkiya qo‘shinlari va harbiy uchoqlarining kurdlar nazoratidagi anklavda harbiy amaliyot boshlagani sabab bo‘ldi.

Fransiyaning iltimosiga ko‘ra, 22 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:30 da Nyu-Yorkda yopiq muzokara o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Muzokara chog‘ida Suriya hukumatining Idlib viloyati va Sharqiy G‘utadagi harbiy amaliyotlari ham muhokama qilinadi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drianning aytishicha, mamlakati hukumati Afrindagi “vaziyatning shafqatsiz tarzda yomonlashuvi”dan xavotir bildirmoqda. Inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari turk qo‘shinlari o‘tkazgan 24 soatlik amaliyot chog‘ida kamida 18 kishi halok bo‘lganidan xabar berdi.

Turk qo‘shinlari 20 yanvar kuni AQSh dastaklayotgan Kurd mudofaa otryadlarini (YPG) Afrindan haydab chiqarish uchun harbiy mashqlar boshladi. Turkiya Qo‘shma Shtatlarning bunday xatti-harakat o‘sha joydagi vaziyatni beqarorlashtirishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishiga ham quloq osmadi.

Turklar YPG’ni o‘z mamlakatida taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi bilan aloqa (PKK) qilayotganlikda ayblamoqda. Ushbu tashkilot Turkiya sharqida 30 yildan oshiq vaqtdan beri isyon ko‘tarib keladi. PKKni Turkiya, Qo‘shma Shtatlar va Yevropa Ittifoqi terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydi.

Turkiya bosh vaziri Binali Yildirimning 21 yanvar kuni aytishicha, mamlakat qo‘shinlari rasmiy Anqara e’lon qilgan harbiy amaliyotning ikkinchi kuni Suriya chegarasini kesib o‘tdi.

Bosh vazirga ko‘ra, YPG Turkiya shaharlariga qarata 11 ta raketa uchirdi. Raketa hujumlari oqibatida bir chegara qishlog‘ida yashab turgan suriyalik qochqin halok bo‘ldi va 47 kishi yaralandi.

Turkiya hukumati bildirishicha, mamlakat qo‘shinlari Ozod Suriya armiyasi (OSA) bilan birga hujum qilmoqda. Ushbu armiya Suriya prezidenti Bashar Asadni hokimiyatdan chetlatishga intilmoqda. Uni Turkiya harbiylari dastaklamoqda.

Hujumga jalb etilgan turk qo‘shinlari soni qancha ekani aytilmayapti.

OAVning Yildirimga iqtibosan ma’lum etishicha, harbiy amaliyotdan ko‘zlangan maqsad Turkiyaning chegarasidan boshlab Suriya ichkarisidagi 30 kilometrlik hududda xavfsizlik zonasi barpo qilishdir.

“Qonuniy xavotirlar”

Qo‘shma Shtatlar 21 yanvarda tarqatgan bayonotida Turkiyani “qamrovi va vaqti cheklangan” amaliyot o‘tkazishga da’vat qildi.

AQSh mudofaa vaziri Jim Mettis alohida tarqatgan bayonotida NATOdagi ittifoqchisi bo‘lmish Turkiyaning Suriya bilan bog‘liq “qonuniy” xavotiri borligini aytdi. Vazirning aytishicha, AQSh hukumat rahbarlari Turkiya o‘tkazadigan amaliyot haqida oldindan bildiruv olgan edi.

Suriyaning davlatga qarashli axborot vositalari 20 yanvar kuni tarqatgan xabarlarida bildirilishicha, hukumat “Afringa Turkiya tajovuzi” deb atalayotgan amaliyotni qoraladi. Eron bilan Misr ham Turkiya amaliyotini tanqid qilib chiqdi.

Turkiya mudofaa vazirligi vakillari ushbu mamlakat artilleriyasi va harbiy uchoqlari Kurd jangarilariga qarashli 153 ta boshpana, pana joy va qurol-aslaha omborini nishonga olganini aytdi. Suriyaning Kurd demokratik ittifoqi partiyasi hamraisi Solih Muslim Turkiyaning Afrin viloyatidagi harbiy amaliyoti xususida shunday fikr bildirdi:

– Afringa qarshi o‘ta shafqatsiz hujumning guvohi bo‘lib turibmiz. O‘zingiz ham eshitdingiz, ular Afrin atrofiga harbiy uchoqlardan bomba yog‘dira boshladi. Afrin aholisi va o‘sha yerdagi kurd xalqi – hatto u yerda istiqomat qiluvchi kurdlar, arablar va turkomanlar – o‘zini himoya qilishi va shafqatsiz hujumlarga qarshi turishi zarur.

Turkiya hukumati vakillari qurbonlar bo‘lganini tan oldi, ammo ularning barchasi kurd militsiyasi vakillari ekanini bildirdi.

Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdo‘g‘an Afrinda “Zaytun shoxi” harbiy amaliyoti boshlanganini, undan so‘ng Manbij yaqinida yana bir amaliyot bo‘lib o‘tishini xabar qildi.

Erdo‘g‘an harbiy amaliyotdan ko‘zlangan maqsad haqida fikrini bayon qildi:

– Maqsadimiz nima? U quyidagicha. Mamlakatimizda 3,5 million suriyalik bormi? Bor. Maqsadimiz 3,5 million suriyalik birodarimizni hududimizdan o‘z vataniga qaytarib yuborishdir.

U Suriya shimolidagi AQSh dastaklayotgan kurd qo‘shinlariga qarata shunday dedi:

– Orqamizda Amerika turibdi va u bizga qurol-yarog‘ yuboradi, degan taqdiringizda ham Turkiyani, turk millatini hech qachon yenga olmasligingizni bilib qo‘ying.

Erdo‘g‘onni muxolifatdagi Xalq demokratik partiyasining Suriya shimolidagi harbiy amaliyotlariga qarshi norozilik namoyishlariga chiqish to‘g‘risidagi da’vati ham befarq qoldirmadi:

– Agar kimda-kim o‘sha da’vatga javoban ko‘chaga chiqadigan bo‘lsa, men ularga bir gapni aytib qo‘ymoqchiman: bu sizlarga juda qimmatga tushadi. Bu – biz uchun milliy kurash, yo‘limizga to‘g‘anoq bo‘lgan hech bir kishini ayab o‘tirmaymiz. Buni hamma bilib qo‘yishi kerak.

Rossiya Mudofaa vazirligi “potensial ig‘voning oldini olish va rus harbiy xizmatchilarining hayotiga xavf tug‘ilishini istisno qilish” maqsadida qo‘shinlarini Afrin hududidan olib chiqqanini e’lon qildi.

Rossiyaning davlatga qarashli RIA Novosti axborot agentligi, Moskva Birlashgan Millatlar Tashkilotida Turkiyadan amaliyotni to‘xtatishni talab qiladi, degan xabarni tarqatdi.

Rossiyadan tashqari yana Eron Suriyadagi fuqarolar urushida Asadni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ayni choqda Qo‘shma Shtatlar bilan Turkiya markaziy hukumatga qarshi urishayotgan turli isyonchi guruhlar yonini olmoqda.

XS
SM
MD
LG