Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 09:20

Tojikiston masjidlariga daromadlari borasida hisob berish topshirildi


Tojikistonda masjid, cherkov va sinagoglar 22 yanvardan boshlab hukumat organlariga o‘z daromadi, mol-mulki va diniy jamoat xodimlari maoshi borasida hisobot berishlari shart.

Bunday o‘zgartirishlar “Diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi” qonuniga kiritildi.

Tojikistonda mavjud masjidlar, cherkovlar va yagona sinagog dindorlarning ixtiyoriy xayriyalari hisobiga faoliyat qiladi.

Masjid imomlari aqiqa, nikoh va janoza marosimlarini o‘tkazib berganliklari uchun haq olishadi.

Tojikiston qonunchiligiga ko‘ra, din davlatdan ajralgan.

Ammo, bunga qaramay, 2014 yildan boshlab hukumat jome’ va juma masjidlari imomlariga davlat xizmatchisi sifatida maosh to‘lay boshladi.

Masalan, Tojikiston muftiysi 2 ming somoniy (taqriban 250 AQSh dollari), jome’ masjidi imomi 1500 ming somoniy (taqriban 150 AQSh dollari) va juma masjidi imomi 800 somoniy (taqriban 80 dollar) miqdorida maosh oladi.

Hukumatning mazkur qarori jamiyatda noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Tahlilchilar fikricha, din davlatdan ajralgan ekan, davlat byujetidan din xodimlariga maosh to‘lash Tojikiston Konstitutsiyasiga xilofdir.

Hukumat qarorida cherkov va sinagog xodimlariga maosh to‘lash ko‘rsatilmagan.

Oldin islomiy, nasroniy va yahudiy dinlari ibodatxonalari barcha soliqlardan ozod etilgan edi.

“Diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi” qonuniga kiritilgan o‘zgarishlar ortidan dindorlar bunday imtiyozdan mahrum bo‘ldi.

Ayni damda, diniy masalalar tahlilchisi Faridun Hodizoda Tojikiston hukumatining mazkur qarorini qo‘llab-quvvatladi.

“Diniy ibodatxonalarda suiste’mollik yoki poraxo‘rlikka yo‘l qo‘ymaslik, ushbu diniy tashkilotlarni faoliyati shaffof bo‘lishi uchun masjid, cherkov va boshqa ibodatxonalar o‘z faoliyati borasida hisobot berishlari lozim”, dedi Faridun Hodizoda.

Uning iddao qilishicha, masjidlarda rasman hisobga olinmagan daromadlar juda ko‘p. Masalan, "chorshanba va juma kunlarida kӯp dindorlar, ayniqsa ayollar masjidga oziq-ovqat yoki pul keltirib, duo olishadi", dedi suhbatdosh.

Tojikistonda 4 mingdan ortiq masjid, 72 cherkov va bitta sinagoga mavjud.

Amerika Davlat Departamenti o‘zining diniy erkinliklar borasidagi 2017 yilgi hisoboti orqali Tojikistonda diniy tashkilotlar davlat nazorati ostida ekani va diniy faoliyatda cheklovlar mavjudligini tanqid qilgan edi.

XS
SM
MD
LG