Линклар

Шошилинч хабар
19 ноябр 2018, Тошкент вақти: 22:41

Farg‘onalik ba’zi jurnalistlar so‘kong‘ich hokimni himoyalab chiqishdi


Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev.

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning Toshloq tumani aholisini "haromilar" deb so‘kkani ijtimoiy tarmoqlarda g‘azab bilan qarshilangach, viloyatdagi ayrim jurnalistlar so‘kong‘ich hokimni himoyalab chiqdi. Hokim G‘aniev majlisda 16 nafar toshloqlik Aqto‘beda halok bo‘lib, Farg‘ona viloyatini sharmanda qildi, deya tuman ahlini "haromilar" deb haqoratlagandi.

Farg‘ona viloyat hokimligining “Farg‘ona haqiqati” gazetasi bosh muxarriri Gulbahor Said G‘ani Facebook sahifasida “Farg‘ona aholisi nomidan murojaati”ini e’lon qilib, tarmoqda hokimni nohaq ayblayotganliklari haqida yozdi.

“Siz g‘azabingiz kelganda nimalar demaysiz? Albatta, yuz foiz haq, shunday deyish kerak demoqchimasmiz. Qolaversa, selektor yig‘ilishi rahbarlarning ichki masalasi hisoblanadi. Shu yozuvni tarqatgan “rahbarcha” o‘ziga gunoh orttirib qo‘yibdi”, - deb yozdi jurnalist.

Jurnalist hokimning toshloqliklarni haqorat qilgani yozilgan audio internetga qo‘yilgani uchun esa, chet eldagi jurnalistlarni aybladi.

“Ushbu audioyozuvni internetga qo‘yishdan kim manfaatdor? Albatta, birinchidan, buni katta bayram qiladiganlar muxolif fikrli chet el “jurnalistlari”. Chunki vatanni yomonlasa, cho‘ntagi qappayadi. Ularni boqib turgan Sem tog‘alar aqcha beradi. Ikkinchidan, O‘zbekiston xalqining birdamligi, jipsligini buzishga harakat qilganlarga kerak”, - deb yozdi Gulbahor Said G‘ani.

Aftidan, Farg‘ona viloyat hokimligining “Farg‘ona haqiqati” gazetasi bosh muxarriri Gulbahor Said G‘ani o‘zining mahalliy hamkasblari chiqishlarini kuzatmaydiganga o‘xshaydi. Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning toshloqliklarni haqoratlagani haqda birinchi bo‘lib mahalliy nashrlar yozdi.

Ozodlik jurnalistni suhbatga tortish uchun uning o‘ziga bog‘landi, lekin u band ekanini aytdi.

Farg‘onalik yana bir jurnalist Shuhrat Abdurasulov esa, Facebook sahifasida: "3 yarim million odam yashaydgan Farg‘ona viloyatining hokimi olib borayotgan siyosatini, islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Tashqaridan buzg‘unchilar tiqishtirayotgan har-xil ig‘volarga qo‘shilmang", - deb yozdi.

Farg‘ona viloyat hokimining matbuot kotibi Abdulazizxon Abdasov esa, hokim qurbonlarga jigari kuyganidan, alam ustida achchiq gapirganini ta’kidladi.

Hokimlikning rasmiy veb sahifasida e’lon qilingan “Har narsaga yetgan aqlingiz shunga qolganda oqsaydur...” nomli maqolasida Abdasov: “Shu bilan birga yig‘ilishda aytgan hamma fikrlari aslo xalqini mensimaslik, Toshloq ahlini yomon ko‘rish ham emas. Mutlaqo aksincha, nima qilib bo‘lsa ham shunday holat, shunga o‘xshash holat yana takrorlanmasligi uchun hammani hushyor bo‘lishga chaqirish, mas’uliyatni eng katta darajaga oshirish, o‘zini ham ayab o‘tirmay jon kuydirayotgani bu!”, deb yozdi.

Ozodlik Farg‘ona hokimi matbuot kotibi Abdulazizxon Abdasovning o‘ziga bog‘lana olmadi.

Hokimni tanqid qilgan jurnalistlar ham bor

Ayni paytda viloyati hokimining aytganlaridan uyalayotgan jurnalistlar ham bor. Ulardan biri, farg‘onalik mustaqil jurnalist Muazzam Ibrohimova Facebook sahifasida e’lon qilgan “Illatning ildizi qaerda? Yoxud Sem tog‘aning aqchasisiz bitilgan iztiroblar”ida “Biz Farg‘onaliklar g‘ururi Shohimardon tog‘lariday baland xalqmiz, biroq bir necha kun ichida tanasiga o‘n oltita igna suqilgan chaqaloq bilan boshimiz egilib qolgandi. Kecha internet tarmog‘ida tarqalgan audioyozuv esa, tanamga yana millionta igna sanchdi…” deb fikr bildirdi.

“Oynani avval o‘zingga tut!” degan naql bor. Mutaxassis sifatida qizishib ketganingizni to‘g‘ri tushunman, lekin nima bo‘lganida ham hammani yoppasiga haqorat qilishga xaqqingiz yo‘q edi! Afsus, sizni kechagi “nutqingiz” birinchisi yoki oxirgisi ham emas! Afsus, siz yolg‘iz emassiz, qo‘pollikni qurol qilgan amaldorlar tiqilib yotibdi. Lekin, xalq emas, o‘z xulqini ham idora qilaolmayotgan rahbarlarning aybini kechiraversak, qachon tong otadi?! Sizlardan o‘rnak olayotgan bo‘lajak hokimlar og‘zidan ertaga bundan ham badtarroq so‘zlar chiqmasligiga kafolat berasizmi?", - deb yozdi Muazzam Ibrohimova.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyat hokimi Aqto‘be fojiasida 16 fuqarosidan judo bo‘lgan toshloqliklarni "haromilar" va "padaringga la’nat" deya haqoratlagandi.

Hokimning so‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda norozilik va g‘azablarni uyg‘otgan.

XS
SM
MD
LG