Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:50

Jurnalist va huquq faoli Dilmurod Sayyid ozodlikka chiqdi


Dilmurod Sayyid
Dilmurod Sayyid

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi 64/51-sonli muassasada jazo muddatini o‘tayotgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi faoli, jurnalist Dilmurod Sayyid(Dilmurod Saidov) 3 fevral kuni ozodlikka chiqarildi.

Bu haqda jurnalist Abdurahmon Tashanov uning ukasi Obid Saidov so‘zlariga tayanib xabar qildi.

“Bir necha soat avval Dilmurod Saidov ozodlikka chiqarilib, Toshkent sari yo‘lga tushgani ma’lum bo‘ldi. U bilan ukasi Obid gaplashgan. “Akam taksida Toshkentga kelyapti” dedi. Men darhol O‘zbekiston IIV Jazoni ijro etish bosh boshqamasiga qo‘ng‘iroq qilib, ma’lumotga tasdiq oldim” deydi Abdurahmon Tashanov.

Ma’lum bo‘lishicha, jurnalist Dilmurod Saidov jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tumani sudining ajrimi bilan muddatidan avval qamoqdan chiqarilgan.

Ukasi Obid Saidov bilan telefon orqali gaplashgan jurnalist Dilmurod Saidov salomatligi yaxshiligi, bir necha soatdan so‘ng Toshkentga etib kelishini aytgan.

56 yashar jurnalist va inson huquqlari faoli Dilmurod Sayyid 2009 yilning 22 fevralida tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olingan.

Dimurod Sayyid va yana uch shaxs O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tovlamachilik, hujjatlarni soxtalashtirish, qalbaki muhrlar tayyorlash, qalbaki imzolar qo‘yish moddalari bo‘yicha ayblanib, mahkamaga tortilgan.

Samarqand viloyat Toyloq tuman sudi 2009 yilning 30 iyul kuni Dilmurod Sayyidga 12,5 yillik qamoq jazosi tayinlagan. 2009 yilning 11 sentabrida tuman appelyatsiya sudi hukmni o‘z kuchida qoldirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi ham 2010 yil 10 avgust kuni Samarqand viloyati Toyloq tuman sudi chiqargan hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

2013 yilda Navoiy shahridagi 64/36-sonli jazoni o‘tash muassasasida saqlanayotgan jurnalist va huquq faoli Dilmurod Sayyid O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi raisi Abdurahmon Tashanov nomiga xat chiqargan va unga nisbatan qiynoqlar qo‘llanillayotgani, she’r va hikoyalarining qo‘lyozmalari tortib olinayotgani haqida yozgan edi.

O‘sha yilning 6 martida u sog‘lig‘i jiddiy yomonlashgani sababi bilan Toshkentdagi 18-sonli maxsuslashtirilgan koloniya (Sangorod)ga yotqizilgan edi. 2013 yilning kuzida esa u Qarshi shahridagi 49-sonli qamoqxonaga ko‘chirilgan. 3 oy muqaddam u bilan ko‘rishgan ukasi Obid Saidovga ko‘ra, Dilmurod Sayyidning ahvoli yaxshi va qiynoq yoxud taxqirlar haqida shikoyati yo‘q.

Qo‘lga olinguniga qadar u mustaqil elektron nashrlarda O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tanqid qiluvchi tahliliy maqolalar chop etgan.

Dilmurod Sayyid ilk bor 2005 yilda O‘zbekistonda chop etilgan va jurnalistning o‘zi ishlagan “Advokat” nomli gazetada “Yo‘q haqidagi badiha” nomli maqolasini chop ettirgan edi. Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan o‘sha maqolasidan so‘ng jurnalist hukumat bosimiga uchragan. Avvaliga uning o‘zi ishdan bo‘shatilgan, biroz o‘tib esa gazeta ham yopilgan edi.

Taqdir taqozosi bilan 2009 yilning 5 noyabrida Navoiydagi qamoqxonada saqlanayotgan turmush o‘rtog‘ini ko‘rish uchun yo‘lga chiqqan Barno Jumanova va 6 yashar qizchasi avtohalokatga uchrab, fojia joyida halok bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG