Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2025, Тошкент вақти: 10:41

D.Sayyid: Oqlanishga urinaman va O‘zbekistondagi bugungi imkoniyatni amalda sinab ko‘ramiz!


Sobiq siyosiy mahbus Dilmurod Sayyid
Sobiq siyosiy mahbus Dilmurod Sayyid

9 yilda qamoq jazosini o‘tagan va muddatidan avval ozodlikka chiqqan inson huquqlari faoli, jurnalist Dilmurod Sayyid O‘zbekistonda oqlanish uchun bugun imkoniyat bor, deb bilishini aytmoqda.

Ozodlikka bergan eksklyuziv intervyusida, sobiq siyosiy mahbus, ozodlikdagi ilk ishi - uni himoya qilish yo‘lida vafot etgan onasi, rafiqasi va qizining qabrini ziyorat qilish, so‘ngra esa, o‘zini oqlash uchun harakat boshlash bo‘lishini aytdi.

- Men ayblovni bo‘ynimga olmaganman, olmayman ham. Chunki men jinoyatchi emasman! Shuning uchun oqlovga harakat qilaman. O‘zbekistonda bunga imkoniyat bor va amaliy sinab ko‘ramiz, imkoniyat qanchalik darajada ekanini, - dedi Dilmurod Sayiid.

Quyida jurnalist bilan suhbatni tinglashingiz mumkin:

Д.Саййид: Оқланишга уринаман ва Ўзбекистондаги бугунги имкониятни амалда синаб кўрамиз!
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:57 0:00
Бевосита линк

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi tizimidagi 64/51-sonli muassasada jazo muddatini o‘tayotgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi faoli, jurnalist Dilmurod Sayyid (Dilmurod Saidov) 3 fevral kuni ozodlikka chiqarildi.

Bu haqda jurnalist Abdurahmon Tashanovning xabar qilishicha, jurnalist Dilmurod Saidov jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tumani sudining ajrimi bilan muddatidan avval qamoqdan chiqarilgan.

56 yashar jurnalist va inson huquqlari faoli Dilmurod Sayyid 2009 yilning 22 fevralida tovlamachilikda ayblanib qo‘lga olingan.

Dimurod Sayyid va yana uch shaxs O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tovlamachilik, hujjatlarni soxtalashtirish, qalbaki muhrlar tayyorlash, qalbaki imzolar qo‘yish moddalari bo‘yicha ayblanib, mahkamaga tortilgan.

Samarqand viloyat Toyloq tuman sudi 2009 yilning 30 iyul kuni Dilmurod Sayyidga 12,5 yillik qamoq jazosi tayinlagan. 2009 yilning 11 sentabrida tuman appelyatsiya sudi hukmni o‘z kuchida qoldirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi ham 2010 yil 10 avgust kuni Samarqand viloyati Toyloq tuman sudi chiqargan hukmni o‘zgarishsiz qoldirgan.

2013 yilda Navoiy shahridagi 64/36-sonli jazoni o‘tash muassasasida saqlanayotgan jurnalist va huquq faoli Dilmurod Sayyid O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Toshkent viloyati bo‘limi raisi Abdurahmon Tashanov nomiga xat chiqargan va unga nisbatan qiynoqlar qo‘llanillayotgani, she’r va hikoyalarining qo‘lyozmalari tortib olinayotgani haqida yozgan edi.

O‘sha yilning 6 martida u sog‘lig‘i jiddiy yomonlashgani sababi bilan Toshkentdagi 18-sonli maxsuslashtirilgan koloniya (Sangorod)ga yotqizilgan edi. 2013 yilning kuzida esa u Qarshi shahridagi 49-sonli qamoqxonaga ko‘chirilgan. 3 oy muqaddam u bilan ko‘rishgan ukasi Obid Saidovga ko‘ra, Dilmurod Sayyidning ahvoli yaxshi va qiynoq yoxud taxqirlar haqida shikoyati yo‘q.

Qo‘lga olinguniga qadar u mustaqil elektron nashrlarda O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni tanqid qiluvchi tahliliy maqolalar chop etgan.

Dilmurod Sayyid ilk bor 2005 yilda O‘zbekistonda chop etilgan va jurnalistning o‘zi ishlagan “Advokat” nomli gazetada “Yo‘q haqidagi badiha” nomli maqolasini chop ettirgan edi. Shov-shuvlarga sabab bo‘lgan o‘sha maqolasidan so‘ng jurnalist hukumat bosimiga uchragan. Avvaliga uning o‘zi ishdan bo‘shatilgan, biroz o‘tib esa gazeta ham yopilgan edi.

Taqdir taqozosi bilan 2009 yilning 5 noyabrida Navoiydagi qamoqxonada saqlanayotgan turmush o‘rtog‘ini ko‘rish uchun yo‘lga chiqqan Barno Jumanova va 6 yashar qizchasi avtohalokatga uchrab, fojia joyida halok bo‘lgan.

Shuningdek, jurnalist qamoqdaligida uning huquqlari uchun tinimsiz kurashgan keksa onasi ham olamdan o‘tdi.

Siyosiy mahbus Dilmurod Sayyidning onasi va ukasi
Siyosiy mahbus Dilmurod Sayyidning onasi va ukasi

Jurnalist Dilmurod Sayyidni huquqiy himoya qilgan onasi Hamida Tolipova 2014 yilning 11 oktabrida 89 yoshida olamdan o‘tgan.

XS
SM
MD
LG