Линклар

Шошилинч хабар
20 октябр 2018, Тошкент вақти: 00:52

Inoyatov ketishi ortidan MXX sara qurolli bo‘linmalaridan ayrilmoqda


MXX sara qurolli bo‘linmalari zobitlari Toshkentda maxsus amaliyot o‘tkazmoqda.

2005 yil Andijon voqealaridan so‘ng O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi boshqaruvidan to‘lig‘icha Milliy xavfsizlik xizmati tasarrufiga o‘tkazilgan harbiylashgan maxsus bo‘linmalar yana Ichki ishlar vazirligiga qaytarilmoqda.

Elita bo‘linmalari asl vataniga qaytarilmoqda

Bu haqda Ozodlikka MXXga bevosita aloqador bir-biridan mustaqil manbalar ma’lum qildi. Ayni paytda¸ O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatidan bu borada ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi. Mamlakatdagi eng yopiq tizim bo‘lib qolayotgan MXXning na rasmiy veb sahifasi va na matbuot bog‘lanishi mumkin telefon raqamlari borligi bois¸ bu idoradan ham ma’lumot olish imkoni topilmadi.

O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tasarrufidagi maxsus bo‘linmalar nomi¸ ular vazifa va vakolatlari ham jamoatchilikdan sir tutiladi. Ochiq manbalardan¸ O‘zbekiston MXXsi tarkibida:

Alfa¸ Yaguar¸ Burgut¸ Lochin¸ Chayon¸ Kobra¸ Ts kabi maxsus topshiriqlarni bajaradigan qurolli bo‘linmalar bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ MXX tarkibidan qayta IIVga o‘tkazilayotgan maxsus bo‘linmalar qurolli tayanch ko‘rsatish vakolatiga ega tizimlar hisoblanadi va ular O‘zbekistondagi eng sara zobitlardan tarkib topgan.

Prezident MXXni restrukturizatsiya qilish haqida gapirishidan oldin boshlangan bu jarayon. 20 kuncha bo‘ldi¸ Alfa¸ Burgut¸ Lochin kabi bo‘linmalari IVVga qaytarilmoqda. Bu bo‘linmalar sobiq Ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov tashabbusi bilan tuzilgan va ularda eng elitniy tayyorgarlikdan o‘tgan yigitlar ishlardi. Andijon voqealaridan keyin Karimovning IIVga ishonchi yo‘qoldi va Inoyatov bu sara bo‘linmalarni birma-bir o‘z tasarrufiga olgan edi¸" dedi shaxsi ochiqlanmasigini so‘ragan MXX zobitlaridan biri.

Prezident maxsus bo‘linmalar faoliyatini o‘rganishni buyurdi

31 yanvar kuni prezident Mirziyoev raisligida Milliy xavfsizlik xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarga bag‘ishlangan kengaytirilgan hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Prezident matbuot xizmatining bildirishicha¸ bu yig‘inda Mirziyoev "zamon talablaridan kelib chiqqan holda, Milliy xavfsizlik xizmatining tarkibiy tuzilishini qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidladi. Maxsus xizmat doirasiga kirmaydigan vazifalar bilan shug‘ullanadigan, boshqa davlat tuzilmalari faoliyatini takrorlaydigan bo‘linmalarni tugatish, ayni vaqtda milliy xavfsizlikning ustuvor yo‘nalishlarini ta’minlaydigan bo‘linmalarni mustahkamlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi."

Ayni paytda prezident topshirig‘idan keyin qaysi bo‘linmalarning tugatilishiyu qaysilarining qolishi¸ qaysi bo‘linmalarning IIV yoki Mudofaa vazirligi tarkibiga o‘tkazilishiga oid rasmiy ma’lumot hozircha e’lon qilinmadi.

Manba - Gap eng sara qo‘shinlar taqdiri haqida bormoqda!

Ozodlik suhbatlashgan MXX sobiq zobitlaridan yana biri¸ MXXdan qayta o‘tkazilishi kutilayotgan maxsus qurolli bo‘linmalar tarkibida qancha odam borligi haqida ma’lumotga ega emasligini ayta turib¸ bu sonning 10 mingga yaqin ekanini taxmin qilajagini bildirdi.

Mutaxassisga ko‘ra¸ prezident buyrug‘i bilan restrukturizatsiya qilinayotgan maxsus bo‘linmalarning aksari¸ aslida¸ IIV vakolatiga kiradigan vazifalar bilan shug‘ullanib kelgan.

Bu bo‘linmalar SNB armiyasi deyiladi. Chegara qo‘shinlaridan mutlaq ayri harbiy tizim edi bular. Har biri vakolatiga ko‘ra¸ MXXdagi 9 ta boshqarmadan bittasiga biriktirilgan. Bu beshta bo‘linma biriktirilgan boshqarma rahbarlari ayni paytda MXX raisi o‘rinbosari ham hisoblanardi. Maxsus bo‘linmalar terrorizmga qarshi¸ uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi¸ iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash va kontrrazvedka boshqarmalari tarkibida edi. Bularning barchasini bevosita MXX raisining sobiq 1-o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov nazorat qilardi. Bu bo‘linmalarni IIVga qaytarishdan oldin¸ general G‘ulomov ishdan olindi¸ uning bu bo‘linmalardagi kuchi kesildi. G‘ulomov bartaraf qilingandan keyingina¸ bu bo‘linmalar MXX tarkibidan chiqarilmoqda¸”dedi MXX sobiq zobitlaridan biri shaxsi ochiqlanmasligi sharti bilan.

MXX raisining 1-o‘rinbosari general Shuhrat G‘ulomov¸ Ozodlik manbalariga ko‘ra¸ 2017 yil yanvarida lavozimidan bo‘shatilgan. Prezident Mirziyoev 22 dekabr kuni Oliy Majlis yig‘ilishida generallik pogonini yulganini e’tirof etgan ikki generaldan birining aynan Shuhrat G‘ulomov ekani taxmin qilinadi. Norasmiy manbalarga ko‘ra¸ hozirda Shuhrat G‘ulomov ustidan tergov amaliyotlari olib borilmoqda.

MXXning kuchayishi va kuchsizlantirilishi

AQSh Kongressi kutubxonasiga 2007 yil fevralida kiritilgan ma’lumotlarga ko‘ra¸ 90-yillarda MXX maxsus bo‘linmalari zobitlari soni 8000 atrofida bo‘lgan bo‘lsa¸ 2005 yildan keyin bu raqam 17-19 mingga yetgan.

Mustaqil manbalarga ko‘ra¸ O‘zbekiston boshqaruvining eng quyi bo‘g‘inidan oliy qismigacha nazorat o‘rnatgan MXX jamoatchilik nazoratidan tashqaridagi nihoyatda kuchli repressiya mashinasiga aylangan.

Tahlilchilarga ko‘ra¸ bunday tizimni davlat¸ qolaversa o‘z xavfsizligiga tahdid deb bilgan Shavkat Mirziyoev bir yildan ko‘proqqa cho‘zilgan taradduddan so‘ng¸ bu tizimni parchalashga kirishgan.

Prezident Mirziyoev IIV tasarrufidan MXXga o‘tkazilgan tizimlarni yana IIVga qaytarishni 2017 yilning may oyidan boshlagan edi.

O‘tgan yilning 2 may kuni o‘shandagi Ichki ishlar vaziri Abdusalom Azizov ichki topshiriqlar qo‘shinlarini o‘z vazirligi safiga qabul qilib olish yakunlangani to‘g‘risida bayonot bergan edi.

“Prezidentning qarori bilan bu qo‘shinlar bizga qaytarib berildi. 1 maydan boshlab ular yuridik jihatdan to‘la Ichki ishlar vazirligi ixtiyorida”, degan edi Toshkentdagi Xalqaro press-klubda o‘tkazilgan brifingda, jumladan, vazir Abdusalom Azizov.

Bu bayonot ortidan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi saytida taqdim etilgan vazirlikning tarkibiy bo‘linmalari deb nomlangan sahifada MXXdan qaytarilgan Qorovul qo‘shinlari bosh boshqarmasi va Qo‘riqlash bosh boshqarmasi paydo bo‘ldi.

Ayni paytda¸ mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra¸ 2018 yilda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik kontsepsiyasining yangi tahriri tayyorlanadi. 1997 yili qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik kontsepsiyasi to‘g‘risida"gi qonun ning yangi tahririni ishlab chiqish 2018 yilgi Davlat dasturi loyihasidan (PDF) o‘rin olgan.

XS
SM
MD
LG