Ikki qirg‘izistonlikning o‘zbekistonlik yirik tadbirkor Salim Abduvalievni (“Salimboyvachcha”) “Qirg‘izistonning tayanchi”, deb maqtagani tasvirga tushirilgan video qirg‘izistonliklar orasida qizg‘in muhokama bo‘lmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda 12 fevral kuni e’lon qilingan videoga Abduvaliev bilan birga tushgan ikki kishini qirg‘izistonliklar “mamlakatimiz obro‘sini tushirdi”, deb tanqid qilmoqda.
51 sekundlik videoda egniga zarbof chopon, boshiga zar salla o‘ragan ikki kishi Salim Abduvalievning qirg‘iz xalqi bilan birga ekanligidan faxrlanishlarini aytib, uni “Qirg‘izistonning tayanchi”, deb maqtaydi. Zar chopon kiyganlarning aytishicha, Salim Abduvaliev Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni qo‘llab-quvvatlaydi.
- Salimboy Qirg‘izboevich biz bilan. Biz bundan faxrlanamiz! Salimboy aka bizning tayanchimiz. Salimboy aka bor ekan, qirg‘izlarning tayanchi bor. Salimbay aka bizning prezidentimiz So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni qo‘llaydi! - degan videodagi ikki qirg‘izistonlikdan biri.
Qirg‘izistonliklarning o‘rtasida turib videoga tushgan Salim Abduvaliev ikki qo‘shni mamlakat do‘stligi mustahkamlanaverishiga tilak bildirgan. Videoga tushganlarning barchasi rus tilida gapirgan.
Videoning qachon suratga olingani noma’lum. Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilgan sharhlarga tayanib, videoda aks etgan ikki qirg‘izistonlikdan biri Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligining sobiq mulozimi, polkovnik, O‘shdagi taniqli tadbirkor, ikkinchisi esa, Jo‘g‘o‘rqu Keneshning eks-deputati ekanligi to‘g‘risida yozdi.
Videoni "Feysbuk”dagi sahifasida e’lon qilganlardan biri, fuqarolik jamiyati faoli Shayirbek Mamatoktorov videoda aks etgan qirg‘izistonliklarning gaplarini tanqid qilarkan, Salim Abduvalievni “nafaqat Qirg‘iziston va O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda taniqli kriminal avtoritet”, deb atadi. Mamatoktorovning fikricha, mana shunday odamga nisbatan Qirg‘iziston IIV sobiq mulozimi va eks-deputatning bunday yaltoqlanishi nojoizdir.
Qirg‘iziston prezidenti ma’muriyati videodagi "Salimboy Abduvaliev So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovni qo‘llaydi" degan bayonotga hozircha munosabat bildirgani yo‘q.
Video bilan bir paytda Salim Abduvalievning Qirg‘izistondagi bir qator qirg‘izistonliklar - parlament deputatlari va tadbirkorlar bilan tushgan surati e’lon qilindi.
Suratdagilardan biri – deputat Salaydin Aydarovning Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmatiga aytishicha, surat bundan 2 yoki 3 yil muqaddam olingan:
- U (Salim Abduvaliev -tahr.) sport sohasida yurgan odam. O‘zbekiston kurash federatsiyasi vitse-prezidenti. Hech qanday kriminal emas. Suratdagi Sharshenbek Abdikerimov Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbari. Surat bundan 2-3 yil oldin O‘zbekistonda sport musobaqasi paytida olingan, - dedi deputat Aydarov.
Keyingi yillarda Salim Abduvalievning nomi Qirg‘izistondagi siyosiy voqealar bilan bog‘liq bir necha bor tilga olingan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Abduvalievning ishonchli vakili ekanligi aytiladigan Shomurod Shofayziev 2015 yili, Qirg‘iziston parlamentiga saylovoldi jarayoni davom etayotgan kunlarda (23-24 avgust) Issiqko‘ldagi pansionatlardan birida qirg‘izistonlik o‘zbeklar vakillari va “Qirg‘iziston” partiyasi liderlari bilan uchrashuv o‘tkazganiga oid video Internetda e’lon qilingan. Uchrashuvni “Qirg‘iziston” partiyasi rais o‘rinbosari Sharshenbek Abdikerimov uyushtirgani ma’lum bo‘lgan. Abdikerimovning Abduvaliev bilan tanish ekanligini partiya raisi Kanat Isaev tasdiqlagan.
Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati Abdikerimovning “Ayu” firmasi 2010 yilgi O‘sh voqealari bo‘yicha sirtdan ayblanib umrbod ozodlikdan mahrum qilingan eks-deputat Inomjon Abdurasulovning korxonalarini sotib olganini o‘rgangan. Shundan so‘ng Salimboy Abduvalievning ishtiroki bor korxonalarning Qirg‘izistondagi vakillari “Qirg‘iziston” partiyasi ro‘yxati bilan parlament saylovida deputatlikka nomzod sifatida qatnashgani aniqlangan.
Salimboy Abduvalievning nomi Qirg‘izistonda yana bir bor 2016 yil yozida “Xalq qurultoyi” harakati lideri, muxolifatchi Ernest Karibekov qamoqqa olinganda tilga olindi.
2016 yilning 27 martida Qirg‘iziston Birinchi jamoatchilik milliy telekanali “Xalq qurultoyi” harakati yetakchisi Ernest Karibekov O‘zbekiston davlat maxfiy xizmatlari bilan hamkorlik qilganini isbotlovchi audiomateriallar Milliy xavfsizlik xizmati tomonidan e’lon qilingani to‘g‘risidagi lavhani namoyish etgan edi.
16 daqiqali lavhada Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hibsxonasida saqlanayotgan muxolifatchi Ernest Karibekov O‘zbekiston MXX ga aloqasi bo‘lgan Farxod Parpiev bilan uchrashib turgani, Ernest Karibekovning so‘nggi paytlarda Toshkentga tez-tez safar qilishi Qirg‘iziston maxsus xizmatlarida shubha uyg‘otgani va Farxod Parpiev jinoyat olamida Salimboyvochcha nomi bilan tanilgan Salimboy Abduvalievning ishongan odamlaridan biri ekani, O‘zbekistonda kriminal dunyo Milliy xavfsizlik xizmati nazoratida ekani iddao qilingan edi.
O‘zbekistonda tanilgan yirik tadbirkor Salim Abduvaliev joriy yil 6 yanvarida Milliy olimpiya qo‘mitasi yangi raisi Alisher Sultonovning o‘rinbosari etib tayinlandi.
Salim Abduvaliev 1997 yildan beri O‘zbekiston sport kurashi assotsiatsiyasi prezidenti lavozimini ham egallab kelmoqda.