«O‘zbekkonsert» estrada birlashmasida 12 fevraldan boshlab musiqali kliplarni tekshirib namoyishga izn beradigan komissiya ish boshladi. O‘zbekiston Madaniyat vazirligi mulozimining Ozodlikka 13 fevral kuni aytishicha “15 nafar a’zodan iborat badiiy kengash milliy mentalitetga to‘g‘ri kelmaydigan kliplarni taqiqlab, G‘arb ommaviy madaniyati ta’siriga tushgan qo‘shiqchilarni to‘g‘ri yo‘lga solish” bilan shug‘ullanadi.
Mulozimning aytishicha¸ birinchi majlisda “tanasidagi tatuni namoyish qilgan va davlat ramzlari¸ gerb, bayroq, prezident tasviridan o‘rinsiz foydalangan” kliplar muhokama qilingan.
“Hali birorta klip yuzasidan uzil-kesil qaror berilmadi. O‘nlab kliplar taqiqlansa kerak. O‘tkan yil oxirida 12 ta klip milliy mentalitetimizga to‘g‘ri kelmagani bois taqiqlab qo‘yilgan edi¸” dedi ismi aytilmasligini istagan O‘zbekiston madaniyat vazirligi mulozimi.
"Estetika emas¸ etika! Nishonda G‘arb!"
Suhbatdosh ta’kidiga ko‘ra¸ kliplarni baholashda “o‘zbek madaniyatiga mosligi, ma’rifiy yuksakligi va milliy mentalitetga zid kelmasligi” deb atalayotgan mezonlar asosiy o‘lchov qilib belgilangan.
“G‘arb ommaviy madaniyati ta’sirini oldini olish - asosiy maqsadimiz. Yana bir yangi jihat. Suratga olinadigan kliplar muqaddas dinimizga xilof bo‘lmasligi¸ musulmonlarning dilini og‘ritmasligi kerak. Shu bois qadamjolar¸ maqbaralar va boshqa muqaddas yodgorliklar majmuida klip surat olishga cheklov qo‘yildi. Bundan tashqari¸ diniy savol tug‘ilganida¸ komissiya istagiga ko‘ra¸ kliplar borasida O‘zbekiston musulmonlar idorasidan xulosa ham olinadi¸” dedi mulozim.
YouTubega iznsiz klip qo‘yish taqiqlandi
Toshkentlik munaqqid Akmal Rizaevning Ozodlikka aytishicha¸ fevral oyidan boshlab O‘zbekistonda qo‘shiqchilarga rasmiy ruxsatsiz YouTubega klip joylashtirish ham taqiqlab qo‘yildi.
“Komissiyadan rasmiy ruxsatsiz Internetga klip joylagan san’atkorlar endilikda litsenziyadan mahrum bo‘lishlari mumkin¸” deydi munaqqid.
Munaqqidga ko‘ra, O‘zbekiston matbuot va axborot agentligiga bunday qo‘shiqlarni topib, blok qilish buyurilgan.
YouTubedagi o‘zbek san’atkorlari ijro qilgan qo‘shiqlar nazorati 2017 yil yozida boshlangan edi. Rizaevning tushuntirishicha¸ "YouTubedagi o‘zbek qo‘shiqchilarini keng ko‘lam va malaka bilan ovlash endi boshlangan."
Mo‘ylov mumkin¸ zirak mumkin emas
«O‘zbekkonsert» estrada birlashmasi 7 fevral kuni “Qo‘shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash badiiy Kengashining xulosasini olish tartibiga eslatma”ni e’lon qilgan edi.
Tashkilot rasmiy saytida e’lon qilingan hujjatga ko‘ra¸ bundan buyon kliplarda “umuminsoniy va milliy madaniyatga zid bo‘lgan, nojoiz hatti-harakatlar, turli g‘oyaviy tahdidlar aks etmasligi lozim”.
Hujjatning to‘rtinchi bandida “g‘oyaviy taxdidlar” nimalardan iborat ekanligiga aniqlama berilgan. “Nojoiz harakatlar” degan taglavha ostidagi bu bandda musiqali klip va unda ishtirok etadigan qo‘shiqchiga 13 ta cheklov belgilangan.
Bu cheklovlardan biriga ko‘ra, qo‘shiqchining “yotoqxona va boshqa xosxonalarda xonandalarning yonboshlab” qo‘shiq aytishi taqiqlangan. Shuningdek, erkak qo‘shiqchining zirak taqishi hamda “yengil-yelpi hayotni targ‘ib” qilishi taqiqlanadi. Barcha qo‘shiqchilar klip mobaynida “beo‘xshov harakatlar” qilmasligi va tana a’zolariga tushirilgan turli tatuirovka va "naqsh"larni ko‘rsatmasligi talab qilinadi.
"Eslatma"da belgilab qo‘yilgan cheklovlarga ko‘ra, qo‘shiqchilar kliplarda “qimmatbaho mashinalaru qasrday uylarni, yarashiqsiz zebu ziynatlarni ko‘rsatib ko‘z-ko‘z qilishi” ham mumkin emas. Markaziy Osiyoda bunga o‘xshagan komissiya Eronda mavjud. Eronda san’at asarlari¸ klip va kinofilmlarda ahloqiy normalarga amal qilinishi mullalardan tarkib topgan hay’at tarafidan ko‘rilganidan keyingina nashr qilinadi.
Qo‘shiqchilar cheklovlarni olqishladi
Ozodlik muxbiri 13 fevral kuni o‘ndan ziyod qo‘shiqchi bilan gaplashdi. Bu qo‘shiqchilarning kliplarida qimmat mashina¸ qasrlar¸ aks etgan bo‘lsa ham¸ ular bu cheklovlarni yoqlab gapirdi.
O‘zini qo‘shiqchi Sardor Rahimxonning ma’muriman deb tanishtirgan yigitning aytishicha¸ “bu cheklovlardan yomonlik izlamaslik kerak."
"Davlatimiz biz qilgan xatolarni ko‘rsatib¸ bizga yaxshilik qilmoqda. Bundan buyon kliplarda qonunga zid harakatlar qilmaymiz¸” dedi suhbatdosh.
Taniqli klipmeykerdan munosabat
Moskvada ijod qilayotgan asli o‘zbekistonlik kinorejisser Xudoybergan Yusupovning 13 fevral kuni Ozodlikka aytishicha¸ bu qaror o‘zbek klipmeykerlik sohasiga katta zarar yetkazishi mumkin.
“DDT” musiqa guruhi Yuriy Shevchuk konsertlari¸ “Sberbank rvet krishi”¸ “Rep gruppa Jara” kabi Rossiyada dong‘i chiqqan kliplarni suratga olgan Yusupovga ko‘ra¸ “kliplar odatan sohibjamol qizlar¸ qimmat mashinalar¸ qasr va koshonalar tasviridan” tarkib topadi.
- Masalan¸ klipni moliyalagan shirkatlar o‘z logolari tasvir ichida bo‘lishini istashadi. Butun dunyoda bor narsa bu. Buni taqiqlash klipmeykerlik sanoatini moliyalashga to‘sqinlik qiladi¸ deydi suhbatdosh.
Bositxonova merosi
Qo‘shiqchilar klipida axloq-odob bor-yo‘qligini aniqlash amaliyoti 2015 yilda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Elmira Bositxonova tarafidan joriy qilingan edi. Aynan Bositxonova ishtirokidagi majlislarda qo‘shiqchilar kiyimining yupqaligi muhokama qilingan edi.
Mazkur axloq tekshiruvi jarayonida¸ Bositxonova nazarida “yarim-yalang‘och” kiyinib, sahnaga chiqdi¸ deb topilgan xonanda Lola litsenziyasidan ayrilgan edi.