Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2025, Тошкент вақти: 09:03

AQSh qora ro‘yxatiga kiritilgan G‘afur Rahimov boksni Olimpiada sporti sifatida saqlab qola oladimi?


Xalqaro boks uyushmasining (AIBA) vaqtinchalik prezidenti G‘afur Rahimov (o‘ngda) AIBAning sobiq prezidenti Franko Falchinelli bilan 3 fevral kuni (2018 yil )Rossiyaning Sochi shahridagi boks tadbirida.
Xalqaro boks uyushmasining (AIBA) vaqtinchalik prezidenti G‘afur Rahimov (o‘ngda) AIBAning sobiq prezidenti Franko Falchinelli bilan 3 fevral kuni (2018 yil )Rossiyaning Sochi shahridagi boks tadbirida.

Boksning olimpiada sport turi sifatida saqlanib qolishi taqdiri G‘afur Rahimovga bog‘liq bo‘lib turibdi. AQSh Moliya vazirligi sportning ushbu shubhali ma’murini “O‘zbekistonning taniqli jinoyatchilaridan biri” va geroin savdosi bilan shug‘ullanadigan kishi sifatida gumon qilib, qora ro‘yxatga tirkagan edi.

27 yanvarda Rahimov Xalqaro boks uyushmasining (International Boxing Association (AIBA) vaqtinchalik prezidenti etib tayinlandi. Uning zimmasiga jahon havaskor boks uyushmasini kelgusi olimpiada o‘yinlaridan chiqarib yuborilmasligi uchun korrupsiyadan tozalash vazifasi yuklandi.

Rahimov ilgari hech qachon jinoiy faoliyatda gumon qilinib, javobgarlikka tortilmagan. Ammo tanqidchilar unga AIBAni moliyaviy va korrupsiyaga qarshi kurash yo‘lida isloh qilish yuklatilishini katakdagi tovuqlarni qo‘riqlashni tulkiga topshirish bilan qiyoslamoqda.

Olimpiadadagi korrupsiya tergovi

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) prezidenti Tomas Bax Rahimov prezidentlikka tayinlangandan so‘ng XOQ “AIBA boshqaruvidan chuqur tashvishda ekani” hamda boksni 2020 yili Tokio Olimpiadasi va 2018 yilgi Buenos-Ayres Yoshlar yozgi olimpiadasidan chiqarib tashlash “huquqini saqlab qolayotgani” haqida bayonot berdi.

Rahimov prezident etib tayinlanganidan so‘ng oradan bir hafta o‘tib, Bax 4 fevral kuni AIBA boshqaruvi ustidan HOQ tergov boshlayotganini ma’lum qildi.

XOQqa ko‘ra, ushbu tashkilot AIBAdagi korrupsiyaga barham berish uchun unga to‘lanadigan barcha to‘lovlarni – bundan faqat “amaliy darajadagi zarur to‘lovlar” mustasno – to‘xtatdi.

XOQni tashvishga solayotgan yana bir muammo AIBAning 2016 yilgi Rio olimpiadasidagi kelishilgan deb hisoblanayotgan boks musobaqalarini boshqargan referi va hakamlar faoliyatiga haqqoniy baho bermaganidir. Shundan so‘ng 36 nafar hakam ishdan chetlatildi. Bunga ularning ayrim hollarda rossiyalik va o‘zbek bokschilariga yon bosgani sabab bo‘ldi.

XOQ yana AIBAning dopingga qarshi kurash uchun yetarli choralar ko‘rmaganini ham tergov qilmoqda. Bu ham yetmaganday, Rossiyaning dopingga qarshi kurash bilan bog‘liq qonun-qoidalarni tizimli ravishda buzib kelayotgani katta janjalga sabab bo‘ldi.

Rahimov AIBA ijroiya qo‘mitasining 27 yanvarda bo‘lib o‘tgan majlisida tashkilotning vaqtinchalik prezidenti etib tayinlandi.

AIBA advokati Klod Ramoni Rahimovning tayinlanishi AIBA nizomiga muvofiq ekanini aytib, prezident bo‘lmagan vaqtda “eng ko‘p ishlab kelgan vitse-prezident muvaqqat prezident sifatida faoliyat ko‘rsatishi” nizomda belgilab qo‘yilganini aytdi. U 2002 yildan beri vitse-prezident bo‘lib ishlab kelmoqda.

Qonundagi o‘g‘rilar

Rahimovning xalqaro havaskor boks tashkilotiga rahbar bo‘lishidan bir oy oldin AQSh Moliya vazirligi “Jinoyat olami yetakchilari to‘g‘risida”gi sanksiyalarga oid qonuniga asoslanib, uning “Qonundagi o‘g‘rilar” deb ataluvchi mash’um xalqaro jinoyat tarmog‘iga mansub ekanini e’lon qilgan edi.

Vazirlikning Chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi direktori Jon Smit “qonundagi o‘g‘rilar”ni “butun dunyodagi son-sanoqsiz jinoyatlar sodir etgan Yevrosiyo jinoyat sindikati” deb atadi.

Moliya vazirligi Rahimovni jinoyat sindikatiga “moddiy ko‘mak ko‘rsatish”da ayblamoqda.

Qo‘shma Shtatlar Rahimovga qarshi ilk marta 2012 yili moliyaviy sanksiyalar joriy qilgan hamda uni Rossiya va boshqa sobiq Sovet respublikalaridagi jinoyatchilar rahnamolari bilan aloqasi borligini aytgan edi.

Unda Rossiya pasporti bor va O‘zbekistondan berilgan 5 ta “muqobil” pasportga ega. Uning Moskva markazidagi Leninsk prospektida joylashgan hashamatli xonadoni va Dubaydagi dang‘illama villasi borligi aytiladi.

Uning asli kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov bilan aloqasi borligi haqida gap-so‘zlar yuradi, ammo Usmonov bu iddaolarni rad etib keladi.

Sovet vatandoshlari

66 yashar Rahimov trener bo‘lishidan oldin O‘zbekiston Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan davrda bokschilik faoliyatini boshlagan edi.

U dastlabki xususiy biznes faoliyatini Gorbachyovning qayta qurish davrida boshlagan. Rahimov tuzgan firmalar iste’mol mahsulotlari va xom ashyo eksporti va importi bilan shug‘ullangan.

Rahimov boyib ketgach, O‘zbekiston sportining davlat qaramog‘idagi kurash, boks, jangovor yakkakurashlar va og‘ir atletika kabi turlariga homiylik qilish orqali uning ta’siri kuchayib borgan.

Mafiya bilan aloqasi borligi gumon qilingani uchun Rahimov 2000 yilgi Sidney olimpiadasiga borganida Avstraliyaga kiritilmagan edi.

2016 yilgi Rio olimpiadasi vaqtida referi va hakamlarning qarorlari kelishilgani haqidagi gap-so‘zlar ochiqdan-ochiq ayblovlarga sabab bo‘ldi, AIBAning o‘zida esa ichki nizolarni keltirib chiqardi.

Moliyaviy qonunbuzarliklar

Ozarbayjonning Benkons Group xususiy kompaniyasidan olingan 10 million AQSh dollarilik qarz ulkan moliyaviy janjalga olib keldi. O‘sha qarz haligacha uzilgani yo‘q.

2015 yili XOQ o‘tkazgan bosim oqibatida AIBAning o‘sha paytdagi prezidenti Vu Chin Kuo PricewaterhouseCoopers auditorlik kompaniyasiga tashkilotning moliyaviy muammolarini taftish qilishni buyurdi.

Ushbu e’lon qilinmay sizdirilgan hisobotdan AIBAda qonunbuzarliklar keng tarqalgani ma’lum bo‘ldi. Auditorlar AIBAga jinoyat ishlari bo‘yicha advokat yollashni taklif qildi.

Hisobotda aytilishicha, qarorgohi Shveysariyada joylashgan AIBA olingan 4,5 million dollarlik qarzni hisob-kitob hujjatlarida qayd etmay, ushbu mamlakat qonunlarini buzgan. Mablag‘ nimaga sarflangani ma’lum emas. Uning qaerga yo‘qolganini na auditorlar va na AIBA ayta olmadi.

Vu janoblari 2009 yili Bokuga qilgan safari chog‘ida qarz olish masalasini muhokama etilgani taxmin qilinmoqda. Oqibatda iste’fo berishga majbur bo‘ldi. U 2017 yil noyabrida lavozimidan ketishi kerak edi.

Uning o‘rnini italiyalik Franko Falchinelli joriy yilning yanvariga qadar egallab turdi. Lekin uning kutilmaganda iste’fo berishi Rahimovning ushbu lavozimga tayinlanishiga yo‘l ochdi.

Rahimov tayinlanganidan so‘ng bir necha kun o‘tgach, Benkons Group bilan orani sudga olib bormay, ochiq qilgani to‘g‘risida bayonot berdi.

O‘zaro kelishuvga ko‘ra, 8 million dollarlik qarz homiylik mablag‘iga aylantiriladigan bo‘ldi. Qolgan 2 million dollar esa 2012 yildan boshlab bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.

Ayni choqda AIBA Rahimovning vaqtinchalik prezident etib tayinlangani “tashkilotni boshqarishda yana bir ijobiy o‘zgarish bo‘lganini va bu ishni XOQ olqishlashi lozimligi”ni bildirdi.

Ammo XOQ AIBAni boshqarishga oid islohotlar davom etgan taqdirdagina boks olimpiada sport turi bo‘lib qolishi mumkinligini aytdi.

XS
SM
MD
LG