Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:02

Hokimlik tasarrufiga o‘tayotgan FHDYo mudiralari yoppasiga ishdan bo‘shatilmoqda


Nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma.
Nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma.

Joriy yil 1 aprelidan boshlab FHDYo organlari hokimliklarga bo‘ysundiriladi. Rasmiylarga ko‘ra, yangi o‘zgarish ajralishlar sonini kamaytirish maqsadida qabul qilingan. Ayni paytda FHDYo idoralarida ishlovchi xodimlar faoliyatini tekshirish jarayoni boshlandi. 1 aprelga qadar vazifasiga noloyiq mudiralarni ishdan olish rejalangan.

FHDYolarda tozalash

Bu tizimda tozalash boshlangani haqida Ozodlikka ma’lum qilgan toshkentlik FHDYo mudiralaridan biriga ko‘ra, joriy yil 5 fevral kuni barcha mudiralardan ommaviy ravishda ishdan bo‘shash arizasi olingan.

“2017 yil 5 fevral kuni O‘zbekiston bo‘yicha hamma FHDYo mudiralaridan ishdan bo‘shash haqida ariza yozdirib olindi. Bunga nima sababligini hech kim bilmaydi. Vazirlikka chaqirtirishdi. “Arizangizni yozing”, dedi. Tamom-vassolom. Va hammani o‘z lavozimiga vaqtincha vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yish haqida ariza yozdirib oldi¸” deya yozdi ismi ochiqlanmaslikni so‘ragan FHDYo bo‘limlaridan birining mudirasi.

Ozodlik muxbiri 15 fevral kuni Toshkentdagi o‘nga yaqin FHDYo bo‘limiga telefon qilib, vaziyatni o‘rgandi.

FHDYo bo‘limlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirda bo‘lim rahbarlari “mudira vazifasini vaqtincha bajaruvchi” maqomida faoliyat olib borayapti.

“Har bitta FHDYo mudirasi lavozimiga 2-3 ta nomzod ariza topshirgan. O‘shalardan saralab, bittasi olinar ekan. Nafaqat mudira boshqa xodimlar faoliyatini ham o‘rganishib, kimni ma’qul ko‘rishmasa, ishdan olisharmish. Bu mart oyida amalga oshiriladi, deb aytishdi. Hozircha eski sostav bilan ishlayapmiz", dedi poytaxtdagi FHDYo bo‘limlaridan birining xodimasi.

Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi FHDYo bo‘limlarining barchasidan shu mazmundagi javob olindi.

“Biz shuncha yildan beri ishlayapmiz, ishimizni yaxshi tushunamiz. Bizni o‘rnimizga yaxshisini topisharmikin? FHDYo tizimini tushunadigani bor ekanmi?” deya nolidi yana bir FHDYo xodimasi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ ayni jarayon poytaxt Toshkent barobarida¸ viloyatlarda ham bormoqda.

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mamlakat bo‘yicha jami 244 ta FHDYo idorasi bo‘lib, ularning 189 tasi tuman, 33 tasi shahar FHDYo bo‘limlari va 8 ta nikoh uyi hamda 14 ta FHDYo organlari arxividir. Hozirda FHDYo idoralarida jami 1000 dan ortiq xodim ishlaydi.

FHDYo endi hokimlikka bo‘ysunadi

FHDYo idoralarida tozalash ushbu tizimdagi yangi o‘zgarishlar bilan bog‘lanayapti. Joriy yil 1 aprelidan boshlab, FHDYo organlari hokimliklarga bo‘ysunadi.

Bu haqda prezident Mirziyoevning 2 fevral kungi maxsus farmonida qayd qilingan.

Adliya vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, FHDYo idoralari qisman hokimlikka bo‘ysunadigan bo‘ladi, lekin asosiy nazorat adliya tizimida qoladi.

“Prezident farmonida 2018 yil 1 apreldan FHDYo organlari ularning nikoh munosabatlariga oid aktlarni rasmiylashtirish, oila institutini mustahkamlash, oilaviy ajrashishlarning oldini olish bilan bog‘liq bo‘lgan asosiy faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha tuman va shahar hokimliklariga bo‘ysundiriladi. FHDYoning nikoh va ajrashishlar masalasi hokimliklarga o‘tadi. Boshqasi eski holicha, Adliya vazirligiga qaraydi”, dedi Adliya vazirligi xodimi.

“Ajrashishlar ko‘payganiga FHDYo aybdor emas”

Vazirlik xodimiga ko‘ra, yangi o‘zgarish mamlakatda ajralishlar ko‘paygani bilan bog‘liq bo‘lib, endilikda hokimlikning xotin-qizlar bo‘limlari FHDYo idoralarini nazorat qilib, ajralishlar oldini olishga mas’ul bo‘ladi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 5 yilda ajrashishlar soni 1,7 barobar oshgan. 2010 yilda 17,8 ming ajrashish qayd etilgan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 29,6 mingga yetgan. 2017 yilda esa FHDYo organlarida 306 mingta nikoh ro‘yxatga olingan bo‘lsa, ajrashishlar 31,9 mingtani tashkil etgan.

“Ajrimlarning kupayib ketishiga FHDYo sababchi emish. ZAGS hech kachon ajrashing deb aytmaydi. Ajrashayotganlarning 80% sudning qarori. ZAGS faqat sudning qarorini bajarayapti¸ xolos. Bu masala bo‘yicha advokatlar ham bevosita razvodning ko‘payishiga sababchi bo‘lib qolayapti. Sababi ular uslugasi pulini olib, ajrashtirguncha yugurayapti. Bu yoqda ZAGS ning ajrim bo‘yicha propaganda qilgani bir tiyin bo‘lib qolayapti”, deydi yana bir FHDYo mudirasi.

Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilgi ajrashishlarning 18 foiziga er-xotinning bir-birini tushunmasligi, 22 foiziga esa er-xotin fe’l-atvorining bir-biriga to‘g‘ri kelmasligi sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG