Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2025, Тошкент вақти: 09:11

Matbuot agentligi artistlarni "millat xoini"ga chiqargan islomiy saytga chora ko‘rilishini aytdi


O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mulozimi o‘zbek telekanallarida ko‘rsatilayotgan serialga ovoz bergan ijodkorlar ishini “harom” deb¸ ularni sazoyi qilishga chaqirgan islomiy sayt mavjud qonunni buzganligini bildirdi. Din ishlar qo‘mitasi mulozimiga ko‘ra¸ bu sayt materiallari ekspertizaga berilgan.

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan ro‘yxatga olingan azon.uz axborot portalida 14 fevral kuni e’lon qilingan maqolada seriallarga ovoz bergan dublyaj xizmati xodimlarining ishi “haromligi”¸ ularning “bolasiga harom luqma yedirgani” haqida yozilgan maqola e’lon qilindi.

Maqola muallifi dublyajda ovoz bergan o‘zbek san’atkorlarini “millatning eng ashaddiy xoinlari, buzg‘unchi, ikkiyuzlamachi, munofiq kimsalar” deya ayblab¸ barchani “ularga qarshi kurashishga” chaqiradi.

Muallif Ziyovuddin Rahim o‘z maqolasida “aks holda oxiri yomon bo‘ladi!” deya tahdid qiladi.

Maqolada O‘zbekistondagi “ZO”R- TV” kanalida namoyish qilinayotgan “Sevgi iztirobi” filmini turkchadan o‘zbekchaga dublyaj qilgan guruh tahdid nishoni bo‘lgan.

Ayni nashr keyingi o‘n kun ichida turk serialining sof islomiy axloq normalariga zid ekani iddao etilgan bir nechta maqolani e’lon qilgan.

Qonun buzilgan

Ozodlik muxbiri bilan bu maqola yuzasidan gaplashgan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mulozimi Bobomurod Rustamov maqolaning mavjud qonunlarga zid tarzda e’lon qilinganini aytdi:

- Vazirlar Mahkamasining 10-sonli qaroriga ko‘ra¸ diniy mazmundagi maqolalar Din ishlari qo‘mitasida ekspertizadan o‘tkazilishi kerak. Ayni maqola ekspertizadan o‘tmasdan chop qilingan. Maqolaga ko‘z yugurtirganimda¸ muallifning haddan oshganini ko‘rdim. Maqola ekspertizaga yuboriladi. Ayni paytda maqola uchun bu nashrni ro‘yxatga olgan Matbuot va axborot agentligi ham ma’sul¸ dedi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mulozimi Bobomurod Rustamov Ozodlik bilan 15 fevral kungi suhbatda.

Ekstremistik chaqiriq mavjud

Bu suhbat ortidan Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi litsenziya bo‘limi boshlig‘i Jamshid Nabiev bilan bog‘landi. Ozodlik bilan suhbatda Nabiev ayni maqolada ekstremistik chaqiriqlar mavjudligi aniqlangani va nashrga nisbatan chora ko‘rilishini aytdi:

- Biz ularga taqdimnoma kiritib¸ kerak bo‘lsa¸ litsenziyasini bekor qilamiz. Seriallarga ovoz berish haromdir¸ deyapti. Bunday chaqiriq qonunga zid¸ dedi Matbuot va axborot agentligi litsenziya bo‘limi boshlig‘i.

Sof islom nazari?

Ozodlik maqolani nashr qilgan portal muassisi Mubashshir Ahmad va sayt bosh muharriri Muhammad Temir A’zam bilan ham suhbatlashdi. Ularning har ikkalasi ham “ZO”R- TV” kanalida namoyish qilinayotgan “Sevgi iztirobi” filmi sof islomiy axloq normalari va milliy mentalitetga zidligi bois tanqid nishoniga aylanganligini aytishdi. Mubashshir Ahmadga ko‘ra¸ maqola Ziyovuddin Rahim degan yozuvchining Facebookdagi sahifasidan olib e’lon qilingan:

- Facebookdan olindi¸ degan ishorat qo‘ymaganimiz balki texnik xato bo‘lgandir¸ lekin “Sevgi iztirobi” filmini hech kim yaxshi ko‘rmasligi va bu filmning xalqimizga va islomga yotligi masalasida fikrim qat’iy¸ deydi sayt muassisi.

Sayt bosh muharriri Muhammad Temir A’zam “Millat xoinlarini tanib oling!” deb nomlangan maqola matnida ekstremistik chaqiriq yo‘q¸ deya ta’kidlaydi:

- Qanaqa ekstremizm bo‘lishi mumkin! Ziyovuddin Rahim to‘rt-beshta kitob chiqargan yozuvchi bo‘lsa! Barcha kitoblarini diniy qo‘mita izni bilan chop qilgan bo‘lsa! Ziyovuddin Rahim tanqid qilgan “Sevgi iztirobi” filmini sevib tomosha qilgan birorta ziyolini ko‘rmadim¸ deydi Muhammad Temir A’zam.

Dunyoni zabt qilgan sevgi hikoyasi

Turkiyada istiqomat qiladigan o‘zbek bloggeri Botir Hasanov “Sevgi iztirobi” filmi (turkchada Kara sevda) Turkiya va umuman dunyoning 28 mamlakatida sevib tomosha qilinayotganini aytadi:

- Turkiya ham islom ta’siridagi mamlakat¸ lekin hech kim bularga o‘xshab kino ijodkorlariga xoin¸ sotqin deb tamg‘a qo‘ymayapti. Bundan tashqari¸ film Pokiston¸ BAA¸ Misr kabi aholisi musulmon bo‘lgan mamlakatlarda ham namoyish qilinmoqda. Film hayot mashaqqatlari haqida. Bilmadim o‘zbek dindorlari nega bu kinoni tavqi la’nat qilayapti. Odamlarda tanlov huquqi bor. Bu huquqni cheklashga diniy guruhlarning haqqi yo‘q¸ deydi blogger.

"Serial ko‘rish huquqini cheklamang!"

Toshkentlik filolog olim Eldor Asanov Facebookdagi sahifasida o‘z millatdoshlariga tanlov huquqini ravo ko‘rmaganlarga xitob qildi.

“Demokratiya har kimga har qanday serialni ko‘rish huquqini ham, soqol qo‘yib yurish huquqini taqdim etadi. Lekin demokratiya ikki-uch chalasavod tirranchaga xalq nomidan gapirib, o‘z millatdoshlarining salmoqli qismini xoinlikda ayblashga huquq bermaydi. Buyog‘i demokratiya emas, vasvasa. Normal jamiyatda bu maqola muallifi eng kamida xalq nafratiga uchrar, yaxshisi esa adovat qo‘zg‘ayotgani uchun javobgarlikka tortilardi” deya yozadi filolog olim.

Islomiy saytning serialga ovoz bergan ijodkorlarni sazoyi qilishga chaqirgani ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida muhokama qilinmoqda. Facebook faoli Xurshid Yo‘ldoshev maqola muallifiga malomatli murojaat qildi.

“Avval ham vatangado, kafangado, millat xoini, din xoini, sotqin so‘zlarini ko‘p aytishardi. Endi bu so‘zlarni aytuvchilar soni yanada ortadi¸ shekilli. Kechagina o‘zlarining huquqlarini talab qilgan bu kimsalar erkinlik berilgan zahoti boshqalarning huquqini cheklashni talab qilishga o‘tishdi. Oxiri baxayr bo‘lsin ishqilib. O‘zlariga yoqmaganlarni millat xoiniga chiqarish doim bo‘lgan. Shunaqa kasofatlarning dastidan qancha odam ta’qibda yashagan.

Hey, sen, boshqalarni millatga xoinlikda ayblayotgan kimsa, vatandoshlaringning kamida yarmi shu filmlarni ko‘radi, juda ko‘pchiligi Yangi yilni, Navro‘zni bayram qiladi. Aslida sen va senga o‘xshaganlar ozchiliksan. Ko‘pchilik nomidan gapirib, kimlarnidir millat xoiniga chiqarishga senga kim huquq berdi? Nima, sen prezidentmisan, parlamentmisan, sudmisan, kimsan? Haddingni bil¸”deya ta’kidladi ijtimoiy tarmoqdagi faollardan biri Xurshid Yo‘ldoshev.

"Diniy senzura kerak emas!"

O‘zbekistonlik psixolog olim va shoir Mahmudjon Yo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda mamlakatda siyosiy senzura chekingan paytda diniy senzura yaratishga urinishlarni qoralaydi:

- Sizga senzorlikni hech kim yuklagan emas. Har kim izlaganini topadi. Har qanday kitobni xohlagan o‘qiydi. TVga kelsak, televizoringizni o‘chirib¸ yaxshigina uxlang. Boshqalar bilan nima ishingiz bor¸ deydi Mahmudjon Yo‘ldoshev.

O‘zbekistonda namoyish qilinayotgan “Sevgi iztiroblari” filmi bundan oldin Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilliging Telegram kanalida ham “Tavqi la’nat” qilingan edi.

XS
SM
MD
LG