Линклар

Шошилинч хабар
11 декабр 2018, Тошкент вақти: 03:44

Guvohlar: "Buxoro hokimi madrasa direktorini onasidan so‘kdi, ustalarni urib, soqolini oldirdi"


Buxorodagi Mir Arab madrasasi xonalaridan biri ta’mir paytida

Buxoro viloyat hokimi O‘ktam Barnoev prezident Mirziyovning 16 fevralga rejalashtirilgan Buxoro viloyatiga safari oldidan bino ta’mirini to‘liq tugatolmagan madrasa direktorini onasidan haqorat qildi, ustaboshinining qorniga musht tushirdi.

10 fevral kuni sodir bo‘lgan bu voqea haqda Ozodlikka xabar bergan bir-biridan mustaqil manbalarga ko‘ra, ustaboshining qarshiligiga uchragan hokim militsiya xodimlarini chaqirtirib 40 nafar ustani ichki ishlar boshqarmasiga olib ketishni buyurgan. U yerda haqoratlangan va kaltaklangan ustalarning soqoli oldirilgan.

O‘zbekiston prezidenti Buxoroga 16 fevral kuni keldi.

Uning kelishidan oldin, Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasini prezidentga ko‘rsatish uchun uni ta’mirlash haqida viloyat hokimi topshiriq bergan.

Madrasa talabalari qurilish ishlarida
Madrasa talabalari qurilish ishlarida

"Hokim Buxoroda hurmatli domlani onasidan so‘kdi"

10 fevral kuni madrasadagi ta’mir ishlarini ko‘rish uchun shahar hokimi Karim Kamolov bilan birga kelgan Buxoro viloyat hokimi O‘ktam Barnoevning madrasa direktori Jobir Elovni haqorat qilgani, Baxtiyor ismli ustaboshini urgani haqda shu voqea guvohlaridan biri Ozodlikka xabar berdi:

“Shanba kuni ertalab viloyat va shahar hokimi madrasaga kirib keldi. Bu paytda madrasada talabalar, domlalar va 40 nafargacha ustalar bor edi. Hokim O‘ktam Barnoev tahoratxona va oshxona hali bitmaganini ko‘rdi. Keyin shahar hokimi Karim Jamolovdan nega bitmadi, deb so‘radi. U ham “men bularga aytgan edim, bular bitirisholmadi”, dedi. Vaholanki shahar hokimi ikki-uch kun avval 100 ta usta keltiraman degandi, lekin keltirmadi, aybni direktorga to‘nkab qo‘ydi. Bir payt viloyat hokimi qo‘lini cho‘ntagidan chiqardi-da Jobir domlaga tashlanib, urmoqchi bo‘ldi. Domla o‘zini orqaga oldi. O‘ktam Barnoev "nega qilmading, onangni falon qilay, suka, jalab", deb domlani rosa haqorat qildi. Domla, boshlarini qimirlatib, “qilamiz, qilamiz”, deyishdan nariga o‘tolmadi. Hokim esa “shu paytgacha qilmading, endi onangni ...ni qilasanmi”, deb yana haqorat qildi deydi voqea guvohlaridan biri.

"Qo‘l ko‘tarmang, xohlamasam ishlamayman!"

Madrasa ta’mirida ishlagan, ismi sir qolishini so‘ragan ustalardan birining aytishicha, shundan so‘ng viloyat hokimi ustaboshiga qarab tashlangan:

“Ustaboshimiz Baxtiyor aka 50 yoshlardagi qo‘li gul hunarmand. Shu odamni ham hokim behurmat qilib so‘kdi va qorniga bir musht tushirdi. Lekin, yana urmoqchi bo‘lganida ustaboshi hokimning qo‘lini itarib tashladi va “qo‘l ko‘tarmang menga, men xohlamasam ishlamayman”, dedi. Bu gapdan hokim tutoqib ketdi va darhol militsiyani chaqirtirdi”, deydi ustalardan biri.

Madrasa tahoratxonasi
Madrasa tahoratxonasi

Antiqa jazo: "Soqoli qirilsin!"

Shundan so‘ng viloyat ichki ishlar boshqarmasidan 2 avtobusda 10 dan ortiq militsiya xodimlari kelib, 40 nafar ustani bosib olib ketgan:

“UVDga olib borib ikki soat ushlab turishdi, shunaqa ham haqoratlar qilishdiki, ilon ham po‘st tashlaydi. Yigitlarimizni urishdi ham, "senlarni ayblaringni bilamiz, tiqib yuboramiz", deb tahdid qilishdi. Va eng yomoni soqoli bor ustalarning hammasiga britva berib soqolini qirdirdi. Mening ham soqolimni qirdirishdi, hech bo‘lmasa suv beringlar soqolim qattiq desam, o‘lmaysan, deb masxara qilishdi. Keyin yana hammamizni avtobusga bosib, madrasaga qaytarib olib kelishdi”, deydi ustalardan biri.

Uning aytishicha, ular madrasa direktorining yaxshi gaplari va iltimosini inobatga olib, qattiq sovuq bo‘lsa ham 12-14 soatdan ishlashgan:

“Madrasa ta’miri hammomni ta’mir qilish degani emas, hamma ishni sabr bilan va puxta qilish kerak. Ayniqsa, bunga ustaboshimizning talabi juda qattiq. Hokim esa, tezroq tugat, men buni prezidentga ko‘rsatishim kerak, deydi. Ham xizmat qilib, ham haqorat eshitib, ham soqolimizdan ayrildik”, deydi usta.

Mir Arab madrasasi
Mir Arab madrasasi

"Prokuror hokim uchun uzr so‘raganday bo‘ldi"

Ismi sir qolishini istagan madrasa domlalaridan birining aytishicha, hokim olib ketilgan ustalar qaytarib olib kelguncha madrasada bo‘lgan:

“Soqollari olingan ustalarni qaytarib olib kelishganidan so‘ng, hokim bilan nachalьnik milisa ketdi, prokuror qoldi. U ustalarni oldiga kelib, hokimning bu xatti-harakati uchun uzr so‘raganday bo‘ldi. “Yigitlar, to‘g‘ri tushuninglar, hokim bir yarim yil bo‘ldi bu ishga tayinlanganiga, endi shuni va yana bir-ikki narsani prezidentga ko‘rsatmoqchilar. Xafa bo‘lmanglar”, dedi prokuror”, deydi madrasa domlalaridan biri.

"Ta’mir ishlari xarajati madrasa zimmasiga yuklatildi"

Madrasani kapital ta’mirlash haqida prezident Shavkat Mirziyoev o‘tgan yilning mart oyida Buxoroga kelganida topshiriq berib ketgan.

Joriy yilning fevralida prezidentning Buxoroga kelishi ma’lum bo‘lganidan so‘ng, viloyat hokimi ta’mirni zudlik bilan tugatish haqida topshiriq bergan.

Ismi sir qolishini so‘ragan madrasa mulozimlaridan birining aytishicha, ta’mir ishlari uchun byudjetdan bir so‘m ham pul ajratilmagan:

“O‘ziku bir so‘m pul ajratmadilar hokim janoblari. Ta’mirda yil davomida 100 nafargacha usta ishladi. Ularning ish haqi va qurilish mollarini ham hokim yana direktor Jobir domlaga yuklab ketdi. Umumiy hisobda Jobir domla shahardagi hoji akalardan 800 million so‘mga yaqin qarz ham bo‘lganlar. Umumiy ketgan pul esa, taxminan 3 milliard so‘mga boradi”, deydi mulozim.

Ta’mir prezident kelishiga tugatildi

Madrasada ishlagan ustalardan birining aytishicha, hokim 10 fevral kuni madrasaga kelib ketganidan so‘ng, yana 100 nafar usta yuborilgan va madrasaning oshxona va tahoratxonasidagi ta’mir ishlari prezidentning Buxoroga kelishiga qadar yakunlangan:

"O‘shandan so‘ng 24 soatlik ish joriy etildi. Smena bilan kechayu kunduz ishladik. Madrasa talabalari ham safarbar etildi. Ha bo‘l, ha bo‘l bilan bir amallab qolgan ishlarni tugatdik. Imkoni boricha ishni sifatli qilishga harakat qildik. O‘sha yuz nafar ustaning ish haqi ham madrasa direktori Jobir domlaning zimmasiga yuklandi. Bilmadim, prezident bu madrasani ko‘rgani keladimi, yo‘qmi, lekin ustalarning yuragida hokimning haqoratlaridan bir og‘riq oldi. Prezidentga maqtanish uchun birovning ko‘nglini og‘ritishning nima keragi bor, nahotki hokim degani ham shunaqa bo‘lsa? Prezident "mening vakilim" degani nahotki shunday bo‘lsa?", deydi ustalardan biri.

"Hokim prezident bilan yuribdi"

Ozodlik bu masalaga izoh olish uchun kun davomida viloyat hokimi bilan bog‘lanishga harakat qildi. Viloyat hokimi qabulxonasida o‘tirgan navbatchi mulozim, hokim Buxoroga kelgan prezident bilan birga yurgani sababli u bilan bog‘lanishning imkoni yo‘qligini gapirdi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasining navbatchisi 10 fevral kuni 40 nafar ustaning olib kelingani va soqoli olingani haqida ma’lumotga ega emasligini aytdi.

Karimov davrida Samarqand hokimligidan olingan Barnoev

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari bo‘lib ishlagan O‘ktam Barnoevni marhum prezident Islom Karimov 2008 yilda Samarqand viloyati hokimi qilib tayinlagan edi.

Lekin oradan ikki yil o‘tib 2010 yilning dekabrida Karimovning o‘zi uni tanqid qilib, hokimlikdan bo‘shatgan edi.

P.S. Maqola chop bo‘lganidan so‘ng Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoev ishdan olingani, uning o‘rniga Buxoro shahar hokimi bo‘lib ishlagan Karim Kamolov tayinlangani haqida xabar keldi. Viloyat hokimligi mulozimi bu xabarni tasdiqladi.

XS
SM
MD
LG