Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:49

Mirziyoev MXX faoliyatini 37-yildagi qatag‘onga qiyosladi


O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 fevral kuni Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanida viloyat faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda yana Milliy xavfsizlik xizmatini tanqid qildi.

Prezidentning aytishicha, MXXning Buxoro viloyatidagi xodimlari ham juda ko‘p adolatsizlikka yo‘l qo‘ygan, gunohsiz tadbirkorlarni olib borib qamagan.

Prezident so‘zlari yozilgan audiofaylni o‘sha majlisda ishtirok etgan faollardan biri Ozodlikka taqdim qildi.

Shavkat Mirziyoevning majlisda aytishicha, vakolat doirasidan chetga chiqib ketgan MXX xodimlarining faoliyati Buxoroda ham noroziliklar oshishiga sabab bo‘lgan:

“Barcha rahbarlar xotirjamlikka berilmasdan ko‘zini kattaroq ochadigan vaqt keldi. Ayniqsa shu to‘rtta rahbar, hozir beshinchisi ham qo‘shilgan. Bizda bitta tashkilot bor, milliy xavfsizlik degan janoblar bor. Sizlar hammalaring bilyapsizlar, qanaqa o‘zgarishlar O‘zbekistonda bo‘lyapti. Bitta davlatning idorasiga shuncha vakolat berish, bu umuman davlatga bo‘lgan qip-qizil xiyonatchilik. Shuning uchun Buxoroda ham norozichilik. Menga kelgan xatlar (mualliflari. -tahr) juda norozi. Tadbirkorlarni boshini yegan o‘sha tashkilotlar haliyam bor”, deydi prezident.

Prezidentning aytishicha, uning qo‘lida MXXning Buxorodagi jinoyatlari haqida yetarli dalillar bor:

“Buxorodan menda juda ko‘p manba bor. Tadbirkorlarni aybsiz qamagani, qanday qiynagani, rasmlari ham bor menda. O‘sha ishni qilgan tergovchilarning hammasining familiyasi bor. Xudo xohlasa, sog‘-salomat yursak, vaqt keladi, televizorda ko‘rasizlar. Ularni ham xuddi shu kuyga soldiraman. Nima uchun, adolat bo‘lishi kerak. Yigirma yil bo‘lsa, yigirma yil qamaladi”, deydi prezident.

Shavkat Mirziyoevning aytishicha, MXX dastidan juda ko‘p tadbirkorlar Buxoroni tark qilishga majbur bo‘lgan:

“Bitta salgina ko‘kargan odamni taging kim, otang kim, onang kim deb tekshiraverib hammani o‘ldirdi, hamma ishbilarmon Buxorodan ko‘chib ketdi. Boshqa davlatlarda, boshqa yurtlarda, boshqa shaharlarda sarson-sargardon bo‘lib yuribdi, bu ham haqiqat. Shuning uchun bu janoblarni ham joyiga qo‘yib, mana o‘tiribdi ko‘pi erga qarab. Bular bunday majlislarga kelmas edi, bular go‘yoki o‘zlari o‘o‘o‘o‘ kattakon edi. Bularni xuddi ota-onasidan qolgan bir vakolati borday, amir Olimxon ham tug‘ilganda bularga buncha vakolat bermas edi”, deydi prezident.

MXXga berilgan cheksiz vakolatni tanqid qilgan prezident, tizim faoliyatini o‘tgan asrning 30-yillaridagi qatag‘onga solishtirdi:

“Bularga hech kim bunday vakolat bermagan, lekin o‘zlari oldi. Agar adolat kerak bo‘lsa, mana shu adolatni, albatta qonun ustivor bo‘ladimi, jazo muqarrar bo‘ladimi, tartib bundan ham qattiq bo‘ladi, lekin adolatli bo‘ladi. Bitta pogon kiygan noinsoflarga birorta davlatda unday vakolat berilmaydi. 37-yil ham bunday emas. Shuning uchun hamma narsa joy-joyiga, men hozir aytmoqchi emasman, ularning ko‘pi qonun oldida javob berishni boshladi. Bulbulday sayraydi, bulbulchadek. Hali kirgan yo‘q ular, ko‘p fuqarolarni kirgizgan joyiga”, deydi prezident.

Shavkat Mirziyoev MXXni “quturgan it”ga qiyoslab, ular “kerak bo‘lsa stolbani ham qamashini” aytadi:

“Mana bir-ikkitalari umrbod qamoqqa ketdi, hamma pogonini olib tashladik. Bularni ham shunday qilamiz, nega desangiz eng yomon illatli tashkilot Surxondaryo bilan Buxoroda bo‘lib, bular juda quturgan edi. Kechirasizlar, qo‘polroq bo‘lsa ham. O‘tiribdi, mana, shu tashkilotning rahbarlari. Hech yoqqa bormaydi bular endi, shunday ishlaydiki, o‘ho‘o‘ ko‘rasiz, hali. Buxoroda boshlayapmiz tozalashni, Buxoroda bu tashkilot quturgan it edi. Xohlagan odamni nima qilsa, qilardi. Kerak bo‘lsa, stolbani ham borib qamardi. Adolat baribir o‘rnatamiz, mana uch-to‘rttasini jilovini ushlab ichkariga kirgizuvdik, o‘n kun bo‘lgani yo‘q, kim topshiriq bergan, nima qilgan, Buxoro to‘g‘risida, bulbulday sayrayapti”, dedi Shavkat Mirziyoev 16 fevral kuni Buxoro viloyatining Peshko‘ tumanida viloyat faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda.

Prezident Karimovning o‘zi 2010 yilning 17 dekabr kuni Samarqandda qilgan chiqishida¸ 2008-2010 yillar orasida 1391 nafar mansabdor shaxsning korrupsiyada ayblanganini tilga olgan edi. Ular aksariyatining MXX tomonidan hibsga olingani aytiladi.

Prezidentning 19 yanvar kuni Qiziriq tumani hokimligi binosida Surxondaryo viloyati faollari bilan o‘tkazgan uchrashuvidagi nutqida Respublika MXX raisining 3 muovini va o‘nlab zobitlar ishdan olinganini aytgan edi.

"Milliy xavfsizlik bizga kerak¸ adolatli halol pok odamlar kerak bizga. Bizga hokimni va boshqa davlat organlarini orqasidan poylaydigan xizmat kerak emas. Bo‘ldi u zamon tugadi!! Qo‘ldan kelmasa vallomatini ham ishdan olaman. (Shu gapdan 11 kun o‘tib MXX raisi Inoyatov ishdan olindi.taxr) Mana shuni bilinglar hammalaring. Davlat davlatchiligini qiladi. Hamma o‘z ishi bilan shug‘ullansin. Ularga bunday huquqni bergan bo‘lsa oldingi rahbarlar. Endi undaqa rahbarlar yo‘q. Pogonni kim bergan bu noinsoflarga? Xalq bergan"¸ deya gapiradi Mirziyoev 19 yanvar kuni Qiziriq tumani hokimligi binosida qilgan chiqishida.

Prezident MXX raisi ishdan olinishidan 11 kun oldin uning uch o‘rinbosari va MXXning viloyatlardagi 11 nafar rahbarini ham ishdan olingan edi.

XS
SM
MD
LG