Линклар

Шошилинч хабар
19 октябр 2018, Тошкент вақти: 06:18

ZO’R TV “Sevgi iztirobi” seriali namoyishini to‘xtatdi


16 fevral kuni O‘zbekistondagi ZO’R TV kanali bahsga sabab bo‘lgan Turkiyaning “Sevgi iztirobi” seriali namoyishini to‘xtatdi. Ushbu serialga ovoz bergan aktyorlarga nisbatan islomiy sayt orqali tahdid qilinib, serial islomiy axloq normalariga zid ekani iddao etilgandi. Sayt materiallarini ekspertiza qilayotgan mutasaddi tashkilotlar hozircha ishni yakunlamagan.

Serial to‘xtatildi

ZO’R TV kanali 3,5 oydan buyon namoyish etilayotgan “Sevgi iztirobi” seriali juma kuni to‘xtatilganini e’lon qildi.

16 fevral kuni ushbu serialning o‘zbekchaga o‘girilgan 120-qismi namoyish qilinib, film so‘nggida “1-fasl tugadi” degan yozuv berildi.

ZO’R TV kanalidan olingan ma’lumotga ko‘ra, serial namoyishi hozircha to‘xtatilgan va uning keyingi taqdiri noma’lum bo‘lib turibdi:

Tepadan buyruq keldi, “Sevgi iztirobi” serialini to‘xtat” degan. Shunga kecha to‘xtatib, “1-fasl tugadi” deb e’lon qildik. Hozir o‘zimiz ham bilmayapmiz, keyin nima bo‘lishini. Balki umuman taqiqlashar, balki ruxsat berishar. Aniq javob o‘zimizda ham yo‘q”, dedi ZO’R TV kanali xodimlaridan biri.

Telekanal xodimi “tepa” deganda kimni yoki qaysi tashkilotni nazarda tutganini ochiqlamadi.

Mazkur serial qahramonlaridan biriga ovoz bergan aktyor Alisher Uzoqov 16 fevral kuni Instagramdagi o‘z sahifasida “Bugun so‘nggi marotaba qahramonlaringizni ko‘rib qoling...”, deya yozdi, biroq nimaga bunday yozganini ochiqlamadi.

Aktyorlarga tahdid

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan ro‘yxatga olingan azon.uz axborot portalida 14 fevral kuni e’lon qilingan maqolada “ZO”R- TV” kanalida namoyish qilinayotgan “Sevgi iztirobi” filmini turkchadan o‘zbekchaga dublyaj qilgan aktyorlar guruhi tahdid nishoni bo‘lgan.

Maqolada dublyaj xizmati xodimlarining ishi “haromligi”¸ ularning “bolasiga harom luqma yedirgani” haqida yozilib, aktyorlarni sazoyi qilishga chaqirilgan edi.

Ayni nashr keyingi o‘n kun ichida turk serialining sof islomiy axloq normalariga zid ekani iddao etilgan bir nechta maqolani e’lon qilgan.

15 fevral kuni Ozodlik maqolani nashr qilgan portal muassisi Mubashshir Ahmad va sayt bosh muharriri Muhammad Temir A’zam bilan ham suhbatlashgan. Ularning har ikkalasi ham “ZO”R- TV” kanalida namoyish qilinayotgan “Sevgi iztirobi” filmi sof islomiy axloq normalari va milliy mentalitetga zidligi bois tanqid nishoniga aylanganligini aytishgan, biroq ular e’lon qilgan maqolada ekstremistik chaqiriq yo‘q¸ deya ta’kidlashgandi.

Chora ko‘riladi

15 fevral kuni O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi va O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi vakillari Ozodlik bilan suhbatda azon.uz sayti aktyorlarga tahdid qilingan maqolasi orqali mavjud qonunni buzgani va ushbu sayt materiallari ekspertizaga berilganini aytishgan edi.

Ozodlik 17 fevral kuni ushbu ikkala tashkilot bilan bog‘lanib, “hali ekspertiza natijalari ma’lum emasligi” haqidagi javobni oldi.

"Sevgi iztirobi" serialining to‘xtatilishi ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida keng muhokama qilinmoqda. Ayrimlar, serial to‘xtatilganiniga afsus bildirsa, ba’zilar buni olqishlagan.

O‘zbekistonda namoyish qilinayotgan “Sevgi iztiroblari” filmi bundan oldin Musulmonlar idorasi Toshkent shahar vakilligining Telegram kanalida ham “Tavqi la’nat” qilingan edi.

XS
SM
MD
LG