Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 02:25

Mirziyoevning bozorni xorijlik sarmoyadorga berish taklifi muhokamaga qo‘yildi


Prezident Shavkat Mirziyoevning "Tijorat tashkilotlarida davlat ishtirokini yanada kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar haqida"gi qarori loyihasi​ Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida muhokamaga qo‘yildi.

Loyihada Toshkentdagi dehqon bozorlaridan biri va bitta savdo markazini xususiy, jumladan, xorijiy shirkatga berish taklif qilingan.

14 fevralda davlat xizmatlari portalida e’lon qilingan ushbu hujjat loyihasida qator takliflar muhokamaga qo‘yilgan va muhokama 1 martda yakuniga yetadi.

Xususan, dehqon bozorlari va savdo majmualarini xususiy sektorga berish bo‘yicha ilk tajribani Toshkentda o‘tkazish taklif qilingan.

Prezident qarori loyihasida aytilishicha, shahar hokimligiga tajriba o‘tkaziladigan dehqon bozori va savdo majmuasini tanlashi uchun 3 oy muddat berish lozim.

So‘ngra, tanlangan savdo ob’ektlari shartnoma asosida yaxshi tajribaga ega bo‘lgan shirkat, shu jumladan, xorijiy shirkat boshqaruviga beriladi.

Hujjatda, shuningdek, "boshlang‘ich loyiha natijasiga ko‘ra, 2019 yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davlat mulkini, shu jumladan, davlat ulushlari va davlat idoralaridagi mulkni biznes operatorlariga o‘tkazish bo‘yicha takliflarni taqdim qilish" aytilgan.

Hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan ushbu loyiha tasdiqlanishi, o‘zgarishi yoxud bekor qilinishi mumkin.

Hozirda O‘zbekistondagi aksar dehqon bozorlarining nizom kaptalidagi asosiy ulush davlatga tegishli.

Prezidentning 2015 yil 28 apreldagi qaroriga binoan ikki yil ichida bozorlardagi davlat ulushini 51 foizga qadar tushirish ko‘zda tutilgan edi.

Ammo, Nuz.uz saytida keltirilishicha, aksar bozorlarda davlat ulushi hanuz 53 foizdan 99 foizga qadar saqlanib qolmoqda.

Xabarda aytilishicha, jumladan, Toshkentning "Farhod dehqon bozori"da 99,4 foiz, "Yunusobod dehqon bozori"da 94,9 foiz, "Oloy dehqon bozori"da 98,7 foiz, "Aviasozlar dehqon bozori"da 88,7 foiz, "Eski jo‘va" dehqon bozorida esa 78,5 foiz ulush davlatga qarashlidir.

XS
SM
MD
LG