Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi chinozlik “Ahmadboy” nomi bilan tanilgan Ahmadjon Tursunboev 13 yillik qamoqqa hukm qildi.
Sud majlisida qatnashgan "Ezgulik" inson huquqlari jamiyatining Toshkent viloyat bo‘limi raisi, jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, sudya hozirda odamlarning mulkini qaytarish bo‘yicha alohida jinoyat ishi tergovi borayotganini aytgan. Mulklar va pullar masalasi shu jinoyat ishi doirasida ko‘rib chiqiladi.
Sudda e’lon qilingan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, tergovi borayotgan ish doirasida juda ko‘p ko‘chmas mulk, moddiy-tovar boyliklar, shu jumladan, avtomobillar, shuningdek, 12 yarim million AQSh dollari miqdoridagi pul xatlab qo‘yilgan.
Ahmadjon Tursunboevga bergan pulini qaytib ololmaganlarga tegishli tartibda sudga murojaat qilish tavsiya qilindi.
Quyida jurnalist Abdurahmon Tashanov bilan suhbatni tinglang:
Abdurahmon Tashanovning aytishicha, Ahmadjon Tursunboev 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan va ayni paytda, unga nisbatan amnistiya qo‘llanib, jazo muddatining to‘rtdan bir qismi qisqartirilgan.
Ahmadjon Tursunboev, shuningdek, bir yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etildi, 52 mln 96 ming so‘m miqdorida jarima jazosi ham tayinlandi.
U jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘taydigan bo‘ldi. Jazoni o‘tash muddati 2016 yil 16 iyundan boshlab hisoblanadi.
Xalq orasida Ahmadboy nomi bilan tanilgan “Chinoz halol chorva” va “Chinoz avto hamkor” MChJ muassisi bo‘lgan sudlanuvchi bir yilda ikki barobar qilib qaytarish sharti bilan odamlarning katta mablag‘ini noqonuniy ravishda olganlikda ayblanib, 2016 yilda MXX tomonidan hibsga olingan edi.
Tursunboev ustidan mahkama 2017 yil yozida boshlangan bo‘lsa-da¸ hozirga qadar bu jaran haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.
Joriy yil 30 yanvar kuni “O‘zbekiston24” telekanali tarqatgan xabarga ko‘ra, shu kungacha Ahmadboyga garovga berilgan 105 ta avtomobil egalariga topshirilgan.
38 yashar Tursunboevga pul va boshqa qimmatbaho buyumlarini bergan o‘zbekistonliklar sonining bir necha o‘n mingdan ko‘p ekani aytiladi.