Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:43

Farg‘ona “SUM”i sobiq egasi viloyat hokimi ustidan Prezidentga videomurojaat yo‘lladi


Tadbirkor Hamidulla Topvoldiev
Tadbirkor Hamidulla Topvoldiev

Farg‘onadagi Markaziy univermagning (SUM) sobiq egasi tadbirkor Hamidulla Topvoldiev viloyat hokimi Shuhrat G‘anievning ustidan arz qilib, O‘zbekiston prezidentiga videomurojaat yo‘lladi.

Tadbirkorning aytishicha, "o‘zini viloyatning ham hokimi, ham sudyasi, ham prokurori sifatida tutayotgan" Shuhrat G‘aniev o‘zi istagan har qanday tadbirkorlik ob’ektini noqonuniy tortib olyapti.

Topvoldievning iddaosicha, uning xususiy mulki bo‘lgan Farg‘onadagi “SUM” binosi noqonuniy kimoshdi savdosida sotib yuborilgan.

Tadbirkorning bu haqda viloyatdagi sud va prokuratura idoralariga qilgan murojaatlari qoniqarsiz qolgan va ish Oliy sudgacha yetib borgan.

Oliy Sud qayta ko‘rib chiqish uchun ishni Andijon viloyat Iqtisodiyot sudiga yuborgan.

Tadbirkorning aytishicha, sud yana viloyat hokimining foydasiga qaror chiqargan. Andijon viloyat Iqtisodiyot sudi sudyasi Orif Qo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda, o‘z qarori to‘g‘ri chiqarilganini aytdi.​

Va nihoyat, Hamidulla Topvoldiev viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev ustidan prezidentga videoshikoyat yo‘lladi

Президентга мурожаат қилган фарғоналик тадбиркор
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:28 0:00
Бевосита линк

Farg‘onalik 55 yashar tadbirkor Hamidulla Topivoldievning O‘zbekiston prezidentiga videomurojaatida iddao qilishicha, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniev uning xususiy mulki bo‘lgan SUMni “Mehnat OIL” tashkilotiga 2016 yilda noqonuniy sottirib yuborgan.

Hamidulla Topivoldiev ta’sis qilgan “Miss Nozilabegim” MChJga qarashli bu bino 2012 yilda Bosh Vazirning topshirig‘i bilan rekonstruksiya qilinadigan binolar ro‘yxatiga tushgan edi.

Bosh vazir protokoliga asoslanib, bino rekonstruksiyasiga Ipoteka bankidan 7 milliard so‘m kredit ajratilgan.

Buncha pulni olish uchun garovga qo‘yiladigan ob’ekti bo‘lmagani sababli, tadbirkor, avval bankdan 3 milliard so‘m kredit olib, o‘z mablag‘ini qo‘shgan holda jami 5 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlarini bajargan.

Bank ikkinchi muddatga beriladigan 4 milliard so‘mni berishdan bosh tortgani sababli, rekonstruksiya ishlari to‘xtab qolgan.

Avvalgi kredit qaytarilmagani uchun bank MChJni viloyat xo‘jalik sudiga bergan.

Tadbirkorning iddao qilishicha, sud tomonidan baholatishga berilgan ekspertiza tashkiloti, buzib tashlangan binolar qiymatini juda kam - 3,3 millaird so‘mga baholagan.

Tadbirkor bu yuzadan viloyat prokuraturasiga arz qilgan, prokuror protestidan so‘ng, apellyatsiya sudi asosiy binoning o‘zini 6,7 milliard so‘mga baholagan.

"Lekin, - deydi Hamidulla Topivoldiev, - biz qilgan sarf-harajatlarni inobatga olmay, bank binoni birja savdosiga chiqarib yuborgan".

2016 yilning 9 avgustida “EFFECT REAL GROUP” MChJ binoni auksionga qo‘ygan. Bu haqda gazetalarda e’lon berilgan.

Tadbirkorning aytishicha, bu auksionda qatnashmoqchi bo‘lgan bir qancha tashkilot vakillari korxona ahvolini ko‘rib va uning rahbari bilan suhbatdan so‘ng qaytib ketgan:

“Auksionga bir kun qolganida “Agrofirma mehnat” MChJga qarashli “ASVEN DISILLERIS” va “MEHNAT OIL” MChJlar SUM binosi va holatini o‘rganmasdan auksionda qatnashish uchun pul mablag‘larini o‘tkazishdi. Biz bundan norozi bo‘lib, xo‘jalik sudiga da’vo arizasi kiritdik. Sud jarayonida bu ikki MChJni egasi bir odam ekanligi aniqlandi. Lekin shunday bo‘lsa ham, Shuhrat G‘anievning tazyig‘i bilan “MEHNAT OIL” MChJ foydasiga sud qaror chiqarib berdi. Shunday qilib, 10 milliard so‘m turadigan bino-inshootlarimizni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev 4,089 millard so‘mga sottirib yubordi”, deydi Hamidulla Topivoldiev.

Tadbirkorning aytishicha, u shundan so‘ng viloyatdagi barcha sud va prokuratura idoralariga shikoyat qilgan, lekin ular sudning qarorini to‘g‘ri deb topgan:

“Menga Shuhrat G‘aniev to‘g‘ri yuzimga aytgan, agar tashkilotingni bermasang seni qamataman, degan. Lekin men prezident portaliga murojaat qildim. Portal shikoyatimni Bosh prokuraturaga chiqardi. Bosh prokuratura bu ishni ko‘rib chiqib respublika Oliy Sudiga protest kiritdi. Oliy sud ishni ko‘rib chiqib Farg‘ona viloyatida chiqarilgan barcha sud ajrimlarini bekor qildi va qaytadan ko‘rib chiqish uchun Andijon viloyat Iqtisodiyot sudiga yubordi”, deydi Hamidulla Topivoldiev.

Andijon viloyat Iqtisodiyot sudi bu ishni ko‘rib chiqib, “Miss Nozilabegim” MChJga qarashli bo‘lgan barcha bino va inshootlarni qaytadan ekspertiza qilish uchun 2017 yilning 27 avgustida qaror chiqargan.

“Andijon viloyat Iqtisodiyot sudi materialni olti oy sudrab yurib, respublika Bosh prokuraturasi va Oliy sudi qarorlarini inobatga olmay, Shuhrat G‘anievning odamlari foydasiga qaror chiqarib berdi. Sudya Orif Qo‘ldoshev davlat boji to‘laganimizga qaramasdan yana davlat boji to‘lash haqida ajrim chiqardi. Farg‘ona viloyatida muhit shunaqaki, kim Shuhrat G‘anievni moddiy qiziqtirsa o‘shaning gapi gap bo‘lib chiqyapti. Bizning davlatimiz va prezidentimiz chiqargan qonunlar Farg‘ona viloyatida ishlamayapti”, dedi tadbirkor Hamidulla Topivoldiev.

Andijon viloyat Iqtisodiyot sudi sudyasi Orif Qo‘ldoshev Ozodlik bilan suhbatda, bu haqdagi qaror to‘g‘ri chiqarilganini aytdi:

- Biz bu ish bo‘yicha ekspertiza tayinlagan edik, ekspertizadan keyin shu aniq bo‘ldiki, shu oldingi taraflar o‘rtasidagi kelishuvni ekspertiza past baholagan ekan, hozirgi holat bo‘yicha u yerda ta’mirlash ishlari borayotganligi sababli. Shuning uchun biz taraflar fikrini inobatga oldik, ekspertiza xulosalarini inobatga olmadik va kelishuv bahosini belgilab qo‘ydik.

Ozodlik: Da’vogar oldingi ekspertiza xulosasidan norozilik bildirganku?

Orif Qo‘ldoshev: Rayosat qarori bo‘yicha yangi ekspertiza tayinlashdi, hammasi nazoratda. Biz eskspertiza tayinlasak yanada narxidan pastlab qo‘ydida, shuning uchun ekspertizaning xulosasini inobatga olmasdan, taraflarning kelishuvini inobatga oldik va oldingi summa bo‘yicha qaror chiqarib berdik. Agar norozi bo‘lishsa, qaytadan shikoyat qilish huquqi bor, bizda hech qanaqa cheklov yo‘q.

Ozodlik: Da’vogar ekspertiza xolis bo‘lmagan, nega sud yana avval ekspertiza qilganlarga bu ishni topshirdi. Xolis bir ekspertiza qilishning imkoni yo‘qmidi?

- Bizlar ekspertizani Toshkentga berganmiz, ular o‘z vakolati doirasida Farg‘onaga bergan. Biz respublikaga chiqarib berganmiz, ajrimning o‘zini. Ular endi, Farg‘onadagi filialiga yuklab qo‘yganda. Bizlar aynan Farg‘onaga berilsin demaganmiz, bu respublikadan ko‘rsatilgan, dedi Andijon viloyati Iqtisodiyot sudi sudьyasi Orif Qo‘ldoshev.

Tadbirkor respublika Oliy sudi qarorini bajarmagan Andijon viloyat Iqtisodiyot sudi qarori ustidan yana Bosh prokuratura va Oliy Sudga shikoyat arizasi kiritganini aytdi.

Farg‘ona viloyat hokimi Shuhrat G‘anievdan tadbirkor iddaolariga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi. Hokim, odatdagidek, Ozodlik radiosidan ekanligimizni bilgach, aloqani uzib qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG