Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 19:00

OzodDayjest: Maddohlik va yolg‘on o‘zbek jamiyati taraqqiyotiga tushov bo‘layotgan illatlar deb qoralandi


Deputat: Namanganda go‘daklar o‘limi ko‘payib bormoqda

Namangan viloyatida go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi oshib bormoqda (“Jamiyat”, 16 fevral).

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sattor Rahmatovga ko‘ra, 2017 yilning 9 oyida viloyatda 649 nafar go‘dak nobud bo‘lgan. Bu esa mamlakat bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich. Qonunchilik palatasi viloyatdagi vaziyatni o‘rganib, tibbiy xizmatlar qoniqarsiz degan xulosaga kelgan.

Masalan, To‘raqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limi eski binoda joylashgan. Xonalar qishda sovuq, yozda issiq. Tibbiyot birlashmasining patologoanatomik xizmati uchun bittagina xona ajratilgan bo‘lib, u ham avariya va antisanitariya holatida.

Shu kabi kamchiliklar Pop, Chust, Uychi tumani va Namangan shahrida ham aniqlangan. Birlamchi tibbiyot muassasalarida tibbiy ko‘rik nomiga o‘tkazilgan, qayd etilgan kasalliklar davolanmagan.

Tibbiyot mutaxassislarining bilimi va malakasi ham pastligi aniqlangan. Deputat S.Rahmatovning ogohlantirishicha, viloyat tibbiy tizimidagi kamchiliklar zudlik bilan bartaraf etilmasa, go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi o‘sishda davom etadi.

“O‘zbek jamiyati munofiqlik va maddohlikdan voz kechishi kerak”

O‘zbekistonda barqarorlikni saqlab qolish uchun jamiyat eng avvalo yolg‘ondan voz kechishi kerak (“Hurriyat”, 21 fevral).

“O‘qituvchi, shifokor, nafaqachi (nafaqaxo‘r emas!), ziyolilarning jamiyat ijtimoiy hayotida mavqei va ijtimoiy ahvoli past bo‘lsa, buyuk kelajak haqidagi o‘ylar yolg‘ondir! To davlat rahbari aytmaguncha yoki tepadan topshiriq bo‘lmaguncha nima ish qilishi kerakliligini bilmay o‘tiradigan amaldorlarning fidoyiligi yolg‘on! Pora orqali mansabga o‘tirayotganlarning davlatga xizmat qilish da’vosi yolg‘on! Pora olayotganlarning o‘zlarini hojatbaror deb bilishlari yolg‘on!” deb yozadi muallif.

Maqolada yozilishicha, bugun O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, islohotlar, muammolar to‘g‘risida konstruktiv muloqot o‘rnini yig‘ilish va majlislar, teleko‘rsatuvlarda aravani quruq olib qochishu Feysbuk sahifalarida davlat rahbarini, hukumatni ko‘kka ko‘tarish tendensiyasi egallab oldi.

Gazetaga ko‘ra, o‘zbek jamiyati ana shu illat – maddohlikdan ham voz kechishi kerak. Negaki, odatda, maqtov va aldov davlat rahbarining ko‘zini ko‘r qiladi va haqiqiy ahvoldan uzoqlashtiradi.

Rejissyor Rashid Malikov: Kino rahbariyati “sallani olib kel” desa, kallani ham qo‘shib olib kelmoqchi

“O‘zbekkino” milliy agentligi birdaniga 20 ta tarixiy filmni suratga olishga kirishgani to‘g‘ri emas, deb hisoblaydi rejissyor va stsenariynavis Rashid Malikov (“Darakchi”, 22 fevral).

“O‘zbekkino”ga aslida rahbariyatidan shunday topshiriq kelgan. Lekin bizning ijodkorlarning eng katta kamchiligi bu “sallasini olib kel”, desa “kallasi bilan birga olib kelishi”dir. 20 ta tarixiy filmning hammasini bir vaqtda suratga olish juda noto‘g‘ri ish. Birinchidan, “O‘zbekfilm”ning tarixiy kartinalar suratga olish uchun imkoniyati yo‘q. Ikkinchidan, liboslarini bir ko‘zdan kechiring, mos keladiganini topolmaysiz. Axir, faqat boshga salla o‘rab, soqol qo‘yish bilan ish bitmaydi-ku!” deydi R.Malikov.

Rejissyorga ko‘ra, 20 ta filmga ajratiladigan mablag‘ni bitta filmga sarflab, saviyali kinoasar yaratgan ma’qul.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekkino” milliy agentligi Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur singari o‘nlab tarixiy shaxslar haqida badiiy, hujjatlar filmlar suratga olinishi haqida ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG