Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:43

Namanganda fermerlardan shartnoma bo‘sh blankasiga majburan muhr va imzo qo‘ydirib olindi


Pop tumani hokimligi
Pop tumani hokimligi

Namangan viloyati Pop tumani fermerlari bug‘doy va paxta tayyorlash kontraktatsiya shartnomasining bo‘sh blankasiga imzo va muhr bosishga majburlandi. Bu haqda Ozodlikka 21 fevral kuni tuman madaniyat saroyiga chaqirtirilib imzo qo‘yishga majburlangan fermerlar aytdi. Tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mulozimi Qahramon Qurbonov fermerlar iddaolarini inkor qildi.

Bo‘sh blankali shartnoma

Fermerlarning Ozodlikka aytishicha, Pop tumanidagi 300 nafardan ortiq fermer 21 fevral kuni ertalab tuman madaniyat saroyiga shoshilinch tarzda chaqirtirilib, ulardan avvaldan tayyorlangan, lekin har gektardan olinadigan hosil sentneri ko‘rsatilmagan bo‘sh kontraktatsiya shartnomalariga majburiy tarzda imzo va muhr qo‘ydirib olingan.

Pop tumanida fermerlar bo‘sh blankalarga muhr va imzo qo‘yib bermoqda
Pop tumanida fermerlar bo‘sh blankalarga muhr va imzo qo‘yib bermoqda

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan fermerlarning aytishlaricha, yig‘ilishga kelmagan yana 200 nafar fermer militsiya xodimlari tomonidan majburan olib kelingan.

Madaniyat saroyiga "qamalgan" fermerlar

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, bo‘sh blankadagi shartnomani imzolamaguncha, birorta ham fermerga ketishga ruxsat berilmagan:

“Madaniyat saroyiga qamab olib hech narsa yozilmagan shartnoma qog‘oziga muhr va qo‘l qo‘ydirib olishdi. Agar imzolab bermasang yeringni olaman, deb tahdid qilishdi. Fermerlar shartnomada nima yozilishini, qancha plan qo‘yilganini, qancha paxta ekish kerakligini ham bilmaydi. Qishloq xo‘jalik boshqarmasiga Qahramon Qurbonov ishga kelganidan keyin, ikki yildan buyon shunday holat bo‘lmoqda”, deydi fermerlardan biri.

Fermerning aytishicha, ular uch nusxadagi shartnomaga imzo va muhr qo‘yib bergan:

“Hozir bizning qo‘limizda shartnomaning birorta ham nusxasi qolmagan. Hammasini olib ketishdi. O‘zlari gektar va planni qo‘yib keyin may oylarida bizga qaytarib berishadi, o‘tgan yil ham shunday bo‘lgan edi”, deydi fermer.

"Mirziyoevning aytganini emas, o‘z bilganini qiladigan hokimlik"

O‘sha kungi yig‘ilishda ishtirok etgan boshqa bir fermerning aytishicha, prezident yerdan oqilona foydalanish, paxta kam hosil beradigan yerlarda boshqa ekinlarni ekishni tavsiya qilib turgan bir paytda, tuman hokimligi yana o‘z bilganicha ish tutmoqda:

“Bu hokimu mulozimlar na fermerning fikriga quloq soladi, na yerning qancha hosil berish imkonini hisobga oladi. Qonun bo‘yicha shartnoma ikki tomon manfaati hisobga olingan holda tuzilishi kerak. Lekin Qahramonning o‘z mustaqil hokimiyati borligi sababli bu qonunlar oyoq osti qilinyapti. Bunday zo‘ravon siyosat natijasida shartnomada oshirib ko‘rsatilgan rejani bajarolmay, yuzlab fermerlar ishni tashlab ketdi”, deydi fermer.

Qurbonov: Bo‘sh blankaga imzo qo‘ydirish bo‘lmadi

Fermerning aytishicha, Qahramon Qurbonov o‘tgan yili qishloq xo‘jaligidagi qonunbuzarligi uchun sudlangan va sud uni rahbarlik lavozimlarida uch yil ishlamaslik haqida qaror chiqargan bo‘lsa ham u mansabida qolmoqda.

Qahramon Qurbonov Ozodlik bilan suhbatda avval o‘zini boshqarma rahbari o‘rinbosari deb tanishtirgan bo‘lsa, unga rahbarlik lavozimida uch yil ishlamasligi haqida sud qarori borligini Ozodlik eslatganidan so‘ng, “boshqarmada o‘rinbosar emas, oddiy mutaxassisman”, dedi. Ayni paytda u sudlangani va rahbarlik lavozimida ishlamasligi haqida sud qarori borligini tasdiqladi.

Qurbonov Ozodlikning fermerlar iddaolari borasidagi savoliga javob berar ekan, bo‘sh blankaga imzo qo‘ydirish holati bo‘lganini inkor qildi:

“Bunday bo‘lishi mumkin emas. Biz zavodga razmesheniyalarni berganmiz, razmesheniyada gektari, sentneri turibdi. Hech kim ularga pustoy shartnomaga qo‘l qo‘y, muhr bos degan joyi yo‘q, hech kim ularni zo‘rlagan yo‘q. Shartnoma ilgari tuzilgan, yangilaganimizning sababi paxtani narxi o‘zgardi. Narxni yangiladik, xolos. U yerda paxta zavodi vakillari turdi, bizning vazifamiz fermerlarni tashkillashtirish bo‘ldi”, dedi mulozim.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:10 0:00
Бевосита линк

Namangan viloyatining aynan Pop tumanida o‘tgan yili ham fermerlarning bo‘sh kontraktatsiya shartnomalariga majburan imzo va muhr qo‘ydirilgani haqida o‘tgan yilning yanvar oyida Ozodlik xabar bergan edi.

Prezident Shavkat Mirziyoev ham 2016 yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda fermerlarning shartnomalar bo‘sh blankalariga majburan qo‘l qo‘ydirib olish holatlari borligini aytib, buni tanqid qilgan edi:

“Mana, fermerlarning o‘zidan so‘raylik. Oxirgi o‘n yilda ximiya mahsulotlarini o‘n marta oshirgansiz. Bechora fermer ximiyani (mineral o‘g‘itlar – tahririyat) oladida, hech qaerga qo‘l qo‘ymaydi. Oxirida xohlagan narxni qo‘yasizlarda qo‘l qo‘ydirib olasizlar. Oqibatda fermerning debitorlik qarzi oshib ketadi. Men sizlar bilan (bunday sharoitda – tahririyat) qanday ishlay olaman”, degan edi prezident.

XS
SM
MD
LG