Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 20:48

Rossiyada 4ta konsullik ochildi, Buxorodan Rossiyaga avtobus qatnovi boshlanadi


Moskvadan O‘zbekistonga yo‘l olgan avtobus, 12-oktabr, 2017-yil
Moskvadan O‘zbekistonga yo‘l olgan avtobus, 12-oktabr, 2017-yil

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tez orada mehnat muhojirlarini O‘zbekistondan Rossiyaga tashuvchi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi esa Rossiyaning 4ta shahrida yangi konsulliklar ish boshlaganini e’lon qildi.

Sputnik nashrining xabar qilishicha, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, ushbu nashr muxbiri bilan suhbatda, Rossiyaning bir nechta federal okrugida O‘zbekistonning bosh konsulliklari ta’sis etilganini bildirgan.

"Vladivostok, Yekaterinburg, Qozon va Rostov-Don shaharlarida O‘zbekistonning bosh konsulliklarini ta’sis etish haqida Rossiya hukumatining farmoyishi e’lon qilindi", deya vazirdan iqtibos keltirdi nashr.

Shu yilning 22-23 fevral kunlari Rossiyaga borgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov hamda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev bilan yangi konsullik ochish va muhojirlar bilan bog‘liq boshqa masalalarda muzokaralar o‘tkazgan edi.

Shuningdek, 25 fevral kuni Sputnik nashrining O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Zokir Umarovga tayanib xabar qilishicha, tez orada mehnat muhojirlarini O‘zbekistondan Rossiyaga tashuvchi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Bu borada prezident qarori loyihasi hozirlangan va tez orada hujjatning qabul qilinishi kutilmoqda. Xabarda ushbu qarorning nomi va mazmuni haqida ma’lumotlar keltirilmadi.

Bunga qadar prezident Mirziyoev tegishli davlat idoralariga fevral oyi oxiriga qadar O‘zbekiston vatandoshlari ko‘p qatnaydigan yo‘nalishlarni aniqlab, avtobus va qo‘shimcha poezd qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Jumladan, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan "Yo‘lovchi transportda favqulodda vaziyatlar profilaktikasi va ularning oldini olish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasidan tashqariga chiqadigan fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida" nomli №42-sonli qaror qabul qilingan.

Qarorda "bir oy muddatda charter qatnovlarni amalga oshirish, harakatdagi temir yo‘l tarkibi soni shu jumladan, platskart vagonlar ulushini ko‘paytirish, byudjeti past bo‘lgan xorijiy avia va temir yo‘l kompaniyalari, shu jumladan, “Rossiya temir yo‘llari” bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha tegishli takliflar ishlab chiqish rejalangan".

Sputnik nashriga gapirgan Mehnat vazirligi rasmiysiga ko‘ra, hozircha Buxoro viloyatidan Rossiyaga muntazam avtobus qatnovi, shuningdek, Qozog‘iston orqali Rossiyaga qatnovchi yangi poezd reyslarini ochish va poezdlarga qo‘shimcha vagonlar ulash masalasi ko‘rilmoqda.

Mehnat vazirligi mulozimi avtobus qatnovi tez orada yo‘lga qo‘yilishi, buning uchun prezident qarori darajasidagi bir necha qo‘shimcha hujjat qabul qilinishi kutilayotganini bildirdi.

Shu yilning 18 yanvarida Qozog‘istonning Aqto‘be viloyati Irgiz tumanidan o‘tuvchi "Samara-Chimkent" avtomobil yo‘lida avtobus yonib ketishi oqibatida 52 o‘zbekistonlik nobud bo‘lgach, O‘zbekiston hukumati muhojirlar qatnovi bilan bog‘liq qator chora-tadbirlarni belgiladi.

Jumladan, avtotransportda xorijga chiqayotgan fuqarolar xavfsizligi kuchaytirish, davlat shartnomalari asosida xorijga ketayotgan mehnat muhojirlari uchun samolyot va poezdlar chiptalari arzonlashtirish, reyslar sonini ko‘paytirishga qaror qilindi.

Rossiya IVV bergan ma’lumotga ko‘ra, hozirda bu davlatdagi jami migrantlarning 10 foizi yoki 1 millionga yaqinini o‘zbekistonliklar tashkil qiladi. O‘zbekistonlikrlarga Rossiyada ishlash uchun berilgan jami ruxsatnoma - patentning yarmi (765 mingtasi) rasmiylashtirilgan.

XS
SM
MD
LG