Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:13

Andijonda gaz portlashi oqibatida 10 yashar bola tiriklayin yondi


Andijon shahridagi xonadonlardan birida ro‘y bergan portlash oqibatida 10 yashar bola tiriklayin yonib, tanasining 65 foizi kuygan ahvolda kasalxonaga yotqizildi. Portlashga gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan.

Portlash ro‘y bergan xonadon qo‘shnilari Ozodlikka qish mavsumida gaz uzib-uzib berilayotganini aytishdi.

Andijon huquq-tartibot organlarining Ozodlik gaplashgan mulozimiga ko‘ra, portlash dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat kechki 6.11 da ro‘y bergan.

Andijonning 3-kichik dahasi 34-uyda ro‘y bergan portlashga gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan.

Portlash ro‘y bergan xonadon qo‘shnilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda gazning uzib-uzib berilishi oqibatida shunday falokat sodir bo‘lganini aytadi:

- Hozir gaz va svet uzib-uzib berilayapti. Gaz ochiq qolgan. Bola bilmasdan svetni yoqqan, chaqnash ro‘y berib, portlash bo‘lgan. Shu payt uyda hech kim bo‘lmagan. Bolani ismi Abdulaziz. Uni og‘ir kuyish jarohati bilan og‘ir ahvolda Andijon tibbiyot birlashmasiga olib ketishdi, - deydi portlash ro‘y bergan xonadon qo‘shnisi.

Andijon shahar Tibbiyot birlashmasi xodimasining Ozodlikka aytishicha, Abdulaziz tanasining 65 foizi kuygan.

- Uni hayotini saqlab qolish uchun kurashayapmiz, - dedi Tibbiyot birlashmasi xodimasi.

Qish mavsumida O‘zbekistonda gaz sizib chiqishi oqibatida baxtsiz hodisalar tez-tez ro‘y beradi.

15 fevral kuni Toshkentning Shayxontohur tumani, Bog‘ mahallasida sodir bo‘lgan yong‘inda to‘rt odam nobud bo‘lgan edi.

Yong‘inga tabiiy gazning sizib chiqishi sabab bo‘lgani bildirilgandi.

29 yanvar kuni esa Farg‘onaning Qo‘qon shahridagi xonadonda yirik yong‘in ro‘y berib, bir kishi nobud bo‘ldi.

Aniqlanishicha, gaz plitasiga o‘rnatilgan propan gaz balloniga shlang ulangan joyidan gaz sizib chiqishi sababli xonada gaz to‘planib qolgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi rasmiylari aholini ayniqsa qish kunlarida isitish qurilmalaridan to‘g‘ri foydalanishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG