Линклар

Шошилинч хабар
24 сентябр 2018, Тошкент вақти: 12:36

MXXning Surxondaryodagi "uyushgan jinoiy guruhi" tergov qilinmoqda


Surxondaryo viloyati prokuraturasi huziridagi SVOJQKD binosi

O‘zbekiston MXX Tergov boshqarmasi sobiq tergovchisi¸ adliya podpolkovnigi Nodirbek To‘raqulovning qudasi, Surxondaryoda nom chiqargan boylardan biri Erkin Norqobilov va uning yaqinlariga tegishli bo‘lgan o‘nlab korxona tekshirilmoqda¸ uning mol-mulki xatlanmoqda.

Bu haqda Ozodlikka bu tekshiruvlarga bevosita aloqador rasmiylar va tadbirkorlar xabar qildi.

Aytilishicha¸ 22 yanvar kuni hibsga olingan Surxondaryo viloyat MXX Tergov bo‘limi sobiq rahbari Nodir To‘raqulov ustidan O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi ochgan jinoiy ish doirasida 14 tergovchidan iborat sayyor guruh Termiz shahriga kelgan. Surxonlik tadbirkorlarga ko‘ra¸ To‘raqulov mazkur viloyatdagi faoliyati davomida jinoiy guruh tuzganlikda gumonlanmoqda va bu guruh ta’qibiga uchraganlar bittama-bitta suhbatga chaqirtirilib¸ ulardan To‘raqulov-Norqobilov ikkiligiga qarshi ko‘rsatma olinmoqda.

Harbiy prokuraturaning “alohida topshirig‘i”ga ko‘ra, ushbu jarayon doirasida Erkin Norqobilov va uning yaqin odami bo‘lgan Orifjon Sattorovning o‘ndan ortiq mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli avtotransport vositalari hibsga olingan.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi huziridagi SVOJQKD binosi
Surxondaryo viloyati prokuraturasi huziridagi SVOJQKD binosi

Harbiy prokuraturaning o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergov guruhi tomonidan suhbatga chaqirilgan surxondaryolik tadbirkorlardan biri Ozodlik bilan suhbatda To‘raqulov-Norqobilov reyderligi tufayli 2014 yili o‘z biznesidan ajraganini aytadi.

“Men ham To‘raqulovning qudasi Norqobilov tomonidan jabrlanganlardanman. Voqeani konkretlashtirsam, shaxsim aniq bo‘lib qoladi. Harbiy tergovchi mendan qanday voqea bo‘lgani, qanday sabablar bilan mening korxonam tortib olinganini so‘radi. Men ochiq aytdim, Erkin Norqobilov MXX bo‘lgan qudasi To‘raqulov yordamida meni sindirdi, dedim”, deydi korxonasi va o‘z nomini ochiqlashni istamagan tadbirkor.

Uning aytishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Termizdagi binosida o'tkazilayotgan suhbatlarda tergovchilar chaqirilganlar bilan yaxshi muomalada bo‘layapti va Nodir To‘raqulov yoki uning odamlaridan jabrlanganlardan ariza yozdirib olayapti.

Ismi sir qolishini so‘ragan qiziriqlik tadbirkor, Nodir To‘raqulov himoyasidan "quturgan" Erkin Norqobilov Qiziriq tumanidagi avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchasini ham sindirganini aytadi.

“Gaz zapravkalari bo‘yicha Erkin Norqobilov viloyatda monopoliya o‘rnatgan edi. Qiziriqda avvaldan qurilgan zapravka bor edi. Norqobilov uni ham sun’iy bankrot qilib, uning yoniga o‘z odamlariga tegishli yangi zapravka qurdirdi. Bu zapravka navbatsiz kiradigan mashinalardan 7 ming so‘mdan qo‘shimcha haq olardi. Viloyat bo‘yicha Erkin Norqobilovga tegishli 13 ta shunday zapravka bor, ularning hammasida shunday holat edi”, deydi tadbirkor.

Tadbirkorning aytishicha, MXXning Surxondaryodagi bosh tergovchisi Nodir To‘raqulovga qudaligi bois Erkin Norqobilovga bu viloyatda "hech kimning tishi o‘tmagan".

“Norqobilov shunaqa ham o‘zidan ketgan ediki, unga prokuratura va militsiya xodimlari xizmat qilar va o‘z navbatida ularning g‘ayriqonuniniy ishlariga qudasi, MXX zobiti “krisha” edi. Bir prokuratura tergovchisi Damas va Neksiyalarni to‘ldirib, Norqobilovning Termiz tumanidagi ofisiga milliardlab so‘m tashiganini o‘zim ko‘rganman. Bu ofisni ko‘rsangiz hayron qolasiz, devorlari xuddi turmanikidek baland qilib qurilgan. Nodir To‘raqulov ishdan ketganida bu tergovchi ham bir oy qamoqda yotib chiqdi. Lekin hozir yana bir tumanning prokuror o‘rinbosari bo‘lib ishlayapti”, deydi tadbirkor.

O‘zbekiston Harbiy prokuraturasining 2018 yil 24 fevraldagi 08/26612-18 sonli “Alohida topshirig‘i”da Erkin Norqobilov va Orifjon Sattorov ustidan ochilgan jinoyat ishida bu shaxslarga tegishli o‘ndan ortiq “Mas’uliyati cheklangan jamiyat”(MChJ)ning barcha avtotransport vositalari ushlanishi haqida farmoyish berilgan.

Surxondaryo viloyati IIB YHXB maktubi
Surxondaryo viloyati IIB YHXB maktubi

Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Z.Qayumov imzosi bilan o‘z xodimlariga yuborilgan topshiriqnomada, “Janub standart chorvachilik kompleksi”, “Janub standart IPChK”, “Janub standart IPChK MSMT va FK”, “Termiz oziq-ovqat savdo MChJ”, “Markaziy ulgurji chakana savdo MChJ”, “Surxon sarvari” fermer xo‘jaligi, “Surxon Angor servis texnik MChJ”, “USGTSh Termiz” MChJ”, “Anqar DTDR” fermer xo‘jaligi”, “Surxon avtosavdo MChJ”, “INTER SILK PRO” MChJ korxonalariga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalarini, fuqarolar Erkin Norqobilov va Orifjon Sattorovga tegishli bo‘lgan barcha turdagi avtotransport vositalarini aniqlash va ushlab jarima maydoniga qo‘yish topshirilgan.

Ozodlik suhbatlashgan surxonlik tadbirkorlarga ko‘ra¸ Termizdagi hashamatli “Malika” restoranining egasi Orifjon Sattorov Erkin Norqobilovga yaqin odamlardan biri bo‘lgan.

Surxondaryo viloyati IIBning o‘zini tanishtirmagan mulozimi, shu kunlarda Erkin Norqobilov va unga tegishli bo‘lgan korxonalar xatlanayotgani va avtotransport vositalari jarima maydoniga olib kelib qo‘yilayotganini tasdiqladi.

“Boshliqning buyrug‘i bor. Shu paytgacha o‘ndan ortiq avtomobil ushlandi. Erkin Norqobilovga tegishli deb aytilayotgan barcha korxonalar taftish qilinmoqda”, dedi mulozim.

Mulozim Erkin Norqobilov hibsga olingan-olinmagani haqidagi Ozodlik savolini javobsiz qoldirdi.

Harbiy prokuratura tergovchilari bilan suhbatlashib chiqqan tadbirkorlardan biriga ko‘ra¸ Erkin Norqobilov hibsga olingan. Hozircha Ozodlik bu xabarni rasman tasdiqlata olgani yo‘q.

Surxondaryoda "dong taratgan" MXX zobiti Nodir To‘raqulov prezident Mirziyoev joriy yilning 19 yanvar kuni Qiziriqdagi yig‘ilishda MXXning ayni viloyatdagi boshqarmasi faoliyatini keskin tanqid qilgani ortidan 22 yanvar kuni Toshkentda qamoqqa olingan edi.

Surxondaryolik faollar bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoev Milliy xavfsizlik xizmatining yillar davomidagi faoliyatini Surxondaryo viloyatini misol qilib nihoyatda qattiq g‘azab bilan gapirgan edi.

“ Milliy xavfsizlik butun Surxondaryoni o‘ldirgan. Ikkita uchta sotqinlar¸ davlat sotqinlari bu yerda ishlab hamma yerni o‘ldirgan. Shuning uchun men hammasidan o‘zim xabardorman. Mana qaror qabul qildim. Angor tuman MXX rahbari Abdumo‘minov Bahromni ishdan olish haqida. Adliya kapitani¸ tergov bo‘limi boshlig‘i Berdimuhammedovni ishdan oldim. Hammasi bular Surxondaryoni bir paytlar ot o‘yin qilib tashlagan. Hamma tizimga aralashgan. Moy zavodi ularniki edi¸ o‘zimam bilardim buni. Don kombinati va boshqa butun tirik tashkilotlarni bu noinsoflar kirib harom qilib tashlagan ana shu oldingi sotqinlar. Bir ikkitasi Toshkentda yuribdi ertaga borib uni ham ishdan olaman. ( Nodir To‘raqulov nazarda tutilmoqda - tahr.) Bularning hammasi sotqin. Mana¸ men bugun hammasini ishdan oldim¸ degan edi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev.

Prezident buyrug‘i bilan qamoqqa olingan Nodir To‘raqulov O‘zbekiston sobiq Bosh prokurori Rashidjon Qodirovning kuyovi - Qodirov akasining qiziga uylangan¸ to‘rt farzandi bor.

Ayni kunlarda o‘zi jinoiy ish markaziga qo‘yilgan 42 yashar Nodir To‘raqulov 2017 yil sentabrida hibsga olingan jurnalist Bobomurod Abdullaev ishini olib borayotgan MXX tergovchisi edi.

XS
SM
MD
LG