Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:23

IIV Toshkent sirki sobiq rahbarini o‘g‘irlikda gumonlab¸ qidiruvga berdi


Toshkent sirkining hozirgi ko‘rinishi.
Toshkent sirkining hozirgi ko‘rinishi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Toshkent davlat sirkining sobiq bosh direktori Bahrom Majidovni qidiruvga berdi. Vazirlik saytida 63 yoshli Majidovning Jinoyat Kodeksining 164-moddasi, ya’ni o‘g‘irlik, talonchilikda gumonlanib qidirilayotgani bildirilgan. G‘oyib bo‘lishidan oldin Majidov sirk mol-mulkini talon-taroj qilganlikda gumonlanib, tergovga tortilgan.

O‘zbekiston davlat sirkiga 30 yildan ortiq rahbarlik qilgan O‘zbekiston Xalq artisti Bahrom Majidovga nisbatan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi qidiruv e’lon qildi.

Ayni paytda¸ Majidov nomini 1 mart kuni xalqaro qidiruvga berilganlar ro‘yxati e’lon qilinadigan Interpol saytidan topib bo‘lmadi.

Vazirlik saytida shu hafta boshida paydo bo‘lgan e’londa Majidovning O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 164-moddasi - o‘g‘irlik, talonchilikda gumonlanib qidirilayotgani bildirilgan.

Majidov aynan qanday jinoyatda gumonlanayotgani haqida vazirlik matbuot xizmati ma’lumot bermadi.
Majidov aynan qanday jinoyatda gumonlanayotgani haqida vazirlik matbuot xizmati ma’lumot bermadi.

Ozodlik gaplashgan sirk xodimlariga ko‘ra¸ Majidov muqaddam sirk mol-mulkini talon-taroj qilganlikda gumonlanib, tergovga tortilgan.

O‘zbekiston davlat tsirkida ishlovchi xodimlardan biri Ozodlik bilan suhbatda sobiq rahbari sirkning 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ini o‘zlashtirganlikda ayblanib sudga tortilganini aytadi.

"Bunga bir yilcha bo‘lib qoldi. Hozir uning qaerdaligini hech kim bilmaydi. Kimlardir Moskvada deydi. O‘sha yerda sirkda ishlayapti, deyishadi. San’at odami ko‘chada qolmaydi-da. U odam sirkni ancha qiyin ahvolga solib ketdi. Hozir uning o‘rniga boshqa direktor bo‘lgan, tsirkni asta-sekin oyoqqa turg‘izmoqda", dedi sirk xodimi.

Hayvonlarni eshak go‘shti bilan boqishgan

Sirkning ismi sir qolishini istagan boshqa bir xodimi Majidov rahbarligi davrida sirkdagi hayvonlarning belgilangan me’yor bo‘yicha mol go‘shti bilan emas, balki eshak go‘shti bilan boqilganini aytadi.

"Bitta yo‘lbars kuniga 6-7 kilo go‘sht yeydi. Lekin ular mol go‘shti o‘rniga uch baravar arzonga eshak go‘shti olib berishgan. Hujjatlarda esa mol go‘shti, deb rasmiylashtirib kelishgan. Sirkda qancha hayvon bor, o‘g‘irlik miqdorini tasavvur qilayapsizmi? Bundan tashqari Majidov chet davlatlarni sirkiga akrobatlarni muddatli ishlashga jo‘natib, shartnomada berilishi kerak pullarni ham talon-taroj qilgan," deya iddao qildi Ozodlik gaplashgan sirk xodimi.

Ozodlik qidiruvda bo‘lgan Bahrom Majidovni o‘zi bilan ham bog‘lanishga urindi. Lekin uni taniydigan hamkasblari Majidovda jamoatchilik uchun ochiq gapirishga hozircha istak yo‘qligini aytishdi.

Bahrom Majidovnining yana bir hamkasbi Ozodlik bilan suhbatda sobiq direktorning qidiruvga berilganining sirk faoliyatiga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

(Majidov istagan payt Ozodlikka bog‘lanib¸ o‘zining qidiruvga berilgani yuzasidan bayonot berishi mumkin.)

"Bahrom akaning bo‘yniga 1 milliard so‘m qo‘yishgan, lekin bu noto‘g‘ri bo‘lib chiqib, Bahrom aka qanaqadir shtraf to‘lab may oyida oqlanib chiqqandi. O‘shandan buyon uni sirkda hech kim ko‘rmadi. Eshitishimizga ko‘ra, u qandaydir pul janjaliga aralashib qolgan. Qanday janjalligini bilmayman. Valyutchiklar bilan bog‘liq janjal. Sirk bilan bog‘liq emas. Shu bo‘yicha qidirilayotgan bo‘lishi mumkin, chunki u sirk ishi bo‘yicha oqlangandi. Oqlanganidan so‘ng sirkda ishlamayotgandi," - dedi Toshkent sirkining bu xodimi.

Toshkentdagi sirkga 1914 yilda asos solingan edi.

Toshkentdagi eski sirk binosi.
Toshkentdagi eski sirk binosi.

Sirkning ilk binosi 1966 yilda Toshkentda ro‘y bergan zilzila oqibatida vayron bo‘lganidan so‘ng Hadra maydonida yangi sirk binosi qurilgandi.

1991 yilda O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach¸ sirk binosi qayta ta’mirlandi.

Toshkent davlat sirki o‘zbekistonlik dorbozlar sulolasi asoschisi Toshkenboy Egamberdiev nomi bilan atalib kelinadi.

XS
SM
MD
LG