Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:38

Vladimir Putin: Rossiyani to‘xtata olmaysiz!


Vladimir Putin chiqishi 1 soat 57 daqiqa davom etdi.
Vladimir Putin chiqishi 1 soat 57 daqiqa davom etdi.

1 mart kuni Federal Kengash oldida 14-marta yillik chiqish qilgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin“Rossiya raqiblari va dushmanlariga” tahdid qildi va rossiyaliklarga qop-qop va’da berdi.

Rossiya prezidentining bu yilgi ikki soatlik ma’ruzasi siyosiy elita emas¸ balki mamlakat grajdanlari va “Rossiya raqiblariga” qaratilganiga e’tibor qaratgan tahlilchilar¸ uning yillik hisobotidan ko‘ra ko‘proq 18 mart kuni yana prezidentlikka qolishi kutilayotgan Putinning saylovoldi dasturi ekanini aytmoqda.

Har yilgidan farqli Putinning bu yilgi an’anaviy ma’ruzasi Kreml Georgievskiy zalida emas¸ balki Katta Manejda¸ dekabrda emas¸ balki saylovlarga uch haftadan kam vaqt qolgan mart oyida o‘tkazildi.

Kutilganidek¸ bu yilgi ma’ruza mohiyati o‘tgan yilning Federal Yig‘in oldidagi hisoboti emas¸ balki Putinning kelasi 6 yillik prezidentlik rejalari hamda “Rossiya raqiblari va dushmanlarini qo‘rqitishga” bag‘ishlandi.

Manej zalidagi bu ma’ruzani 1000 yaqin odam bevosita eshitgan bo‘lsa¸ uni yoritishga 700 jurnalist jalb etildi.

Yaqin kelajak rejalari...

Vladimir Putin bu yilgi chiqishining “davriy” ¸ tarixiy ahamiyatga egaligini ta’kidlab¸ Rossiya ko‘plab “tahdidlarni yengib”¸ “o‘z yo‘lida sobit qolgani”ni bildirdi.

18 yildan buyon Rossiyani "o‘z yo‘lida sobit ushlab kelayotgan" prezident bundan keyingi asosiy e’tibor aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilajagini aytdi:

- Saylovlarda kim g‘olib chiqishidan qat’iy nazar, yaqin kelajak Rossiyada texnologik o‘zgarishlar uchun asos bo‘ladi. Texnologik qoloqlik – Rossiyaning asosiy dushmani, dedi ma’ruzasining boshlanishida Rossiyaning allaqachon barqaror taraqqiyotga erishganini e’lon qilgan Putin.

Ayni paytda, Putin ekranga chiqarilgan infografika yordamida 140 millionlik Rossiyaning 20 milliondan ziyod aholisi qashshoqlikda kun kechirayotganini ham e’tirof etdi:

- 2012 yilda biz bu ko‘rsatkichni 10 foizga tushirishga erishdik, ammo boshlanib ketgan iqtisodiy inqiroz tufayli bu ko‘rsatkich yana o‘sdi: bugunda 20 million grajdanlarimiz qashshoqdir, dedi Rossiya prezidenti.

V.Putin chiqishini 1700 ziyod odam tingladi.
V.Putin chiqishini 1700 ziyod odam tingladi.

Qop-qop va’dalar....

Nafaqalarni oshirish, yalpi ichki mahsulotning yaqin 6 yilda 1,5 barobarga oshirish, “qashshoqlikni kamida ikki barobarga kamaytirish”, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, mintaqalarga “onalik va bolalik” masalasiga 50 milliard rubl ajratish, shahar va qishloqlarni rivojlantirish, aholining turar-joy muammolarini hal qilish, kelgusi 6 yilda yo‘llar qurilishiga 11 trillion rubl ajratish, Qrim ko‘prigini nihoyat qurib bitkazish, aeroportlar sonini ko‘paytirish, tibbiyot xizmati sifatini oshirish, maoshlarni ko‘tarish, axlatxonalar sonini kamaytirish, fan, madaniyat va maorifga ko‘proq pul ajratish, ipoteka kreditlarini 7 foizga tushirish, 2024 yilgacha internetni kuchaytirish - buning hammasi ikki soatlik chiqish davomida Vladimir Putin tomonidan berilgan va’dalarning ayrimlari¸ xolos.

- Odamlar va ularning ehtiyojlari, adolat yodimizdan ko‘tarildi, deya o‘zini koyidi 18 mart kuni yana bir muddatga prezidentlikda qolishni ko‘zlayotgan qariyb 14 yillik prezident.

Putin namoyish etgan "harbiy" slaydlardan biri
Putin namoyish etgan "harbiy" slaydlardan biri

Xavfsizlik masalasi haqida...

Chiqishining bu qismini Putin SSSR tarqalishi ortidan Rossiya qiyin ahvolda qolgani va qo‘shni davlatlar “Rossiya oyoqqa tura olmaydi” degan xato fikrda ekaniga bag‘ishladi.

- Rossiya dunyoning eng yirik yadro mamlakati edi va bo‘lib qoladi. Bizni hech kim eshitgisi yo‘q edi. Hech bo‘lmasa hozir eshiting! - deb da’vat qildi Putin o‘z xorijiy raqiblariga qarata.

U Rossiya raketalarga qarshi mudofaa (PRO) yangi tizimining AQSh sistemalariga javoban o‘rnatilayotganini aytdi.

- Biror narsani bo‘rttirganim yo‘q, dedi Vladimir Putin Rossiyaning AQSh raketalari qurshovida qolganini bildirib.

Shundan so‘ng Vladimir Putin Rossiyada oxirgi yillarda eng zamonaviy yadroviy va boshqa qurol turlari yaratilganini ekranda namoyish qildi.

“Voevoda” tizimi o‘rniga kelayotgan “Sarmat” raketa kompleksi (ekranda namoyish etilayotgan videoda AQSh tomon uchib chiqqan raketaning himoya to‘siqlarini aylanib o‘tib, Janubiy Amerika ustidan uchaëtgani ko‘rsatildi), yadro zaryadli avtonom boshqaruvga ega torpedo tizimi, “Kinjal” aviatsiya raketa kompleksi, kosmosdan hujum qiluvchi “Avangard” raketa kompleksi, giperovozdan tez raketalar, yangi lazer qurolini Putin shaxsan o‘zi 15-20 daqiqa davomida ekranda namoyish etdi.

("Biz urushga tayyorlanayapmizmi? Yoki oxirgi yillarda bu odatiy holmi?")

- Ta’kidlaymanki, o‘z harbiy doktrinasiga muvofiq¸ Rossiya agressiyaga javoban yadro qurolini ishlatishi mumkin. Ishonamanki, bugungi aytganlarim har qanday ehtimoliy agressorni o‘ziga keltirib qo‘yadi. Yigitlarimiz yana biror nima o‘ylab topishadi, deya ko‘rsatilgan slayd va videolar yakunida bildirdi Rossiya rahbari.

Shu bilan birga u “pozitsiyalarimiz mos kelmasa-da, biz BMT, Yevropa Ittifoqi va AQSh bilan hamkor bo‘lib qolaveramiz”, dedi.

- Rossiya hech kimni bosib olmoqchi emas, o‘zimizda hamma narsa yetarli, deya ishontirishga urindi Vladimir Putin.

Federal Kengashda qilgan chiqishida Vladimir Putin 18 martdagi prezident saylovlaridan keyin hukumat almashishiga ishora qilib, Medvedev yangi bosh vazir lavozimida qolishi mumkinligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlarni inkor etdi.

XS
SM
MD
LG