Линклар

Шошилинч хабар
19 июн 2018, Тошкент вақти: 13:42

O‘zbekistonlik bodibilder Arnold Classic turniri g‘olibi bo‘ldi (VIDEO)


Arnold Classic - taniqli kinoaktyor va siyosatchi Arnold Shvartsenegger nomi bilan atalgan nufuzli sport turniridir

O‘zbekistonlik sportchi Mixail Volinkin AQShning Ohayo shtatida bo‘lib o‘tgan bodibilding bo‘yicha Arnold Classic turniri mutlaq g‘olibi bo‘ldi. Bu haqda Facebook sahifasida ma’lum qilgan Lola Karimova-Tillyaevaga ko‘ra, Volinkin "Mehribonlik uyi"da ulg‘aygan iqtidorli sportchilardan biridir.

Lola Karimova-Tillyaeva Facebook sahifasida yozishicha, Mixail Volinkin bodibilding bo‘yicha havaskorlar orasida absolyut chempionlikni qo‘lga kiritgan.

"Bu o‘zbek sporti tarixida unutilmas voqea bo‘ldi, chunki ilk marotaba Markaziy Osiyolik sportchi bodibilding bo‘yicha professional xarita egasiga aylandi. Endi Mixail faqat eng kuchli professional atletlar bilan bellashadi", deb yozdi Lola Karimova-Tillyaeva.

YouTube tarmog‘iga joylangan videoda Mixail Volinkin bu g‘alabasini o‘zbekistonlik muxlislariga ataganini aytdi.

Arnold Classic - taniqli kinoaktyor va siyosatchi Arnold Shvarsnegger nomi bilan atalgan va 1989 yilda asos solingan Arnold Schwarzenegger Sports Festival sport musobaqalaridan biridir.

Bu turnir yilda bir marotaba Ohayoda o‘tkaziladi. Festivalda professional bodibilderlar o‘rtasidagi Arnold Classic turniri, fitness, figura va bikini ko‘rgazmalari bo‘ladi.

Arnold Classic turniri Bodibilding va Fitness xalqaro federatsiyasi doirasida o‘tkaziladigan dunyodagi ikkinchi yirik turnirdir.

Lola Karimova-Tillyaevaga ko‘ra, Mixail Volinkin "Mehribonlik uyi"da ulg‘aygan va uning bu yutuqlarida "mazkur sport turlarini ko‘p yillardan beri O‘zbekistonda rivojlantirib kelayotgan turmush o‘rtog‘im Timur Tillyaevning hissasi katta".

Lola Karimova-Tillaeva hozirda O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi rahbaridir. Shuningdek, «Sen Yolg’iz Emassan» respublika jamoatchilik jamg‘armasining vasiylar kengashi raisi, Osiyo gimnastika ittifoqining faxriy prezidentidir.

Shuningdek, O‘zbekiston Birinchi prezidenti Islom Karimovning kichik qizi Lola Karimova-Tillaeva ko‘p yillar davomida mamlakatning YuNESKOdagi elchisi lavozimini egallab keldi va shu yilning 2 fevralida o‘zining Facebook sahifasida elchi lavozimini tark etayotganini ma’lum qildi.

Keyingi yillarda u nomi Shveytsariyada yashovchi puldorlar ro‘yxatidan o‘rin olgan shaxs sifatida ham bot-bot tilga olinmoqda.

Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova esa, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy bayonotiga ko‘ra, og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, hozirda qamoqda saqlanmoqda.

XS
SM
MD
LG