Линклар

Шошилинч хабар
11 декабр 2018, Тошкент вақти: 01:25

Lola Karimova-Tillaeva gimnastika federatsiyasi prezidentligidan ham ketdi


Lola Karimova-Tillaeva bir oy avval YuNESKOdagi elchi lavozimidan ham ketgan edi.

YuNESKOdagi O‘zbekiston elchisi lavozimini bir oy avval topshirgan sobiq prezident Islom Karimovning kichik qizi Lola Karimova-Tillaeva 5 mart kuni O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi prezidenti lavozimini ham tark etishga majbur bo‘lganini bildirdi.

Lola Karimova-Tillaeva Instagram’dagi sahifasida: “... ushbu post orqali, mana 13 yillik faoliyatimdan so‘ng O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi Prezidentligi lavozimini tark etishga majbur ekanligimni e’lon qilmoqchiman. Men barcha sportchilarimiz, federatsiyaning butun murabbiylar jamoasi hamda barcha ishchi xodimlariga a’lo bajarilgan faoliyatlari, ushbu sport turini yuqori darajaga ko‘tarishdagi hissalari, uning rivojlanish yo‘lida tinimsiz mehnatlari hamda g‘ayratlari uchun chin dilimdan tashakkur bildirmoqchiman”, deb yozgan.

Ma’lumotda aytilishicha, Lola Karimova-Tillaeva Osiyo gimnastika ittifoqining faxriy prezidenti lavozimini saqlab qolmoqda. U gimnastika federatsiyasi rahbari lavozimidan ketishga majbur qilgan sabablar haqida bildirmadi.

Lola Karimova-Tillaeva shu yilning 2 fevral kuni o‘zining Facebook sahifasida O‘zbekistonning YuNESKOdagi elchisi lavozimidan ketganini bildirgan edi. U bu lavozimni 2008 yildan beri egallab kelayotgandi.

Lola Karimova-Tillaeva 2017 yilning avgust oyida O‘zbekistonning YuNESKOdagi elchisi lavozimni tark etishi haqida birinchi marta bildirgan edi. O‘shanda 39 yashar Karimova-Tillaeva bundan so‘ng asosiy vaqtini otasi nomi berilgan xayriya tashkiloti faoliyatiga yordam berishga sarflashini aytgan.

So‘nggi paytlarda, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi saytida marhum prezident kenjasining o‘zini Lola Karimova-Tillaeva emas, balki Lola Tillaeva sifatida taqdim qilgani kuzatilgan.

Lola Karimova-Tillaeva hozirda «Sen Yolg’iz Emassan» respublika jamoatchilik jamg‘armasining vasiylar kengashi raisi va Osiyo gimnastika ittifoqining faxriy prezidenti maqomini saqlab qolmoqda.

Keyingi yillarda u nomi Shveysariyada yashovchi puldorlar ro‘yxatidan o‘rin olgan shaxs sifatida ham bot-bot tilga olinmoqda.

Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova esa¸ O‘zbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy bayonotiga ko‘ra¸ og‘ir iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib¸ qamoqda saqlanmoqda.

XS
SM
MD
LG