Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:02

Putin komandasi Rossiyani Internetdan uzishga tayyorlanmoqda


Internetni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Vladimir Putin maslahatchisi German Klimenko prezident bilan.
Internetni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Vladimir Putin maslahatchisi German Klimenko prezident bilan.

Rossiya jahon Internet tarmog‘idan uzilishga texnik jihatdan tayyor. Bu haqda bayonot bergan Rossiya prezidentining Internetni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi German Klimenkoga ko‘ra, Vladimir Putin buyrug‘i asosida mamlakat amaldorlari uchun allaqachon mahalliy Internet tarmog‘i ishga tushirilgan.

Rossiya prezidentining Internetni rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi German Klimenko Rossiya kiberhujumlardan saqlanish uchun keskin choralar qo‘llashi mumkinligini bildirdi.

Bu bayonot Rossiya hukumatining tashviqoti markazlaridan biri bo‘lgan NTV telekanalidagi “Pozdnyakov” dasturida qilindi.

Klimenko¸ jahon Internet tarmog‘idan uzilish Rossiya iqtisodiyoti uchun og‘ir kechsa-da, mamlakatda texnik jihatdan bunga tayyorgarlik ko‘rib bo‘lingan, dedi jumladan:

- Agarda ertaga bizni kasbdoshlarimiz tarmoqdan uzib qo‘yishsa, bilmadim, biz uchun bu katta qiynchilik tug‘dirsa kerak. Ishonamanki, og‘ir kechadi. Qaerdadir¸ kimningdir¸ nimasidir o‘chib ketishi aniq. Chunki, kimdir ma’lumotlarni xorijda saqlagan bo‘lib chiqadi, vaholanki bu ma’lumotlarni o‘zimizda saqlash haqida qaror bor, dedi Rossiyaning Internet bo‘yicha bosh ma’muri.

Prezident maslahatchisi Vladimir Putin maxsus buyrug‘i asosida rossiyalik mansabdorlar uchun Internetning Rossiya segmenti ishlab chiqilgani va allaqachon ishga tushirilganini bildirdi.

German Klimenko fikricha, G‘arb davlatlari “Rossiyaga Qrim izolyatsiyasi kabi axborot urushi e’lon qilsa”, bu kabi harakatlar Rossiyaning “yaxshi va normal yashashiga” xalaqit bermaydi:

- Internetni boshqarish - butun dunyo tanlagan yo‘l va Rossiya shular qatorida. Shu bilan birga, Shimoliy Koreya yoki Kubada bo‘lgani kabi ekstremal variantlarni qo‘llamaymiz, deya ta’kidladi Klimenko.

Klimenkodan farqli¸ Rossiyadagi internet mutaxassislari Runetning xalqaro tizimdan uzilishi Rossiya ichkarisidagi davlat va xususiy tizimlarning boshqa davlatlar bilan aloqa qilishida jiddiy qiyinchilik tug‘diradi¸ degan fikrda.

Mutaxassislar ta’kidicha¸ bunday muammolar¸ birinchi navbatda¸ bank tizimida yuzaga keladi.

Hozirga qadar jahonda ikkita davlat jahon internet tarmog‘idan uzilgan va bular Shimoliy Koreya va Suriyadir.

Runet infratuzilmasi ustidan davlat nazorati o‘rnatilishiga imkon beruvchi “Aloqa to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartishlar kiritish prezident Putin buyrug‘i asosida amalga oshirildi.

O‘tgan yil oktabrida Rossiya Moliya vazirligi mazkur qonun loyihasiga salbiy baho berib, uning iqtisodiy zarari yetarli darajada o‘rganilmagani va unga davlat byudjetidan qancha mablag‘ sarflanishi aniq emasligi bildirgan edi.

Rossiyada ishlab chiqilayotgan “Raqamli iqtisodiyot” dasturi loyihasida 2024 yilgacha internet trafigining 95 foizini mahalliy tarmoq orqali o‘tishini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Shu tariqa Kreml davlat idoralaridagi xorij tarmoq moslamalari hajmini 50 foizga, dasturiy ta’minotni esa 10 foizga kamaytirishni rejalashtirgan.

Bundan tashqari, 2018 yilda Rossiyada “Runet ustuvorligi va xavfsizligini ta’minlovchi” maxsus tizimning ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Mutaxassislar¸ Rossiya hukumati Internet tarmog‘ini to‘liq o‘z nazoratiga olishga qaratilgan chora-tadbirlarni joriy qilishni davom ettirayotganidan xavotir bildirmoqda.

“Agora” xalqaro tashkilotining bildirishicha, 2017 yilda Rossiyada Internet erkinligini cheklashga qaratilgan 100 mingdan ortiq harakat qayd etilgan; o‘rta hisobda har kuni Runetda 244 sahifaga to‘siq qo‘yilgan.

Ayni paytda, Internetning televidenie va boshqa axborot vositalaridan farqli¸ rossiyaliklar uchun ahamiyati oshib borayotgani kuzatilmoqda.

The Boston Consulting Group (BCG) xalqaro konsalting kompaniyasi o‘tkazgan so‘rov natijasiga ko‘ra¸rossiyaliklarning 65 foizi Internetning yo‘qolishi o‘zlari uchun “falokat” bo‘lishiga ishonadi.

BCGga ko‘ra¸ 5 yil oldin bunday ishonchdagi rossiyaliklar so‘ralganlarning 40 foizini tashkil etgan.

XS
SM
MD
LG