Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 06:24

Rossiya saylov arafasida muhojirlar ustidan nazoratni kuchaytirdi


Rossiya huquq-tartibot organlari Rossiya prezidenti saylovi arafasida kuchaytirilgan rejimda ishlaydi. Moskva shahar Politsiya boshqarmasi xabariga ko‘ra, xavfsizlik idoralari ish rejimi, ayniqsa, 16-19 mart kunlari kuchaytiriladi.

2018 yilning 18 mart kuni Rossiya prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi.

Shu munosabat bilan politsiya va boshqa xavfsizlik xizmatlari Rossiyaning barcha mintaqalarida saylov oldidan kuchaytirilgan rejimga o‘tkaziladi.

Moskva shahar Ichki ishlar boshqarmasining Mintaqaviy xavfsizlik departamenti xabar qilishicha, shu yilning 28 fevralidan 8 martigacha profilaktika tekshiruvi o‘tkazilgan va saylov o‘tkazilajak joylarda qo‘shimcha xavfsizlik choralari joriy etilgan.

"Rejaga ko‘ra, 2018 yilning 6 martidan mavjud kuch va vositalar hisob-kitobi olib boriladi, jamoatchilik tartibi va xavfsizligini ta’minlovchi naryadlarning saylov o‘tkaziladigan joylarda joylashuvi o‘rganiladi. 2018 yilning 16 martidan 19 martigacha Moskva politsiyasi kuchaytirilgan xizmat rejimiga o‘tkaziladi. Ularga yordam tariqasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi va boshqa kuchlar xodimlari jalb qilinadi", deyiladi xabarnomada.

Politsiya xodimlari, ayniqsa, saylov uchastkalari joylashgan binolar atroflari qattiq qo‘riqlanishi, saylov uchastkalari esa, metallodetektorlar bilan jihozlanishini e’lon qildi.

Shu kunlarda, shuningdek, GIBDD (Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspektsiyasi) bo‘linmalari ham kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tadi va “shubhali” ko‘ringani uchun to‘xtatiladigan mashinalar soni oshishi ham kutilmoqda.

Hozirga kelib, Rossiyaning barcha saylov uchastkalari kinologlar, MChS va Rosgvardiya xodimlari tomonidan ko‘zdan kechirilgani to‘g‘risida hisobot berildi.

Ta’kidlash joyizki, rejim kuchaytirilgan kunlari politsiyachilar istagan shaxsni yoki transport vositasini istagan joyda hujjat tekshirish uchun to‘xtatishi mumkin.

Nazoratning kuchaygani, ayniqsa, mehnat muhojirlari va xorijliklar ko‘p sonli bo‘lgan Moskvadek megapolislarda sezilmoqda. Kuzatuvchilar mehnat muhojirlaridan Rossiyaga kirib kelish yoki qaydga turgan manzili borasida qo‘shimcha savollarni berishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Politsiya bozor, vokzal, metro, qurilish inshootlari va boshqa shu kabi mehnat muhojirlari ko‘p bo‘lgan jamoat joylari va ob’ektlarini qattiq nazoratga oldi. Ayni paytda, Ozodlik tahririyatiga Moskva va Moskva viloyatida politsiya nazorati kuchaytirilgani to‘g‘risida xabarlar kelmoqda.

Samarqandlik Saidahmad 11 mart kuni Moskva viloyatining Ramenskoe tumanidagi tekshiruv paytida qo‘lga olinganlardan biri.

- Ramenskoeda bekatda tushgan edik xotinim bilan, keldi ikkita politsiyachi. Xotinimning hamma hujjatlari joyida edi. Menikini ko‘rib, “Registratsiya qani?”, dedi. Men unga “FMS 1 oylik mana shu registratsiya qog‘ozini bergan”, desam, ishonmasdan otdeleniega olib bordi. 3 soatcha ushlab o‘tirdi, qo‘yvormasdan. Dejurniy so‘roq qildi, qaerdan ekanimni so‘radi, "hujjating yo‘q", deb bahona qildi. Ular mendan nimadir umid qildi – men bir tiyin bermayman, dedim. Huquq himoyachisi Valentina Valentinovnaga telefon qilgan edim “Chiqarvor, chiqarvor!”, deb qo‘yib yuborishdi, dedi Saidahmad.

Saylov oldidan Rossiya shaharlarida avtomobil nazorati ham kuchaytirildi
Saylov oldidan Rossiya shaharlarida avtomobil nazorati ham kuchaytirildi

​Xorazmlik Shohnazar Varshavskoe shossesidagi qurilishlardan birida ishlaydi.

Bundan bir necha kun oldin u ham hujjatlari joyida bo‘lishiga qaramasdan politsiya reydi paytida ushlanib, bo‘limga olib kelinganini so‘zlab berdi.

- Magazindan chiqdim, quyosh chiqib turgan ekan. Quyoshda turib, kokteyldan bir qultum ichdim. Politsiya kelib, “Sen qonunni buzding! Deport qilamiz”, deb olib ketdi. To‘g‘risi, ming rubl berdim – ko‘z oldimda protokolni yirtib tashladi. Men ketmasimdan yana o‘n kishini olib keldi otdelga. Hammani olib kelib yotibdi! Normal munosabat yo‘q, qo‘pol gapiradi, deydi o‘zbek muhojiri.

Ayni paytda, shu kunlarda reydlar Moskvaning boshqa tumanlarida ham olib borilayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqamoqda. Moskva viloyatining Serpuxov shahrida politsiya bo‘limiga bir kunda keltirilgan 40 markaziy osiyolik muhojirdan 13 nafariga nisbatan ma’muriy protokol tuzildi.

Moskvadagi "TONG JAHONI" Xalqaro notijorat huquq himoyachilari tashkiloti ijrochi direktori Valentina Chupik Ozodlik bilan suhbatda politsiya odamlarning asosan irqiy va milliy mansubligi asosida tekshiruv olib borayotganini ta’kidlab, dedi:

- Asosan tashqi ko‘rinishi slavyan bo‘lmagan yigitlar ushlanmoqda. Ularning hujjatlari joyidami-yo‘qmi – hech kimni qiziqtirayotgani yo‘q. Oxirgi ikki kun biroz tinch o‘tdi. Ayniqsa, 6 mart kuni juda ko‘pchilikni ushlashgan edi. Bilishimcha, 16 mart kunidan yana reydlar kuchayadi. Iloji boricha politsiya xodimlari bilan tortishib o‘tirmasdan, huquq himoyachilari, jumladan menga qo‘ng‘iroq qilib, qaysi politsiya bo‘limida ekaningiz, ismi-sharifingiz, grajdanligingiz to‘g‘risida xabar bering, dedi Valentina Valentinovna.

Huquq faoli mehnat muhojirlariga o‘zlari haqida ma’lumotlarni oldindan SMS tarzida hozirlab qo‘yish va politsiya qo‘liga tushgandan keyin darhol +79031489636, +79268347602 raqamlari bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilishni tavsiya qildi.

Rossiya prezidenti saylovi 2018 yilning 18 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Saylov kampaniyasi 2017 yilning 18 dekabr kuni boshlangan.

XS
SM
MD
LG