Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2021, Тошкент вақти: 05:12

Turkmanistonda oziq-ovqat taqchilligi. Do‘konlarda muddati o‘tgan mahsulotlar sotilmoqda


Turkmanistondagi do'konlardan biridagi yozuv: "Shakar kishi boshiga 1 kilodan".

Turkmanistonda oziq-ovqat taqchilligi va narxlar ko‘tarilishi ortidan do‘konlarda muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlari ham sotila boshlandi. Bu haqda Ozodlik radiosi turkman xizmati Ashxaboddagi manbalariga tayangan holda xabar berdi.

Manbalarning bildirishicha, muddati o‘tgan oziq-ovqat mahsulotlarining asosiy qismini sut hamda kolbasa mahsulotlari tashkil qilmoqda.

“Iste’mol qilish muddati bir necha kun oldin o‘tib ketgan pishloq, qatiq, qaymoq kabi sut mahsulotlarini sotishayapti. Lekin bu mahsulotlarning muddati o‘tib ketgani to‘g‘risida xaridorlarni ogohlantirishmayapti”, deb aytdi Ashxaboddagi manbalardan biri.

Boshqa manbalar esa Ashxabod do‘konlarida qadog‘ida iste’mol qilish muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotganini aytmoqdalar.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, bunday mahsulotlarning paydo bo‘lishi narxlar qimmatlagani, aholining xarid qilish salohiyati ozaygani va hukumat tomonidan mahsulot sifatini nazorat qilishga yetarlicha e’tibor berilmayotgani bilan bog‘liq.

Turkmanistonda 2017 yilning dekabridan boshlab oziq-ovqat mahsulotlari taqchilligi va qimmatchilik kuzatila boshlandi. Jumladan, so‘nggi bir necha oy ichida non va sut mahsulotlari narxi yuz foizdan ko‘proqqa qimmatladi.

Xabarlarda aytilishicha, 28 fevraldan boshlab poytax Ashxaboddagi do‘konlarda bir kishiga 1 kilodan ko‘p bo‘lmagan miqdorda un va 1 kilodan ko‘p bo‘lmagan miqdorda shakar sotilmoqda. Bungacha bir odamga 5 kilo un va 1 kilo shakar sotilayotgan edi.

Poytaxtliklarga ko‘ra, do‘konlarda un, shakar va o‘simlik moyi kabi mahsulotlar 1-2 soatda tugab qolayapti, navbat kutganlar soni esa ko‘payib bormoqda.

Turkmaniston hukumati oziq-ovqat taqchilligi mavjudligini rasman tan olmayapti. Aksincha, televideniyeda oziq-ovqat mahsulotlariga to‘lib ketgan do‘konlar va omborxonalar namoyish etilib, mamlakatda farovonlik hukm surayotgani bildirilmoqda.

“Ekspertlar fikricha, Turkmaniston so‘nggi 25 yilda birinchi marta eng og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda”, deb yozdi Ozodlik radiosi turman xizmati.

Iqtisodiy inqiroz oqibatida 2017 yil davomida qator vazirliklar va davlat agentliklari tugatildi, ommaviy tarzda ish o‘rinlari va oyliklar qisqartirildi, aholiga beriladigan qator uzoq muddatli imtiyozlar bekor qilindi.

Bundan tashqari aholi oziq-ovqat mahsulotlari, transport, kommunal xizmatlar, bog‘cha va tibbiy xizmatlar narxi kundan-kunga o‘sib borayotganiga guvoh bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG