1972 yilda O‘zbekiston mustaqilligini talab qiluvchi uyushma tuzgani, Sovet Ittifoqiga qarshi kurashgani uchun KGB tarafidan qamoqqa tashlangan toshkentlik Mirtemir Mirabdullaev 78 yoshida 5 mart kuni olamdan o‘tgani Ozodlikka 19 mart kuni ma’lum bo‘ldi.
Mirtemir akaning vafot etgani to‘g‘risida Ozodlikka shoira va jamoatchilik faoli Dilorom Ishoqova xabar qildi.
Dilorom opaning aytishicha, keyingi yillarda muxolifatdagi siyosiy partiyalar a’zolari, inson huquqlari himoyachilari, ziyolilar va jamoatchilik faollari o‘zaro “gap”larini Mirtemir Mirabdullaevning uyida o‘tkazib kelgan.
“Mirtemir aka uchun bu dunyoda yagona avtoritet haqiqat edi, u jasur odam edi”, dedi Dilorom Ishoqova.
Ozodlik radiosi keyingi yillarda Mirtemir Mirbadullaevni bir necha bor suhbatga chorlagan.
O‘shanday suhbatlardan biri 2016 yilning 26 aprelida, 1966 yilgi Toshkent zilzilasiga 50 yil to‘lishi munosabati bilan OzodNazar eshittirishi doirasida o‘tkazilgan.
1966 yil OzodNazarning bugungi mehmoni Mirtemir Mirabdullaev uchun nafaqat Toshkent zilzilasi bilan ahamiyatlidir. O‘sha yili u hamfikrlari bilan yashirin tashkilot tuzgan va bu faoliyat Mirtemir Mirabdullaev uchun qamoq bilan tugagan edi. Suhbat oxirida, albatta, ana o‘sha voqea to‘g‘risida ham gap bo‘ladi. Toshkent zilzilasiga 50 yil to‘lgan kunda o‘tkazilgan suhbat o‘sha tabiiy ofat tafsilotlaridan boshlandi.
Ozodlik radiosi Mirtemir Mirbadullaevning oila a’zolarida hamdardlik bildiradi.