Линклар

Шошилинч хабар
28 январ 2021, Тошкент вақти: 00:06

Chempionat oldidan migrantlarni qo‘rqituvchi norasmiy varaqalar tarqatilmoqda (FOTO)


2018 yilning 25 mayidan 15 iyuligacha Rossiyaning 11 shahrida o‘tkazilishi kutilayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati oldidan turli mintaqalarda migratsiya qaydi va politsiya nazorati kuchaytirilishi to‘g‘risida ogohlantiruvchi varaqalar tarqatilmoqda. Chempionat paytida politsiya nazorati kuchayishini tasdiqlagan huquq faollari, ayni paytda¸ tarqatilayotgan mish-mishlarga ishonmaslikka chaqirmoqda.

Rossiya 2018 yilning yozida futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.

Musobaqa boshlanishiga uch oy qolgan ayni kezlarda yirik shaharlarda ishlayotgan muhojirlar orasida “chempionat vaqtida patent berilishi to‘xtatilishi” va “Rossiyaga kirish va chiqish taqiqlanishi” haqida turli xabarlar tarqamoqda.

“Chempionat paytida ko‘chaga chiqmang!”

Ozodlikka muhojirlar tomonidan taqdim etilgan norasmiy maktubda¸ joriy yilning “25 aprelidan 25 iyunigacha IIB, FSB tomonidan Migratsiya nazorati kuchaytirilishi” aytiladi.

Varaqani jo‘natgan muhojir bunday “axborot xati”ning Migratsiya departamenti tomonidan patent rasmiylashtirilayotgan ishchi migrantlarga berilayotganini bildirdi. Ammo maktubdan bu ogohlantirishning qaysi tizim tomonidan qachon¸ kim uchun chiqarilganini anglashning imkoni yo‘q.

“Bu muddat ichida kuchaytirilgan hujjat tekshiruvi rejimi joriy qilingani bois, xorij grajdanlarining kunduz kuni tashqariga chiqishi cheklanishi, tunda esa o‘z uyi yaqinida bo‘lishi ta’minlansin. Bu kunlari migratsiya qaydiga turishning mutlaqo imkoni yo‘q!”- deyiladi xabarnomada.

Norasmiy varaqa
Norasmiy varaqa

Varaqa davomida patent asosida ishlayotgan xorijliklarga uzoqroq muddatga, iloji boricha avgustgacha, patent to‘lovlarini to‘lab qo‘yish¸ 26 martgacha qayd muddatini uzaytirishga zudlik bilan hujjat topshirib qo‘yish tavsiya etiladi.

Shuningdek, norasmiy xatda xorij grajdanlariga yuqorida ko‘rsatilgan muddat davomida chegarani kesib o‘tmaslik ham tavsiya etiladi.

Ozodlikka jo‘natilgan boshqa varaqaning Moskvaning mehnat migrantlari ko‘pchilikni tashkil etuvchi klining kompaniyalaridan birida ma’muriyat tomonidan e’lon taxtasiga osib qo‘yilgani aytildi.

Klining kompaniyasi tarqatayotgan bu e’lon ham qonunga ziddir
Klining kompaniyasi tarqatayotgan bu e’lon ham qonunga ziddir

Unda ham muhojirlar futbol chempionati oldidan maydan avgust oxirlarigacha “registratsiya qaydi uzaytirilmasligi” va “bu muddat ichida chegaradan o‘tmaslik, zero chiqarilgan shaxsning kiritilmasligi”dan ogohlantirilgan.

Bildirishnoma oxirida hujjatlarni oldindan tayyorlamagan shaxslarning ishdan bo‘shatilishi ham aytilgan.

Ozodlik gaplashgan Zafar ismli o‘zbek muhojirlari bu kabi varaqalarning Moskvadagi Saxarovo migratsiya markazida tarqatilayotganini bildirdi:

- Moskvada patent qiladigan Saxarovaga bir o‘rtog‘im borganida qo‘liga berishgan. Hammasiga bitta-bitta berib chiqayapti ekan! Xullas, buning aytishi bo‘yicha, ko‘chaga chiqish mumkin emas. Hozir ushlasa va hujjatingiz joyida bo‘lsa – qo‘yvoradi. Futbol vaqtida hamma narsa joyida bo‘lsa ham ushladimi – deport bosar ekan. Shunaqa yashirincha o‘yin qilayapti. Ruslar chempionatga boshqa yurtlardan keladigan odamlar oldida “bizda migrant yo‘q”, deb ko‘rsatmoqchi, shekilli, dedi Zafar.

“Bu talablar noqonuniy, ammo tayyorgarligingizni ko‘rib qo‘ying!”

Mehnat muhojirlari orasida tarqayotgan varaqalarni izohlagan huquqshunoslar ular mazmunining Rossiya qonunchiligiga zid ekanini aytadi.

Aytilishicha¸ futbol bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkaziladigan kunlari muhojirlarning Rossiyada qolish tartibi 2017 yilning 7 mayida qabul qilingan 202-sonli prezident buyrug‘ida belgilangan. Unga ko‘ra, “xorij grajdanlari va grajdanligi yo‘q shaxslarning yashash va vaqtinchalik turish joyi bo‘yicha qayd o‘sha joyga yetib kelganidan so‘ng bir sutka davomida amalga oshiriladi”.

Yurist Valentina Chupik o‘zining Feysbuk sahifasida yuqorida zikr etilgan tartib chempionat o‘yinlari o‘tkaziladigan 11 shahrida joriy etilishi va korrupsiyaga keng yo‘l ochishidan ogohlantirdi.

Huquq faollari bu kabi mish-mishlar ayrim politsiya bo‘linmalari tomonidan migrantlarni qo‘rqitish uchun tarqatilayotgan bo‘lishini taxmin qilmoqda.

“Migrant.mobi” portali asoschisi, yurist Botirjon Shermatov chempionat oldi tarqatilayotgan varaqalarning norasmiy ekanini bildirdi.

- Chegaradan qo‘ymaydi, patent bermaydi degan gaplarda asos yo‘q. U qog‘ozchani men ham yozib chiqishim mumkin! O‘tgan yilgidek bo‘lgan taqdirda ham, birinchidan, 25 apreldan emas - 25 maydan, ikkinchidan, “chegaradan qo‘yilmaydi”, “patent berilmaydi” degan gap yo‘q! Registratsiya qilishda muammo bo‘lishi mumkin, tekshiruvlar ko‘payishi mumkin – bu rost gap. Qolgani norasmiy va quruq gaplar. Shunga biz aytyapmiz: prezident qarorida “faqat bir sutkada qaydga turish” deyilganini hisobga olib, shaxsan meni maslahatim – 25 maygacha 3 oyga patent to‘lab, registratsiya qilib olinglar, deb maslahat berdi Botirjon Shermatov.

Huquq faoli bu masalada Saxarovodagi migratsiya markaziga murojaat qilgani va muassasaning Internetdagi sahifasida rasmiy javob olganini aytdi.

Saxarovo markazi mish-mishlarni inkor etdi
Saxarovo markazi mish-mishlarni inkor etdi

Rasmiy javobda “hozirgi kunda Futbol bo‘yicha Jahon chempionati kunlarida patentlarni berishga cheklov kiritish ko‘zda tutilmagan" deyiladi.

2018 yilning 25 mayidan 15 iyuligacha Rossiyaning 11 shahri - Moskva, Sankt-Peterburg, Qozon, Sochi, Rostov-Don, Kaliningrad, Volgograd, Saransk, Samara, Nijniy Novgorod va Yekaterinburgda o‘tkazilishi kutilayotgan futbol bo‘yicha Jahon chempionati davomida politsiya, FSB, Rosgvardiya va boshqa kuchishlatar tizimlar kuchaytirilgan rejimga o‘tkaziladi.

XS
SM
MD
LG