Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:11

Turkmanistondagi parlament saylovida prezidentning o‘g‘li g‘olib bo‘lishi kutilmoqda


Prezident Berdimuhamedov o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov bilan sport tadbirida
Prezident Berdimuhamedov o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov bilan sport tadbirida

Turkmanistonda o‘tayotgan parlament saylovida uch partiya a’zolari hamda ayrim mustaqil nomzodlar qatnashmoqda. Nomzodlarning biri prezident Gurbanguli Berdimuhamedovning 36 yashar o‘g‘li Serdar Berdimuhamedovdir.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 9 00 gacha, ya’ni saylovning dastlabki ikki soati ichida saylovchilarning to‘rtdan biri ovoz berib bo‘lgan.

Saylovchilar uchastkalarda milliy musiqa, raqslar hamda noz-ne’matlar bilan kutib olindi.

Saylovda 125 o‘rin uchun 284 nomzod kurashmoqda. Axal viloyatidagi o‘rin uchun kurashayotgan Serdar Berdimuhamedovning osongina g‘olib bo‘lishi kutilmoqda.

Kenja Berdimuhamedov haqida ko‘p ma’lumot yo‘q. Joriy oyda uning rasmiy biografiyasi e’lon qilindi. Unda yozilishicha, Serdar Berdimuhamdov parlamentga kelishidan avval davlat neft va gaz sanoati sohasi hamda Tashqi ishlar vazirligida ishlagan.

Mutaxassislarning fikricha, parlamentning hozirgi spikeri, 61 yoshdagi Akja Nurberdieva iste’fo bersa, uning o‘rniga kenja Berdimuhamedov kelishi mumkin. Bu esa Serdar Berdimuhamdov prezidentlik uchun asosiy nomzod bo‘lishiga imkon yaratadi.

Nomzodlarning aksari uch siyosiy partiyadandir. Bular Turkmaniston demokratik partiyasi, Industrialistlar va tadbirkorlar partiyasi hamda Agrar partiyadir. Saylovda, shuningdek, bir necha tashabbus guruhlaridan nomzodlar ham qatnashmoqda.

Yanvar oyida Freedom House nodavlat tashkiloti Turkmanistonni siyosiy hamda fuqaroviy erkinlik bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichga ega 12 davlat safiga kiritdi.

G‘arb nazoratchilari mamlakatda bundan avval o‘tkazilgan birorta ham saylovni ochiq va adolatli o‘tdi deya baholamagan.

Joriy prezident Gurbanguli Berdimuhamedov fevral oyida o‘tkazilgan saylovda 97 foiz ovoz to‘plab, uchinchi marta prezident etib saylandi.

6 million aholiga ega Turkmaniston tabiiy gaz eksportiga qaramdir.

Mamlakatning uzoq yillik mijozi bo‘lmish Rossiya 2016 yilda turkman gazini sotib olishni to‘xtatdi.

Xitoy esa yangi quvur yotqizib, turkman gazining asosiy importchisiga aylandi.

XS
SM
MD
LG