Линклар

Шошилинч хабар
19 май 2021, Тошкент вақти: 08:15

Kemerovodagi yong‘inda halok bo‘lganlar soni kamida 53 kishiga yetdi (VIDEO)


Kemerovodagi “Zimnyaya vishnya" savdo markazida yong‘in.

Rossiyaning Kemerovo shahridagi “Zimnyaya vishnya" savdo markazida 25 mart kuni yuz bergan yong‘inda kamida 53 odam halok bo‘ldi.

Avvalroq halok bo‘lganlar soni 37 kishi ekani, yana 64 odam bedarak yo‘qolgani xabar qilingan edi.

Rasmiylar halok bo‘lganlarning kamida 9 nafari balog‘atga yetmagan bola ekanini bildirdi. Yo‘qolganlarning 41 nafari bolalar ekani aytilmoqda.

Kemerovo bosh shifokori Andrey Ivanov jarohatlanganlar haqida gapirar ekan:

-O‘n nafar katta yoshdagi odam va 3 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan 7 nafar bola kasalxonaga olib kelindi. Bolalarning barchasi tutundan zaharlangan. Kattalar orasida ikki nafarining ahvoli o‘ta og‘ir,-deb aytdi.

Ayni paytda voqea joyida qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. Shuning uchun halok bo‘lganlar, jarohatlanganlar va bedarak yo‘qolganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yana o‘zgarishi mumkin.

Hozircha yong‘in sababi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev tegishli davlat organlariga jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va tergovni samarali o‘tkazish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi yong‘in "Zimnyaya vishnya" savdo markazining 4-qavatida joylashgan kinoteatr yo‘lagidan boshlanganini taxmin qilmoqda.

Yong‘in oqibatida markazning 1500 kvadrat metrdan ko‘proq hududi yonib kul bo‘lgan. Sovet Ittifoqi davrida qurilgan binoda 2013 yilda ochilgan savdo markazining umumiy maydoin 23 ming kvadrat metrni tashkil qilgan.

Savdo markazi egasi va xizmatchilari so‘roq qilinmoqda. Tergov qo‘mitasi yong‘in bo‘yicha Jinoyat kodeksining uchta moddasi asosida jinoyat ishi ochdi.

Prezident Putin halok bo‘lganlarning oila a’zolariga ta’ziya bildirdi.

So‘nggi xabarlarda Kemerovoda yaqin soatlarda motam kuni e’lon qilinishi aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG