Линклар

Шошилинч хабар
21 январ 2021, Тошкент вақти: 14:30

OzodDayjest: Ijtimoiy tarmoqda militsiyani haqorat qilganlar jazolanmoqda


Qish qahratonida aholini ko‘mir va gazsiz qoldirgan jinoiy guruhlar fosh qilindi. Rasmiy idoralar matbuotda e’lon qilingan g‘alvali maqolalarga munosabat bildirmay qo‘ydi. Joriy hafta shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Rasmiy idoralar matbuotda e’lon qilingan g‘alvali maqolalarga munosabat bildirmay qo‘ydi

“To‘rtinchi hokimiyat” deb ataladigan ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan tanqidiy maqolalarga rasmiylar, mutasaddilar, vakolatli idoralar tomonidan jo‘yali javob qaytarish umuman kun tartibidan chiqib ketdi (“XXI asr”, 29 mart).

Negaki OAV, ayniqsa, bosma nashrlarni O‘zbekistondagi aksar rahbarlar, vaziru hokimlar, hatto matbuot xizmati xodimlari ham o‘qimayapti. Keyingi paytlarda mamlakat bosma nashrlarida xalqni qiynayotgan ko‘plab muammolar ko‘tarilmoqda, “g‘alvali” mavzularda “tishli” maqolalar chop etilmoqda.

Ammo rasmiy idoralar ko‘tarilayotgan muammolarni yechishga harakat qilmayapti.

“Matbuoti erkin bo‘lmagan jamiyatda nimalar ro‘y berishi mumkinligini yaqin tariximizdagi achchiq tajribalarimiz isbotlab turibdi. Matbuot erkin bo‘lsa-yu, o‘ziga o‘zi sannab yotaversa, birov oting nima demasa, buning ham quduqqa tashlangan toshdan farqi qolmasligini bugungi jarayonlar ko‘rsatmoqda” deb yozadi gazeta.

General-mayor R.Jo‘raev: “Ichki ishlar xodimlarini istagancha haqorat qilaman deganlar adashadi”

Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimlarini haqoratlaydigan, uyatli so‘zlar yozadigan kishilar jazolanadi (“Oila davrasida”, 29 mart).

Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘raev ochiq muloqotda ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, IIBB qoshida tashkil etilgan Axborot multimedia markazi ijtimoiy tarmoqlarni monitoring qilib boradi.

“Agar kimda kim meni baribir topa olishmaydi va istagancha ichki ishlar organi xodimini haqorat qilaman, unga tuhmat qilaveraman, deb o‘ylasa qattiq yanglishadi” degan general-mayor R.Jo‘raev.

IIBB xabariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda soha vakillarini haqorat qilganlarni jazolash boshlangan. Masalan, 20 mart kuni ijtimoiy tarmoqda Toshkent shahar IIBB xodimining avtomobilni boshqarib ketayotib, telefonda so‘zlashayotgani aks etgan surat joylashtirilgan.

Ushbu holat yuzasidan haqoratli izohlar yozgan Yangiyo‘l tumanida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan Stanislav X. hamda Yunusobod tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan Muzaffar A. ismli shaxslar eng kam oylik ish haqining 5 baravari miqdorida jarimaga tortilgan.

Qish qahratonida aholini ko‘mir va gazsiz qoldirgan jinoiy guruhlar fosh qilindi

Namangan viloyatida aholiga imtiyozli narxda ko‘mir va gaz tarqatish tizimida talon-tarojlar aniqlandi (“Huquq”, 2018 yil 12-son).

Viloyatdagi Chortoq ko‘mir ombori mudiri Rustam Jabborov bir tonnasi 156 ming so‘m bo‘lgan ko‘mirni bir necha baravar qimmat narxda sotib kelgan. Mahallalarga ko‘mir imtiyozli narxda etkazilgani haqidagi hujjatlar esa soxtalashtirilgan. Shu tariqa, mansabdor va uning qo‘l ostidagilar cho‘ntaklarini qappaytirishgan, aholi esa qish sovug‘ida ko‘mirsiz qolgan.

Popda esa “Vodiygazta’minot” tuman filiali rahbari, ombor mudiri, bosh hisobchi va abonent bo‘limi boshlig‘idan iborat jinoiy guruh qo‘lga olingan.

Jinoiy guruh 1 kilogrammi 644 so‘m 70 tiyin bo‘lgan suyultirilgan gazni aholiga 14 ming so‘mdan sotib, bir necha yil davomida minglab odamlarning mablag‘ini o‘zlashtirib kelgan.

Bundan tashqari, filial omboridagi 248 million so‘mlik gaz ballonlari, aholidan yig‘ilgan 115 million so‘mdan oshiq mablag‘ ham hujjatlar soxtalashtirilgan holda o‘marilgan. “Vodiygazta’minot” Pop tumani filiali rahbarlarning boshqa jinoyatlari ham aniqlangan.

XS
SM
MD
LG