Qashqadaryolik shaxs bokschi Mayk Taysonga taqlid qilib, do‘stining qulog‘ini tishlab uzdi. Joriy hafta shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
Mutaxassis: Noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida saraton kasalligi ko‘paymoqda
Saratondan aziyat chekayotganlarning 35 foizi noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli ushbu dardga chalinmoqda (“Jamiyat”, 2018 yil 12-son).
Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya markazi vakili Zafar Oxunov ma’lum qilgan. Shuningdek, tamaki chekish (30 foiz), organizmga virus tushishi (10 foiz), quyoshdan keladigan ultrabinafsha nurlar (5 foiz), alkogolli ichimliklar iste’mol qilish (2 foiz) ham onkologik kasalliklarni keltirib chiqarmoqda.
Ushbu og‘ir kasallikning nasldan naslga o‘tishi esa 5-10 foizni tashkil etadi. Respublika onkologiya markazi rahbari Mirzag‘olib Tillashayxovga ko‘ra, O‘zbekistonda onkologiya muassasalarini dori vositalari bilan ta’minlashga ajratiladigan mablag‘ yiliga 5,5 million dollarga yetkazildi.
Bu esa aholini o‘smaga qarshi dori vositalari bilan ta’minlashni 33 foizdan 90 foizga oshirish, yuqori texnologik davo usullariga bo‘lgan aholi talabini 70 foizgacha qoplash imkonini beradi.
Qashqadaryolik shaxs bokschi Mayk Taysonga taqlid qilib, do‘stining qulog‘ini tishlab uzdi
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida yashovchi 44 yashar shaxs quyushqonga sig‘maydigan qilmishni sodir etdi, deb xabar beradi Bosh prokuratura katta prokurori Alisher Mirzoev “Huquq” nashri orqali.
Ismi oshkor etilmagan shaxs mast holda do‘sti bilan gap talashib qolib, uning qulog‘ini tishlab, bir qismini uzib olgan. Jarohatlangan shaxs zudlik bilan Toshkentga jo‘nagan va poytaxtda bo‘yin qismidan teri ko‘chirish orqali murakkab jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.
Negaki, voqea joyidan quloq parchasini topishning imkoni bo‘lmagan. Bemor yana bir marta operatsiya qilingan. Sud-tibbiy ekspertizasi o‘ng quloqning uchdan ikki qismi tishlab uzib olingan, deb xulosa bergan. Jabrlanuvchi aybdor do‘stini uni kechirgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘uzor tumani sudi aybdorga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlagan. “Unga Taysonga taqlidning tovoni qimmatga tushdi” deb yozadi gazeta.
Namanganda fuqarolarga qo‘pol munosabatda bo‘lgan ichki ishlar xodimlari lavozimidan bo‘shatildi
Ichki ishlar vazirligi tizimida mudroqlikdan hamon uyg‘onmagan, mansabini suiiste’mol qilayotgan xodimlar uchramoqda (“Postda”, 24 mart).
Xususan, Namangan viloyatida ana shunday ikki xodim ishdan bo‘shatilgan. Olmos shaharchasi Ariqbo‘yi mahallasi profilaktika inspektori lavozimida ishlagan O‘.Ergashev fuqarolar bilan doimiy qo‘pol munosabatda bo‘lgan, kun tartibiga ham rioya qilmagan. Chust shahridagi Sabzazor mahallasi inspektori bo‘lgan F.Mamasiddiqov esa mansabini suiiste’mol qilgani uchun lavozimidan bo‘shatilgan.
Qayd etilishicha, tizimda olib borilayotgan islohotlarga panja orasidan qarayotgan xodimlar bilan bundan keyin ham murosa qilinmaydi.