Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:10

Akasi va yangasini bolta bilan chopib o‘ldirgan shaxs militsiyaga taslim bo‘ldi


Akasi va yangasini chopib o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan 46 yoshli Baxtiyor Shukurovga qidiruv e’lon qilingan edi.
Akasi va yangasini chopib o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan 46 yoshli Baxtiyor Shukurovga qidiruv e’lon qilingan edi.

Samarqandda uy ustida talashib akasi va yangasini chopib o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan 46 yoshli Baxtiyor Shukurov qotillik ro‘y berganidan ikki hafta o‘tib 29 mart kuni o‘z ixtiyori bilan militsiyaga taslim bo‘ldi. Marhum er-xotinning qarindoshi Ozodlikka bildirgan ushbu ma’lumotni viloyat huquq-tartibot organlari tasdiqladi.

14 mart kuni Kattaqo‘rg‘on tuman markazi - Payshanba shaharchasi, Kumushtola ko‘chasidagi xonadonda rafiqasi va 8 yoshli o‘g‘li bilan yashagan Baxtiyor Shukurov otasidan meros qolgan uydan chiqib ketishni talab qilib kelgan 58 yoshli akasi Abduqahhor va 55 yoshli yangasi Maqsudani bolta bilan chopib o‘ldirgani, keyin voqea joyidan g‘oyib bo‘lgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

Marhum er-xotinning ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan qarindoshi “qatil amaki”si 29 mart oqshomida o‘z ixtiyori bilan militsiyaga taslim bo‘lganini aytdi.

- Baxtiyor amakim xotini va o‘g‘lini militsiyada tinimsiz so‘roq qilaverishgach, kecha o‘z oyog‘i bilan militsiya bo‘limiga kirib bordi. Ikki haftadan beri militsiyadan qochib yurgandi. Militsiya uni ataylab qidirmadimi yo militsiyamiz shu qadar zaifmi, amakim qochib yuraverdi. Hozir militsiya uni hibsga olib, xotini va 8 yoshli farzandini qo‘yib yubordi, - dedi qotillik qurbonlarining qarindoshi.

Uning aytishicha, Baxtiyor Shukurovning xotini va 8 yashar o‘g‘li fojia yuz bergan kundan buyon deyarli har kuni so‘roqqa chaqirtirilgan.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Baxtiyor Shukurov 2003-2014 yillar oralig‘ida qaroqchilik va qotillik ayblovlari bo‘yicha bir necha marta qamalib chiqqan.

Oxirgi marta u 2014 yilda prezident amnistiyasi asosida ozod etilgan.

Marhum er-xotinning farzandi qonunan otasi nomidagi uy ustida janjal to‘rt yildan beri davom etib kelgani va amakisining o‘z yaqinlariga bolta-pichoq ko‘tarishi bilan yakun topganini aytdi.

- O‘sha kungi qotillik baqir-chaqirlari onamning telefoniga yozilib qolibdi. Amakim ataylab, boltani charxlab qo‘ygan ekanmi, kelsa o‘ldiraman, degan maqsadda, otam-onam kelishyapti, amakim xotiniga, ya’ni kelinoyimga “boltani olib chiq” deydi. Oldiniga onamni, keyin otamni bolta bilan chopib o‘ldiryapti. Baqir-chaqir, bu narsa Majburiy ijro byurosi xodimlari ko‘z oldida bo‘lyapti. Ular qochib ketishibdi. Qonga belanib yotganlarga yordam beradigan odam bo‘lmagan, - deydi qotillik ro‘y bergan oila qarindoshi.

Samarqand viloyati IIBning ismi ochiqlanmasligini istagan mulozimi qotillikda gumonlanib qidiruvda bo‘lgan Baxtiyor Shukurov 29 mart kuni qo‘lga olinganini tasdiqladi, hodisa yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi, qasddan odam o‘ldirish bo‘yicha ish ochilganini aytdi.

"14 mart kuni soat 15.30larda B. Shukurov uyida o‘zaro janjal oqibatida akasi, 1959 yilda tug‘ilgan A. Shukurovning boshi va qorniga bolta bilan urib jarohatlaydii Shu yerda bo‘lgan A. Shukurovning turmush o‘rtog‘i, 1962 qilda tug‘ilgan M.Shukurovaga ham bolta bilan tashlanib, ko‘ksiga pichoq uradi. Er-xotin olgan jarohatidan hayotdan ko‘z yumdi. Ularga bolta ko‘targan B. Shukurov qochib yurgandi, 29 mart kuni qo‘lga tushdi", - deb bildirdi Samarqand viloyati IIBsi rasmiysi.

Payshanba shaharchasidagi mahalla faolining Ozodlikka aytishicha, Abduqahhor Shukurov ukasi qamoqdaligida otasiga tegishli uyni o‘z nomiga rasmiylashtirgan.

Lekin, qotillik ro‘y bergan oila qarindoshlaridan biri Ozodlikka avval-boshdanoq Abduqahhor Shukurovning nomida bo‘lgan, hozir uning o‘g‘liga meros qolganini aytdi.

- Uy boshidan Abduqahhor amakimni nomida bo‘lgan. Baxtiyor amakim qamalib chiqqanidan so‘ng, uch-to‘rt yil oldin uyga xo‘jayinchilik qilib oldi. Amnistiya bilan chiqib olib, hammani qo‘rqitib, shunaqa qildi, - dedi bolta bilan chopib o‘ldirilgan er-xotin qarindoshi.

Hozirda aka-uka o‘rtasida qonli talashuvga aylangan uyda qotillikda ayblanib qo‘lga olingan Baxtiyor Shukurovning rafiqasi va 8 yoshli o‘g‘li yashamoqda.

O‘zbekistonda maishiy muammolar negizida sodir bo‘lgan boshqa shu kabi fojealar to‘g‘risida Ozodlik bir necha bor xabar qilgan.

27 mart kuni Farg‘onada aka eski Neksiya ustida talashib o‘z ukasini pichoqlab o‘ldirgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘tgan yil sentabr oyida Surxondaryoning Termiz shahrida uch farzandning onasi qaynonasi bilan uy-joy ustida talashib, uyiga o‘t qo‘yishi oqibatida 72 yoshli qaynona o‘tda yonib halok bo‘ldi, 9 yashar o‘g‘il kuyish jarohati oldi.

2017 yilning avgustida esa Farg‘onada 51 yoshli ota mashina ustida talashib, 27 yoshli o‘z o‘g‘lini, ustiga benzin qo‘yib, yoqib yuborgani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG