Линклар

Шошилинч хабар
16 январ 2021, Тошкент вақти: 17:47

Andijonda o‘qituvchilar maktab uchun archa ko‘chati sotib olishga majburlanmoqda


Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Bo‘z tumaniga jami 300 dana archa Andijon viloyat hokimligidan ajratilgan. 

Andijonning Bo‘z tumanida o‘qituvchilar hokimlik bosimi ostida o‘zlari ishlaydigan maktablarni obodonlashtirish uchun archa ko‘chatlarini bozor narxidan bir necha baravar baland narxda sotib olishga majburlanayotganliklarini aytishmoqda. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Bo‘z tumaniga obodonlashtirish maqsadida jami 300 dona archa ko‘chati Andijon viloyat hokimligi tarafidan ajratilgan. Maktablarga esa, har bir donasini 20 ming so‘mdan olish tayinlangan.​

Andijonning Bo‘z tumanidagi maktablardan birida ishlovchi o‘qituvchi Ozodlik bilan suhbatda bozorda donasi 3 ming so‘m bo‘lgan archa ko‘chati maktablarga 20 ming so‘mdan sotilayotganini aytdi.

- Maktabimiz hovlisiga archa ko‘chatlari olib kelindi va direktor majlis qilib¸ hamma ikkitadan ko‘chat olishi kerak. Donasi 20 ming so‘m. Hozir naqd to‘laysizlar yoki oyligingizdan chegirib qolinadi, dedi. Direktorni ham tushunsa¸ bo‘ladi uni hokim majburlagan. Lekin alam qiladigan tomoni bozorda 3 ming so‘m turadigan archa maktablarga 20 ming so‘mdan sotilyapti, pulini biz to‘lar ekanmiz¸ - deydi bo‘zlik o‘qituvchi.

Bo‘zdagi boshqa maktabning o‘qituvchisi ham archalar ularga majburlab sotilayotganini tasdiqladi.

- Maktablarga obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish uchun pul ajratilmaydi. Maktab direktori o‘zimiz, o‘z hisobimizdan qilishimiz kerak, ekan dedi. "O‘zimiz bozordan arzonroq olib kelib eksak bo‘lmaydimi", desak direktorimiz, yo‘q hokimlikni archasini ekishimiz kerak, bozordagi bo‘lmaydi, deb aytdi, - deydi bo‘zlik o‘qituvchi.

Ozodlik suhbatdoshlari maktab rahbarlarini archa ko‘chati sotib olishga majburlash orqali mahalliy hokimliklar bir o‘q bilan kamida ikki quyonni urayotgan bo‘lishini taxmin qilishadi.

- Bozorga chiqsangiz¸ bir tup archa 3 ming so‘m. Bizga 20 ming so‘mdan sotilyapti. Hokimlik bir o‘q bilan ikki quyonni uryapti. Ko‘chatni 9-10 baravar qimmat sotyapti, maktablarni ham o‘qituvchilar hisobidan obodonlashtiryapti, - deydi bo‘zlik o‘qituvchi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, Bo‘z tumaniga jami 300 dona archa Andijon viloyat hokimligidan ajratilgan.

Lekin, Bo‘z tumanidagi maktablarga majburan sotilayotgan archa ko‘chatlarini hokimlik aynan qaysi agrofirmalar¸ qanday narxda¸ qaysi davlatdan sotib olganiga oid ma’lumot yo‘q.

Ozodlik bu haqda izoh so‘rab Bo‘z tumani va Andijon viloyati hokimligiga bog‘landi.

Lekin, hokim yordamchilari bu haqda izoh berolmasliklarini aytishdi.

O‘zbekistonda o‘qituvchilar maktablar uchun archa ko‘chati sotib olishga majburlanishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

O‘tgan yili Xorazmning Shovot tumanidagi maktablarda ham o‘qituvchilarga archa ko‘chatlari majburlab sottirilgan. Kuzga borib esa ko‘chatlar qurib qolgan.

Maktablarda sarg‘ayib qurigan archalarni bo‘yash uchun o‘qituvchilardan yana pul yig‘ilgan edi.

XS
SM
MD
LG