Ijtimoiy tarmoqlarga tushgan videoda bog‘cha bolalarini kaltaklayotgani aks etgan tarbiyachi ayol ishdan bo‘shatildi. Bu holat, Mirziyoevning Jizzax viloyatiga safari arafasida, shahardagi 39-bog‘chada sodir bo‘lgan va bolalarni urgan tarbiyachining 37 yashar oliy ma’lumotli pedagog ekani aniqlangan.
Bog‘cha tarbiyachisining kichik yoshdagi bog‘cha bolalarini bir burchakka to‘plab olib, yuz-qo‘llariga papka bilan urayotgani aks etgan video 29 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.
Qator mahalliy nashrlar, jumladan Kun.uz nashrining xabar qilishicha, shundan so‘ng O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi (MTV) bu video tushirilgan bog‘chani aniqlash uchun tezkor tekshiruv o‘tkazgan.
Aniqlanishicha, video shu yilning 27 martida Jizzaxdagi 39-sonli "Navro‘z" bog‘chasida olingan.
MTV matbuot xizimatiga tayanib berilgan xabarga ko‘ra, bolalarni papka bilan urayotgan tarbiyachining shu bog‘chada 2007 yildan buyon ishlayotgan oliy ma’lumotli pedagog, 37 yashar Mohira Mamatqulova ekani aniqlangan.
"Surishtiruv davomida hodisa sodir bo‘lgan kuni oilaviy muammolari sababli kayfiyati bo‘lmagan. Tarbiyachi M.Mamatqulovaning 11 yillik ish faoliyati davomida kamchiliklar kuzatilmagani ma’lum qilindi", deya qo‘shimcha qiladi, jumladan, Gazeta.uz nashri.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda bu tarbiyachining ishi prokuraturaga oshirilgan. U bilan bog‘cha ma’muriyati o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi ham bekor qilingan. Shuningdek, MTV bog‘chaning 3 mulozimini ishdan bo‘shatgan.
Bundan tashqari, Jizzax shahar maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Faxriddin Qodirov ham lavozimidan olingan.
Videoni esa ushbu bog‘chada amaliyot o‘tayotgan talaba suratgan olgan va tarmoqlarda tarqatgan. Aytilishicha, bu talaba Jizzax davlat pedagogika instituti 1-bosqich talabasidir.
Bu video prezident Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyatiga 30-31 mart kunlari qilgan tashrifi arafasida tarmoqlarga tushdi.
Xabarda aytilishicha, hodisaga keskin chora ko‘rgan vazirlik 31 mart kuni viloyatdagi barcha bog‘cha rahbarlari, Jizzax shahridagi barcha bog‘chalar mudirlari va tarbiyachilarini yig‘ib, maxsus yig‘ilish o‘tkazgan.
Bundan bir yil avval - 2017 yilning mart oyida ham Surxondaryo viloyati Denov tumanining 10-bog‘chasidagi bolalarning tarbiyachilar tomonidan kaltaklanib, tahqirlangani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, keyinchalik nafaqat bu viloyat balki respublika bo‘ylab maktabgacha ta’lim muassasalarida tekshiruv boshlangani ma’lum bo‘lgan edi.