Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:58

Allamjonov prezident safari bilan bog‘liq ko‘zbo‘yamachiliklarga munosabat bildirdi


Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov.
Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov.

Prezident matbuot kotibi Komil Allamjonov 2 aprel kuni o‘zining Facebook sahifasida qoldirgan videosida prezident Shavkat Mirziyoev Jizzax viloyati Zarbdor tumaniga borganida “ko‘zbo‘yamachilik” bo‘lganidan xabari borligini aytdi.

Алламжонов президент сафари билан боғлиқ кўзбўямачиликларга муносабат билдирди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:04 0:00

Ozodlik radiosi 30 mart kuni bir-biridan mustaqil manbalarga tayangan holda Shavkat Mirziyoev yangi qurilgan "Zarbdor tekstil” shirkatiga borganida Zarbdordagi Qishloq xo‘jalik va Iqtisodiyot kolleji qizlari ish bilan ta’minlangan yoshlar rolini o‘ynab bergani, prezidentga bu qizlar yangi ishga kirgan tikuvchilar sifatida tanishtirilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

Ozodlik manbalari bu hodisani “prezident uchun uyushtirilgan shou” deb atashdi.​ Negaki “Zarbdor tekstil” hali ishga tushirilmagan korxona bo‘lgan.

Komil Allamjonov bu voqeani sharhlar ekan:

- Bundan bizning xabarimiz bor. Agar ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bu tikuv sexi 10 oy mobaynida yo‘q joydan barpo etilgan sex. Hozirda bu sex 100 foiz quvvatda o‘z ishini boshlagani yo‘q. 100 foiz quvvatda ishga tushirilishni ta’minlash jarayonida sex rahbarlari ushbu sex atrofidagi mahalladagi vaqtincha ishsiz bo‘lgan ayollar, ushbu korxonaga yaqin bo‘lgan kollejlardan ixtiyoriy ravishda talabgor qizlarni ish o‘rgatish va kelajakda kollejni bitirganlaridan keyin ishchi sifatida qabul qilinishi rejalashtirilib, hozir faqatgina tayyorgarlik jarayoni ketayapti, -deb aytdi.( Allamjonovning bildiruvidan so‘zma-so‘z ko‘chirildi-tahririyat)

Ozodlik 25 yanvar kuni Mirziyoev o‘tishi kerak bo‘lgan Qarshi-Qamashi yo‘lining ikki chekkasiga qator qilib parnik qurilayotgani aks etgan videotasvirni namoyish etgan edi.

16 mart kuni Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi fermerlardan biri viloyat hokimiyati dehqonlarni Mirziyoev korteji o‘tadigan yo‘l bo‘yiga parnik o‘rnatishga majburlayotganini bildirgan. Keyinroq bu parniklarning barchasi prezident ketganidan keyin o‘z holiga tashlab qo‘yilagni, bu ish ham ko‘zbo‘yamachlik maqsadida qilingani aytilgan.

Komil Allamjonov parniklar “ko‘zbo‘yamachilik” maqsadida qurilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni inkor etgan holda:

- Agarda bu issiqxonalar prezidentimiz ketganidan so‘ng yo‘q bo‘lib qolgan bo‘lsa, buzib tashlangan bo‘lsa yoki vaqtinchaligini isbotlovchi biron dalil-isbot bo‘lsa, fuqarolarimizdan iltimos qilamiz, bizga bildirsin. Bu noto‘g‘ri, bunday bo‘lishi mumkin emas. Bu issiqxonalar hozir yo‘q bo‘lsa mutassadi rahbarlarga, albatta, tegishli chora ko‘riladi,-deb bildirdi.

Komil Allamjonov prezidentning viloyatlarga safarlari paytida yo‘llar, hatto yomg‘ir yog‘ib turgan paytda ham kosmetik remont qilinayotgani to‘g‘risidagi videolardan ham xabari borligini aytdi.

Prezident matbuot kotibi bunday holatlar borligini e’tirof etar ekan, fuqarolarni “vaqtinchalik majburiy choralar”ga emas, “bunyodkorlik ishlariga” e’tibor qaratishga chaqirdi.

- Ko‘proq e’tiborni prezident shu yo‘ldan o‘tganlaridan keyin borgan manzillari va u yerda barpo etilgan turli ob’ektlar, binolar, uylar va korxonalarni yo‘qdan bor bo‘lganiga qaratsak, menimcha, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi, -dedi prezident Shavkat Mirziyoevning matbuot kotibi.

XS
SM
MD
LG