Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:21

15 yashar nevarasi o‘z akasidan tuqqani ortidan 66 yashar ayol o‘zini yoqdi


Andijon shahar Ishchilar mahallasida yashagan 66 yashar ayol 31 mart kuni o‘ziga o‘t qo‘ydi va 2 aprelda kasalxonada jon berdi.

O‘tgan yili dekabrda bu ayolning 9-sinfda o‘qiydigan nevarasi o‘z akasidan tuqqani shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi.

Ismi sir qolishini istagan mahalliy xalq ta’limi rasmiylaridan biriga ko‘ra, intsest voqeasi shahar hokimi tomonidan keskin tanqid qilingan. Ozodlik suhbatlashgan mahalladoshlariga ko‘ra, ushbu oila mahalliy rahbarlar tomonidan ham qayta-qayta izza qilingan.

Voqea yuz bergan Ishchilar mahallasi faollaridan birining Ozodlikka bildirishicha, o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol (marhuma va uning nevaralari ismi Ozodlikka ma’lum, axloq qoidalari tufayli oshkor etilmayotir – tahririyat) 3 aprel kuni dafn qilingan.

Andijon shahar Ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, 66 yashar ayol o‘z ustiga benzin sepib o‘t qo‘ygan va oqibatda 2 aprel kuni olgan jarohatlari tufayli kasalxonada jon bergan.

“Bu ish hozir bizda emas, shahar prokuraturasi tergov qilayapti. Barcha delolar o‘shalarda”, dedi mulozim.

Andijon shahar prokuraturasining Ozodlik bog‘langan rasmiysi telefon orqali bu haqda ma’lumot berolmasligini aytdi.

Marhumaning ismi sir qolishini so‘ragan qo‘shnilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda¸ nevarasining o‘z akasidan tuqqaniga oid gap-so‘zlar ko‘payib ketganiga chidolmaganidan keksa ayol joniga qasd qilganini aytadi.

“Dekabr oyida 6-maktab o‘quvchisi homilador bo‘lib qolgani haqida ilk xabar paydo bo‘lgan edi. O‘shanda qiz kimdan homilador bo‘lgani aytilmagandi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, 15 yashar qiz o‘z akasidan homilador bo‘lgan ekan. Keyin bularning kattabuvisini har joyga chaqirtiraverib, rosa sarson qilishdi. Singlisini homilador qilib qo‘ygan akasi noyabr oyida Rossiyada ishlayotgan onasi yoniga qochib ketgan ekan. Yaqinda bu qiz o‘g‘il tug‘di. Keyin yana gap-so‘z ko‘paydi. Shahar hokimi ham har majlisda shu voqeani qayta-qayta eslayverib, gap-so‘zlarning urchishiga sabab bo‘ldi”, dedi marhuma qo‘shnilaridan biri.

Ozodlik 2017 yil 18 dekabrida Andijon shahridagi 6-maktab 9-sinf o‘quvchisining homilador ekani aniqlanishi ortidan shahar maktablarida qizlarning bokiraligini tekshirish kuchaygani haqida xabar bergan edi.

Homilador bo‘lgan o‘quvchi qiz oilasini yaqindan bilgan andijonlik o‘qituvchilardan biri shaxsi sir qolish sharti bilan Ozodlikka shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning bu voqea haqida majlislarda juda ko‘p gapirganiga o‘zi guvoh bo‘lganini bildirdi.

“Hokim har yig‘ilishda bu haqda gapirardi. “Mana 6-maktabdagi o‘quvchi qiz kattabuvisining qo‘lida ekan, kattabuvisi mana bunaqa ekan, onasi Rossiyada ekan, mana 8-sinfda tug‘ib qo‘ydi, sharmanda”, deb har majlisda gapirardi. Kattabuvini hokimning xotin-qizlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, militsiya, prokuratura chaqirtiraverib, sarson qilib yubordi. Boshqa tomondan esa, odamlarning g‘iybati kattabuvini ado qildi. Menimcha, u bu gaplarga boshqa dosh berolmagan”, dedi shahar maktablaridan birining direktori.

5 aprel kuni voqeaga oydinlik kiritish va rasmiylar fikrini o‘rganish maqsadida Ozodlik Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaevning o‘zi bilan suhbatlashishga urindi¸ ammo u bilan bevosita bog‘lana olmadi.

O‘zini Rahmatullaevning yordamchisi Abbosbek deb tanishtirgan hokimlik vakili bu voqea haqida marhuma qo‘shnisi va maktab direktori Ozodlikka bildirgan iddaolarni batafsil eshitdi.

So‘ngra, hokimning ish bilan hududda yurganligi va barcha gaplarni unga yetkazib javob olishi va 6 aprelda qayta qo‘ng‘iroq qilishni so‘radi.

(Ozodlik Andijon shahar hokimligi bilan 6 aprel kuni bog‘lanadi va Dilmurod Rahmatullaev bayonot bergan taqdirda¸ uni ushbu maqolaga ilova qiladi - tahr.)

Ozodlikning Ishchilar mahallasi faollaridan biridan olgan ma’lumotiga ko‘ra, balog‘atga yetmagan singlisining nomusiga tajovuz qilganlikda ayblanayotgan aka¸ homiladorlik aniq bo‘lgandan keyin Rossiyaga qochib ketgan¸ ammo mart oyi boshida Rossiyadan qaytib kelgan.

Mahalla faolining aytishicha, insest sodir qilganlikda gumonlanayotgan aka ochiqda yurib, tergovga qatnamoqda, ular onasi esa hanuz Rossiyada - uning yaqin kunlarda qaytib kelishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG