Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 21:58

O‘zbekistonning “ijobiy imidjini yaratish” Tashqi ishlar vazirligiga topshirildi


Prezident Shavkat Mirziyoev 5 aprel kuni Tashqi ishlar vazirligini isloh qilish nazarda tutilgan “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tizimini tubdan takomillashtirish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishda uning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Jumladan, farmonda: “...Mamlakatdagi keng ko‘lamli o‘zgarishlar va respublikaning xalqaro tashabbuslari haqida jahon hamjamiyatini xabardor qilish ishlari sust tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatning ijobiy imidjini yaratish va xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlash vazifalari samarali bajarilishiga to‘sqinlik qilmoqda”, deyiladi.

Prezident bu muammoni hal etish maqsadida farmonda “milliy va xorijiy ekspertlar jamoalari, ommaviy axborot vositalari, jamoatchilik va ilmiy doiralar bilan muntazam hamda maqsadli axborot almashish ishlarini kuchaytirish orqali O‘zbekistonning ijobiy xalqaro nufuzini shakllantirishda “ommaviy diplomatiya” vositalarini faol qo‘llash” ko‘rsatmasini bergan.

Farmonda ta’kidlanishicha, buning uchun Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati negizida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi, Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar bo‘limi tashkil etiladi. “Jahon” axborot agentligi negizida esa “Dunyo” axborot agentligi va Media-markaz tuziladi.

Prezidentining “Iste’dod” jamg‘armasi Tashqi ishlar vazirligiga bo‘ysunadigan Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot markazi sifatida qayta tashkil etiladi.

Tashqi ishlar vazirligi amaliyotiga axborot-tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratish, xorijdagi vatandoshlar bilan har tomonlama muloqotni qo‘llab-quvvatlash, ularni savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ijtimoiy loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishga faol jalb qilish kabi vazifalar ham kiritilmoqda.

Farmonda O‘zbekistonning xorijdagi elchilari va diplomatlar uchun 2019 yilning oxirigacha Toshkentda 4ta ko‘p qavatli uy qurishga ham ko‘rsatma berildi.

Bundan tashqari xorijdagi o‘zbek diplomatlarining ish haqlarini ishlab turilgan mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqqan holda oshirish ham belgilangan.

XS
SM
MD
LG