Qirg‘iz Respublikasi parlamenti - Jo‘g‘o‘rku Kenesh prezident Sooronbay Jeenbekovning bosh prokuror Indira Joldubaevani mansabidan ozod qilish to‘g‘risidagi taqdimnomasini tasdiqladi. Qarorni yoqlab 105 deputat ovoz berdi, 2 nafari qarshi chiqdi.
Azattiq radiosining xabar qilishicha, parlament oldida davlat rahbarining taqdimnomasi bo‘yicha ma’ruza qilgan prezident ma’muriyati rahbari Muxamedkaliy Abilgaziev prokuratura o‘z vazifalarini bajarmaganini, inson huquqlarini qo‘pol tarzda buzganini aytib o‘tgan.
Bundan avval davlat rahbari taqdimnomasini Jo‘g‘o‘rqu Keneshning konstitutsiyaviy qonunchilik, davlat boshqaruvi, sud-huquq va reglament bo‘yicha qo‘mitasi tasdiqlagan edi. Unga qadar esa «Ata Meken» va «Respublika – Ata Jurt» fraksiyalari bosh prokuror hisobotini qoniqarsiz deya topgan edi.
Parlament deputati Janar Akaev majlisda bayonot berib mansablaridan ozod qilingan bosh prokuror va MXDQ raisi “siyosiy buyurtmalar” uchun javobgarlika tortilishi kerakligini aytgan edi.
«Qirg‘iz amaldori uchun eng katta jazo -bu uning iste’fosidir. Biz buni tushundik. MXDQ raisi, bosh prokuror insonlar taqdiri bilan o‘ynashdilar va bu yerda [parlamentda] takabburona o‘tirishdi, bizga qarshi bo‘lishdi. Nima uchun biz ularni eng katta sifatida iste’foga chiqarish bilan cheklanib qolishimiz kerak? Bunaqa bo‘lishi kerak emas. Ular insonlar taqdiri va siyosiy buyurtmalar uchun javob berishi kerak. Biz ularni javobgarlikka tortishimiz kerak, toki MXDQning yangi raisi va bosh prokuror siyosiy buyurtmalarni bajarmasinlar», - dedi Akaev.
Indira Joldubaeva bu mansabga 2015 yilning yanvarida o‘sha vaqtdagi prezident Almazbek Atambaev tavsiyasiga ko‘ra parlamentdagi ko‘pchilik ovoz bilan tayinlangan edi. Bosh prokuror lavozimiga hech kimga yaxshi tanish bo‘lmagan, jamoatchilik tanimaydigan insonning tayinlanishi ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan edi. Shu bilan birga uning bosh prokurorligi vaqtida ayrim muxolifat vakillariga, deputat va siyosatchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zatildi, ulardan ayrimlari qamoqqa tashlandi.