Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:06

Buxoroda bank xodimlari mijozlar qarzini oyliklaridan qoplashga majbur bo‘layotganidan arz qildi


"Mikrokreditbank"ning Buxoro viloyat filiali xodimlari nomidan Ozodlikka kelgan shikoyatda bankdan kredit olib, uni to‘lay olmagan mijozlar qarzi bank xodimlari ish haqidan undirilayotgani aytilgan.

Shikoyatchilar iddaosiga ko‘ra, ularni ishdan haydash tahdidi bilan majburiy tarzda “rozilik arizasi” yozdirib olingan.

"Mikrokreditbank" rasmiylari majburlash holati borligini inkor qilishdi, biroq ixtiyoriy tarzda bank xodimi oyligidan mijoz qarzini qoplash holatlari uchrashini tan olishdi.

"Oyligimizdan mijoz qarzi uchun ushlanayapti"

Ozodlikka Telegram tarmog‘i orqali yo‘llangan murojaatda “300ga yaqin bank ishchisi o‘z oyligidan mijozlar qarzini qoplashga majburlanayotgani” yozilgan:

“Mikrokreditbank" Buxoro viloyati rahbari Shukurullo Hakimov 300ga yaqin ishchi xodim va ularning 1000dan ortiq oila a’zolarini och qoldirmoqda. U 2018 yilning yanvar oyidan boshlab, bank xodimlarining qonini ichmoqda, ya’ni arizasini majburlab olib, filial rahbarlari va bosh buxgalterlarini ishdan olaman deb, kredit bo‘yicha har oygi asosiy qarzi yopilgan mijozlarning foiz qarzdorliklarini bank xodimlarining ish haqidan undirmoqda. Xo‘sh, oyligi foiz qarzdorligiyu kredit qarzdorligiga yopilayotgan bank xodimlari endi nima yo‘l bilan oila boqsin?”, deyiladi Buxoro viloyat "Mikrokreditbank" xodimlari nomidan yo‘llangan murojaatda.

"Mijoz qarzi uchun bank xodimi oyligidan ushlangan holatlar bor"

Ozodlik muxbiri vaziyatni o‘rganish uchun "Mikrokreditbank"ning Buxoro viloyatidagi bo‘limlari bilan bog‘landi. Surishtiruvlardan ma’lum bo‘lishicha, mijoz qarzini to‘lay olmagan holatda unga kredit berilishiga mas’ul bo‘lgan bank xodimining arizasiga ko‘ra, uning oylik maoshidan mijoz qarzini qoplash holatlari uchrab turadi.

“Kreditchi uchun mas’ul bo‘lgan bank xodimi o‘z mijozining qarzini qoplash holatlari bor. Bu faqat arizaga ko‘ra amalga oshiriladi. O‘zining ish haqidan ana shu kreditchining kreditini yopishga rozilik bildiraman, deb ariza yozib beradi. Kassir bo‘ladimi, bo‘lim boshlig‘i bo‘ladimi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, arizasiga asosan plastik kartochkasidan biz olib tashlaymiz. Ish haqi plastik kartochkasiga tushadi. Biz arizaga asosan plastik kartochkaga tushgan pulni beznalichniy terminal orqali ana shu kreditni qoplash uchun deb tashlagan holatimiz bor. Bitta yoki ikkita bo‘lishi mumkin”, dedi "Mikrokreditbank"ning Buxoro viloyatidagi bo‘limlaridan birining mas’uli.

Ozodlik suhbatlashgan bank xodimlarining iddaosicha, ayrim holatlarda mijozga kredit berilishiga mas’ul bo‘lgan bank xodimi mulozimlar talabi bilan o‘z oyligidan mijoz qarzini qoplashga majbur qoladi.

“Rahbarlar mijoz qarzini to‘lay olmay qolsa, unga kredit berilishiga mas’ul bo‘lgan bank xodimini siquvga oladi. Ba’zida olingan garov vaqtida sotilmay qoladi yoki kafillikka olgan shaxs ham bankrot bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shunday payt mas’ul bo‘lgan bank xodimi mijoz qarzini o‘zi to‘lagan holatlari bor”, dedi ismini oshkor qilmagan bank xodimi.

Bankir Hakimov: Majburlash yo‘q!

"Mikrokreditbank"ning Buxoro viloyat filiali rahbari Shukurullo Hakimov Ozodlik bilan suhbatda mijoz qarzini to‘lash uchun bank xodimini majburlash holatlari borligini inkor qilib, bu mutlaqo xodimning ixtiyoriy arizasiga ko‘ra, amalga oshirilishini ta’kidladi:

- Haqiqatdan ham har bir xodimimizga kreditni so‘ndirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Lekin ularning ish haqini olish yo ish haqini qirqish yo boshqa narsa viloyat vakolatida emas. Keyin xodimlarimizning o‘zi kafil bo‘lgan bo‘lishi mumkin qaysidir mijozga kredit olishida yo o‘zining qarindoshiga olib bergan bo‘lishi mumkin. Unda ham o‘zining arizasini yozsagina respublika buxalteriyasi o‘tkazib beradi, bo‘lmasa, o‘tkazmaydi. Kelib ko‘rishingiz mumkin, majburiy tarzda hech kim hech qachon ariza yozmaydi. Ish haqidan kreditni yopsin, ish haqidan majburla degan narsadan yiroqdamiz, - dedi Shukurullo Hakimov 11 aprel kuni.

Mikrokreditbankning Buxoro viloyati rahbari Shukurullo Hakimov bilan suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:52 0:00
Бевосита линк

Xodim oyligidan mijoz qarzi uchun ushlash qonuniymi?

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Bank xodimi oyligidan uning arizasiga ko‘ra, mijoz qarzini qoplash qonunda ko‘zda tutilganmi?

Bu savolga javob bergan O‘zbekiston Adliya vazirligining Inson huquqlarini himoya qilish boshqarmasi xodimiga ko‘ra, bu holat har bir tashkilotning ichki tartib nizomida qayd qilingan bo‘lishi lozim:

“Bank xodimi mijoz qarzini to‘lashi haqida biror qonun normalarda belgilanmagan. Lekin ularning roziligi bilan oylik haqidan mijoz qarzi uchun to‘lanishi o‘sha tashkilotning ichki tartib nizomida belgilanishi lozim. Aks holda bu noqonuniy bo‘ladi”, dedi Adliya vazirligi xodimi.

Bosh hisobchi: Xodim, agar xohlasa, mijoz qarzini oyligidan qoplashi mumkin

"Mikrokreditbank"ning Toshkentdagi bosh boshqarmasi bosh hisobchisi Shuhrat Boltaev Ozodlik bilan suhbat davomida bank xodimlarining mijoz qarzini o‘z maoshlari hisobidan qoplash holatlari borligini tan oldi.

Uning aytishicha, bu holat bankning ichki tartib nizomida ko‘zda tutilgan. Lekin Boltaev xodimlar maoshidan mijoz qarzini yopish uchun majburan ushlab qolinayotganini rad etdi.

- Ish haqidan majburan yopttirtirish bu holat menda yo‘q. Ofitsialniy aytaman, menda yo‘q,- dedi Shuhrat Boltaev 11 aprel kuni

“Bank xodimi arizani majburiy yoki ixtiyoriy tarzda yozganini qanday aniqlaysizlar?” degan savol va boshqa savollarimizga "Mikrokreditbank"ning Toshkentdagi bosh boshqarmasi bosh hisobchisi Shuhrat Boltaev bergan javoblarni quyidagi suhbatda tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:57 0:00
Бевосита линк

"Mijoz qarzi uchun bankirni moddiy jazolash mumkin emas"

O‘zbekiston Markaziy bankining ismini ochiqlamayotganimiz mulozimi mijoz qarzini to‘lay olmagan holatda unga kredit berilishiga mas’ul bo‘lgan bank xodimi bank tomonidan moddiy javobgarlikka tortilishi qonunga zidligini ta’kidladi:

“Mijozga kredit berishda mas’ul bo‘lgan shaxs kreditni qaytarish talablarini yetarli darajada ko‘zda tutmagan holatda, ya’ni mijoz qarzni qaytara olmay qolgan holatda bank xodimiga xaysan berilishi mumkin, uni lavozimini pasaytirish yoki boshqa bo‘limga o‘tkazish bilan jazolash mumkin. Balki ishdan olinar. Lekin mijoz qarzini bank xodimi hisobidan, uning oylik maoshidan undirish mumkin emas”, dedi Markaziy bank mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

P.S. Ozodlik ushbu mavzuni Buxoro viloyati misolida o‘rgandi. Agar siz bank xodimi bo‘lib, shu kabi holatlarga duch kelgan bo‘lsangiz Ozodlik bilan bog‘laning! Telegram, WhatsApp tarmog‘idagi raqamlarimiz: +420 724 971 539; +420 724 740 755.

XS
SM
MD
LG