Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2025, Тошкент вақти: 20:32

AQShning YeXHTdagi missiyasi Bobomurod Abdullaev qiynoqqa solinganidan tashvish bildirdi


AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidagi missiyasi o‘zbekistonlik jurnalisti Bobomurod Abdullaev hibsda qiynoqqa solingani haqidagi xabarlardan tashvishda ekanini bildirdi. 12 aprel kuni chiqargan bayonotda O‘zbekistonda 2016 yil Shavkat Mirziyoev hokimiyatga kelganiden beri bir qator jurnalistlar ozod etilgani olqishlangan, Abdullaev ustidan sud adolatli hukm chiqarishiga umid bildirilgan.

AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotidagi missiyasi 12 aprel kungi bayonotida O‘zbekistonda Dilmurod Saidov, Yusuf Ro‘zimurodov va G‘ayrat Mihliboev kabi jurnalistlarning ozod etilganini olqishlagan.

Ayni paytda missiya O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumga tajovuzda ayblanayotgan jurnalist Bobomurod Abdullaev hibsda qiynoqqa solingani haqidagi xabarlardan tashvishda ekanini bildirgan.

"Qo‘shma Shtatlar Shavkat Mirziyoevning 2016 yilda hokimiyatga kelganidan beri yigirmadan ziyod mahbusni ozod etganini olqishlaydi. Ayni paytda jurnalist Bobomurod Abdullaev taqdiri, unga qiynoq qo‘llanilgani haqidagi xabarlardan tashvishda. Jurnalist ustidan sudning ochiq va shaffof o‘tkazilayotgani alal oqibat adolatli qaror topishiga umidlantiradi", - deyiladi bayonotda.

Bobomurod Abdullaevning MXX hibsxonasida qiynoqlarga tutilgani haqida 3 mart kuni u bilan uchrashgan advokat Sergey Mayorov ma’lum qilgan.

Bobomurod Abdullaevning o‘zi ham jamoatchilik uchun ochiq o‘tkazilayotgan mahkamada o‘zining shafqatsiz qiynoqlar va noinsoniy muomalaga tutilganini aytgandi.

7 mart kungi dastlabki mahkamada hakam advokatning talabini qondirgan va qiynoq iddaolarini tekshirish uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlagandi.

Lekin, hukumat ekspertizasi Bobomurod Abdullaevga qiynoq qo‘llanilganini rad qildi.

Jurnalist Bobomurod Abdullaev¸ bloger Hayot Nasriddinov¸ tadbirkorlar Ravshan Salaev va Shavkat Olloyorovlar O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 159-moddasi (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz) bo‘yicha ayblanmoqda.

O‘tgan yilning 27 sentabrida MXX tomonidan hibsga olingan Bobomurod Abdullaev 2011 yildan "Usmon Haqnazarov" imzosi ostida "amaldagi tuzumni o‘zgartirishga chaqiruvchi" maqolalar chop etish va O‘zbekistonda "inqilob qilish"ga urinishda gumon qilinmoqda.

12ta xalqaro tashkilot O‘zbekiston hukumatidan Bobomurod Abdullaev, Hayot Nasriddinov va Akrom Malikovni ozod etishni talab qilgan edi.

XS
SM
MD
LG